O‘zbekiston | 16:58 / 05.04.2022
9162
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda YTHlar oqibatida qariyb 2 yarim ming kishi halok bo‘lgan

Bugun, 5 aprel kuni Senatda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Majlis davomida davlat xaridlari, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi, ayrim raqamlar ochiqlandi. 

Qayd etilishicha, 2019 yilda 8 092 ta yo‘l-transport hodisasida, jami 9 ming 990 nafar fuqaro jarohatlanib, shundan 2 ming 67 nafari halok bo‘lgan bo‘lsa (o‘lim ko‘rsatkichi 20,7 foiz), 2020 yilda 6 982 ta YTHda 8 ming 553 nafar fuqaro jarohatlanib, 1 ming 962 nafari halok bo‘lgan (o‘lim ko‘rsatkichi 23 foiz).

2021 yilda esa 10 001 ta yo‘l-transport hodisasida 9 ming 230 nafar fuqaro jarohatlanib, 2 ming 436 nafari halok bo‘lgan (o‘lim ko‘rsatkichi 21 foiz).

Bundan oldin Toshkentda YTHlar ko‘proq qaysi tumanlarda yuz berishi ma’lum bo‘lgandi

O‘tgan yil poytaxtda jami 1 073 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, ularning 114 tasi o‘lim bilan bog‘liq bo‘lib, 142 nafar fuqaro vafot etgan. 

Yo‘l-transport hodisalari ko‘proq Chilonzor, Yunusobod va Olmazor tumanlarida ro‘y bergan. Sabablari aholi soni, yo‘llar uzunligi va ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari salmog‘i ko‘pligi, mazkur tumanlar poytaxtni viloyat hududi bilan bog‘lashi, transport vositalari shahar hududiga kirib-chiqishi yuqoriligi bilan izohlangan.

Mavzuga oid