Jamiyat | 11:35 / 09.04.2022
21468
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonga avtobusda olib kelingan kamon” - o‘zbekistonlik kamonchi-sportchilar Paralimpiya o‘yinlarida qatnashmoqchi

Kamondan o‘q otish – ko‘ringanidan ko‘ra ancha ko‘p kuch va diqqat talab qiladigan sport turi. U insonni jismoniy chiniqtirishdan tashqari aqliy jihatdan ham rivojlanishga yordam beradi. Bu sportning “compound bow” turi O‘zbekistonda hali yangi. Bugungi hikoyamiz “compound bow” kamondan o‘q otish sporti bilan shug‘ullanayotgan imkoniyati cheklangan sportchilar haqida.

Chilonzor tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida imkoniyati cheklangan bir guruh sportchilar kamondan o‘q otishning “compound bow” turi bilan shug‘ullanmoqda. Kamondan o‘q otishning bu turi O‘zbekistonda hozircha yangi, o‘zbek tiliga tarjima ham qilinmagan, lekin so‘zma-so‘z “aralash ipli kamondan o‘q otish” deyish mumkin.

Paralimpiya qo‘mitasining kamondan o‘q otish bo‘yicha terma jamoa a’zosi, murabbiy Ubaydulla Imomqulov mazkur sport turi, uning O‘zbekistonga kirib kelishi tarixi va sportdagi rejalari haqida gapirib berdi.

Kamondan o‘q otishning “compound bow” turi haqida

Kamondan o‘q otish sportining aynan biz mashg‘ulot olib borayotgan “compound bow” turi O‘zbekistonga 2018 yilda kirib keldi. Ungacha kamondan o‘q otishning klassik turi mavjud bo‘lib, sog‘lom sportchilar orasida ommalashgandi. “Compound bow” turini O‘zbekistonga olib kirishda tashabbus ko‘rsatdim. Hozirda uni imkoniyati cheklangan sportchilar orasida ommalashtirish uchun harakat qilyapman. Sog‘lom sportchilar orasida ham keng tarqalishi uchun harakat qilishni rejalashtirganman.

Kamondan o‘q otish sporti insonning nafaqat jismoniy, balki aqliy rivojlanishiga ham yordam beradi.

Kamondan o‘q otishning klassik va “compound bow” turlari orasida farqlar bor. Klassik tur Olimpiya o‘yinlariga kiritilgan, biroq “compound bow” Olimpiya o‘yinlari ro‘yxatida yo‘q, u Paralimpiya o‘yinlari sport turlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Bundan tashqari, kamonning ipida ham farqlar bor.

“Baxsiz tasodif bilan o‘ng qo‘limdan ayrilganman”

2005 yilda baxsiz tasodif bilan o‘ng qo‘limdan ayrilganimdan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib sog‘lom muhitni shakllantirishim uchun nima qilishim mumkin deb o‘ylay boshladim. Keyin amputantlar futbol jamoasiga borib mashg‘ulotlarda qatnashdim, biroq chap qo‘limni ham sindirib olgach, shifokor suyaklarim mo‘rt ekani, futbol menga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdi.

Shundan so‘ng 2009 yildan 2014 yilgacha yugurish sporti bilan doimiy shug‘ullanib, muntazam ravishda O‘zbekiston chempioni bo‘lib keldim, xalqaro musobaqalarda qatnashdim. Lekin turli jarohatlar olib bu sport turini ham tashlashga majbur bo‘ldim.

Shundan so‘ng kamondan o‘q otish sportiga qiziqib qolib, aynan “compound bow” turini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha harakat qildim. Bu davrda turli tashkilotlarga murojaat qildim, jahondagi mashhur sportchilar bilan, kamondan o‘q otish texnikalarini sotadigan do‘konlar bilan bog‘landim. Moddiy qo‘llab-quvvatlaydigan biror tashkilot topa olmagach, avtobusda Ukrainaga borib, u yerdan “compound bow” kamonini sotib olib, O‘zbekistonga keldim.

Imkoniyati cheklanganlar bemalol kelishi mumkin

Dastlab, bu sport turi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot olib bordik. Boshida qiyin bo‘ldi: viloyatlarga borib, imkoniyati cheklangan sportchilarni izladim. Hozir 9 kishi bilan doimiy shug‘ullanyapmiz. Agar kimda xohish bo‘lsa, uni jamoaga olishga tayyormiz. Mashg‘ulotlar bepul.

Asosiy maqsad

O‘tgan yili “compound bow” kamondan o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston birinchi chempionatini ham o‘tkazdik.

Asosiy maqsadimiz - 2024 yilgi Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish. Ungacha bo‘lgan jarayonlarda ham turli musobaqalarda qatnashishimiz zarur.

Paralimpiya qo‘mitasi bu sport turini ham o‘z hisobiga qo‘shdi, e’tibor qaratishni rejalashtirgan.

To‘g‘ri, hozircha muammolarimiz ham bor, bu, asosan, jihozlar bilan bog‘liq. Sababi, har bir sportchining o‘z kamoni bo‘lishi kerak, hozir sportchilar shug‘ullanayotgan kamonlar faqat mashg‘ulotlarga ixtisoslashgan, professional emas.

Paralimpiya qo‘mitasi va boshqa mas’ul tashkilotlar O‘zbekiston uchun hali yangi bo‘lgan ushbu sport turi bilan shug‘ullanayotgan sportchilarga doimiy e’tibor qaratadi, degan umiddamiz.

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov.
Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid