Fan-texnika | 13:47 / 12.04.2022
95158
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivojida qanday to‘siqlar mavjud? Bu haqida dasturchilardan eshitamiz

Dasturchilar Alisa (Yandex), OK Google (Google) va Siri (Apple) kabi ovozli qidiruv tizimlarining o‘zbek tilidagi varianti bo‘lgan UzbekVoice loyihasini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar haqida o‘zaro suhbatlashishdi.

Dunyoda sun’iy ong orqali boshqaruv rivojlanayotgan davrda mushkul ishning o‘zi qolmayapti. Oddiy ovozli xabar orqali boradigan hududni aniqlash, matnni tarjima qilish, kerakli ma’lumotni topishda ham ovozli dasturlar juda qo‘l keladi. Ammo ularga ingliz yoki rus tillarida gapirish kerak.

Endi O‘zbekistonda ham shunday dasturlar yaratildi va qo‘rqmasdan unga o‘zbek tilida murojaat qilib, tarjimalarda, matnlar yaratishda, xaritadan foydalanishda yordam so‘rash mumkin. Eng qizig‘i u orqali avtomobil boshqarish imkoniyati ham mavjud.

 Sun’iy ong asosida boshqariladigan bunday kerakli va qiziqarli dasturlar haqida Kun.uz dasturchisi Botir Ziyatov o‘zining Youtube sahifasida birinchi bo‘lib ma’lumotlar berib bormoqda. Kanalda O‘zbekistondagi IT mutaxassislari bilan suhbatlar va tahlillar taqdim etib boriladi.

Foto: IT Park

Ko‘rsatuvning navbatdagi sonida o‘zbek tilida ishlaydigan ovozli yordamchi dastur haqida ma’lumot berildi.

2021 yilda o‘zbek tilida sun’iy intellekt bilan ishlash uchun UzbekVoice loyihasi ustida ish boshlangan edi. Loyihaning maqsadi o‘zbek tilidagi date set yig‘ish va undan bepul foydalanish uchun boshqalarga ham ulashish. UzbekVoice dasturi asoschisining aytishicha, o‘zbekcha ovozli yordamchi dasturida hozir 270 soatlik ma’lumotlar mavjud va ulardan butun dunyo miqyosida foydalanish mumkin. Muallif aslida bu hali kamligini, keyingi dovon 1000 soat, 10 ming soat bo‘lishini aytadi. Shuningdek, bu borada o‘zi duch kelayotgan muammolarga to‘xtalib o‘tadi:

Foto: IT Park

“Sun’iy intellektni yaratish uchun kattaroq hajmli ma’lumotlar bazasi kerak bo‘ladi. Shu ma’lumotlarni yig‘ishga kirishganmiz. Bu masalada Sun’iy intellektni rivojlantirish institutidan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti – tahr.)  muammolarimizni so‘rashdi. Sun’iy intellektni rivojlantirish avvalo tilni rivojlantirishdan boshlanishi kerak. Shuning uchun ovozli yordamchi dasturimizga kerakli texnikalarimiz yetishmasligini aytganimizda mas’ul shaxs Sun’iy intellekt instituti tomonidan mablag‘ ajratilishi mumkinligini aytdi. Uchrashuvda bu masalani ko‘targanimizda afsuski, bu mablag‘lar boshqa resurslarga ajratilishini aytishdi va biz rad javobini oldik”,- deydi loyiha asoschisi.

Foto: IT Park

Xo‘sh, o‘zbek tilidagi dastur shu bilan to‘xtatiladimi? Yoki O‘zbekistonda sun’iy intellekt qachon rivojlanadi?

Sahifani kuzatib borish orqali bu savollarga javob olish, yurtimizda sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan innovatsion g‘oyalarni birinchi bilish va bu sohada yanada ko‘proq bilimlar olish mumkin.

Mavzuga oid