Iqtisodiyot | 22:00 / 06.04.2022
48755
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Britaniya Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi

Bucha qirg‘ini ma’lum bo‘lishi ortidan, Rossiya bank tizimining uchdan birini tashkil etuvchi Sberbank AQSh va Britaniya sanksiyalari ostida qoldi. Vashington RFdagi eng yirik xususiy bank bo‘lmish Alfa-bank aktivlarini ham muzlatdi. Sanksiyalar paketidan, shuningdek, Rossiyaga investitsiya kiritish va boshqa taqiqlar ham o‘rin olgan.

Foto: Maksim Blinov / RIA «Novosti»

AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaga bosqini sabab Rossiyaga navbatdagi sanksiyalarni e’lon qildi.

Ikki mamlakatning bir vaqtda e’lon qilingan sanksiyalaridagi asosiy umumiylik – Rossiyaga investitsiya kiritish taqiqlanishi va Rossiyaning eng yirik banki bo‘lmish Sberbank aktivlari muzlatilishi bilan bog‘liq.

AQShning Rossiyaga kiritayotgan yangi sanksiyalari:

  • Rossiyaning eng yirik banki Sberbank va eng yirik xususiy banki Alfa-bankka nisbatan to‘liq bloklovchi sanksiyalar – ularning AQShdagi aktivlari muzlatiladi, AQSh sub’yektlariga bu banklar bilan ish yuritish taqiqlanadi (bu xabardan keyin Sberbank aksiyalari sezilarli arzonlashdi);
  • AQSh fuqarolari va kompaniyalariga Rossiya iqtisodiyotiga investitsiya kiritish taqiqlanadi;
  • Rossiya hukumatiga qarashli yirik kompaniyalarga nisbatan to‘liq bloklovchi sanksiyalar (kompaniyalar ro‘yxati ertaga e’lon qilinadi);
  • Rossiya AQSh yurisdiksiyasidagi mablag‘lar yordamida o‘z qarzlarini to‘lay olmaydi;
  • Rossiya elitasi – prezident V.Putinning voyaga yetgan farzandlari, TIV rahbari S.Lavrovning rafiqasi va qizlari, bosh vazir M.Mishustin, RF Xavfsizlik kengashi raisi D.Medvedev va kengashning boshqa qator a’zolariga nisbatan personal sanksiyalar – ularning hisobraqamlari muzlatiladi;
  • Rossiya hukumatining qator vakillari – bosh vazir o‘rinbosari, adliya vaziri, moliya vaziri, Prezident administratsiyasi rahbari, Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, Federal bojxona xizmati raisi, Moskva meri, Peterburg gubernatori, prezidentning ayrim rasmiy vakillariga nisbatan personal sanksiyalar.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, sanksiyalar Rossiya bank sektorining uchdan ikki qismini qamrab oladi. AQSh davlat kotibining o‘rinbosari Vendi Sherman sanksiyalarning ko‘lami Xitoy uchun “yaxshigina belgi” bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, yana bir bor rasmiy Pekinni Rossiyaga moddiy yordam berishning oqibatlaridan ogohlantirdi.

Buyuk Britaniya Rossiyaga kiritayotgan yangi sanksiyalar:

  • Sberbank va Moskva kredit bankining aktivlari muzlatiladi;
  • Rossiyaga investitsiya kiritish taqiqlanadi (birgina 2020 yilning o‘zida Britaniya Rossiyaga 11 mlrd funt investitsiya kiritgan);
  • temir va po‘latdan ishlangan mahsulotlarni Rossiyadan import qilish taqiqlanadi;
  • neftni qayta ishlash uskunalarini Rossiyaga eksport qilish taqiqlanadi;
  • Britaniya 2022 yil oxirigacha Rossiyadan ko‘mir va neft importini to‘xtatadi;
  • Rossiyaning 8 nafar oligarxiga nisbatan personal sanksiyalar (SGM xo‘jayini Boris Rotenberg, “Gazprombank” rahbari Andrey Akimov, “Novatek” xo‘jayini Leonid Mixelson, “Akron” kompaniyasi egasi Vyacheslav Kantor ham shular jumlasidan).

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan yangi jazo choralari haqida ertaga, 7 aprel kuni e’lon qilishi kutilmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, YeIga a’zo mamlakatlar sanksiyalar ko‘lami borasida hozircha bir to‘xtamga kela olmayapti.

Manbalarga ko‘ra, Yevrokomissiyaning yangi sanksiyalar paketiga RFdan ko‘mir va kauchuk importini taqiqlash, RFga yarimo‘tkazgichlar va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyalari eksportini to‘xtatish kabilar kiritilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida Rossiya harbiylari qariyb bir oy davomida nazorat qilib kelgan Kiyev yaqinidagi qator hududlarni tark etgan, ular ketgach bir nechta aholi punktlari, xususan Bucha shahrida ko‘plab tinch aholi vakillarining jasadlari vahshiylarcha o‘ldirilgan holatda topilgan edi.

G‘arb mazkur voqeaga harbiy jinoyat sifatida qarab, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar va’da qilgan edi. Rasmiy Moskva jasadlarni sahnalashtirilgan deb atab, rus qo‘shinlari egallab turgan joylarda birorta ham tinch aholi vakiliga ziyon yetkazilmaganini iddao qilgan.

Mavzuga oid