O‘zbekiston | 11:30 / 01.04.2022
9020
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda oilaviy korxona rahbaridan pul talab qilgan gaz ta’minoti bo‘limi va SEOJSB xodimlari ushlandi

Ulardan biri loyiha hujjatlarini tayyorlab berish uchun, ikkinchisi esa muvofiqlik sertifikati berish uchun tadbirkordan pul talab qilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departament hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan “K.L.” oilaviy korxona rahbarining murojaatiga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda, Sharof Rashidov tumani gaz ta’minoti bo‘limi loyihachisi M.A. qolipli non ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun loyiha hujjatlarini tayyorlab berish evaziga oilaviy korxona rahbaridan 2,8 million so‘m olayotganda ushlangan.

Shuningdek, Jizzax viloyati Sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi laboratoriya mudiri U.U. “K.L.” oilaviy korxonasiga ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun muvofiqlik sertifikatini tanishlari orqali tayyorlab berish evaziga tadbirkordan 2,1 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid