Jamiyat | 16:26 / 10.04.2022
40262
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir «oshibka»san, xolos» - Xo‘jaylida ayol yosh bolalarini kaltaklab, xo‘rlashi aks etgan video tarqaldi 

Bu videolar 2020-2021 yillarda olingan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum ayol yosh bolalarga ozor berayotgani aks etgan videolavha tarqaldi

Ma’lum bo‘lishicha, Xo‘jayli tumanida yashovchi ayol o‘zining bog‘cha yoshidagi ikki qizini tinimsiz ravishda kaltaklab keladi. Bu haqda Kun.uz’ga xabar bergan o‘quvchi holat muntazam ravishda davom etib kelayotganini aytgan. Qizlarning kattasi 5, kichigi 3 yoshda.

Turli vaqtlarda olingan videolarda u farzandlariga quyidagicha munosabatda bo‘ladi:

«Yaxshilab qara. Ko‘zing oqib tushardi. Men foto qo‘yolmayman. Dadang esa qo‘rqoq. Kolyaskaning temiri peshonasiga tegdi. Ko‘ziga tegishi kerak edi. Tekkanda ko‘zi oqib tushardi»

«Hoy, yetimcha! Itga ham keragi yo‘q yetimcha. Sen birovga kerak bo‘lganingda, biz uchalamiz bunday qilib o‘tirmasdik» 

«Itga ham keragingiz yo‘q, yetimchalar. Hozir pichoqlab so‘yib tashlasam ham, birov nega so‘yding, demaydi. Itga ham keragingiz yo‘q, yetimchalar. Bildingmi, Shodiyona, hech kimga keraging yo‘qligini?!» 

«Haromi, keraging yo‘q. Bir “oshibka”san, xolos. Jirkanaman sendan, Shodiyona. Sendan ham, dadangdan ham jirkanaman. Qaytib seni quchoqlamayman. Qizim demayman. Yetimcha, tashlandiqsan». 

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘z bolalarini kaltaklab videoga olgan ayol bundan olti yil ilgari turmush o‘rtog‘i tomonidan mahalliy urf-odatga ko‘ra olib qochilgan. O‘rtalarida qonuniy nikoh tuzilmagan.

Ayol bolalarning otasi Rossiyada ekanida bu videolarni unga jo‘natish uchun olgan.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi. 

Qayd etilishicha, 2022 yil 29 mart kuni Xo‘jayli tumanida yashovchi fuqaro A.A. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U 2021 yil iyul oylaridan boshlab turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalaridagi o‘zaro kelishmovchilik sababli ayoli o‘zining ikki nafar voyaga yetmagan qizlarini urib, ularga azob berib kelayotgani, shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishda amaliy yordam berishni so‘ragan. 

«Shu bilan birga, joriy yilning 9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirda, ayol tomonidan o‘zining voyaga yetmagan farzandlari – 2017 yilda tug‘ilgan X.Sh. hamda 2019 yilda tug‘ilgan X.A.ni har xil so‘zlar bilan haqoratlab, ularning ojiz ahvoldaligini bilaturib, do‘pposlayotgani tasvirlangan. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 110-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi X.F.ga nisbatan protsessual cheklov chora belgilash masalasi ko‘rilmoqda», deyiladi rasmiy xabarda. 

Ma’lumot uchun, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, davlat bolaning shaxsi daxlsizligini ta’minlaydi hamda bolani zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshiradi.

Mavzuga oid