Jahon | 18:25 / 14.04.2022
42174
10 daqiqa o‘qiladi

«Moskva» kreyseridagi portlash. Uning safdan chiqishi qanday oqibatlarga ega?

Ukraina tomoni kemaga raketa zarbasi berilgani, RF mudofaa vazirligi yong‘in va o‘q-dorilar portlagani haqida xabar bergan.

«Moskva» Sevastopol buxtasida, 2014 yil mart. Valeriy Sharifulin / TASS

RF harbiy-dengiz kuchlari Qora dengiz floti flagmani — «Moskva» raketa kreyserida 13 aprel kuni yong‘in yuzaga kelgan. Ukraina nashrlari va siyosatchilar kreyserga Ukrainada ishlab chiqarilgan ikkita «Neptun» raketasi bilan zarba berilgani haqida xabar qilishgan. RF mudofaa vazirligi kreyserda yong‘in chiqqani, natijada o‘q-dorilar portlay boshlagani haqida ma’lum qilgan. Vazirlik yong‘in chiqishining sababini ma’lum qilmagan, faqat sabablar «o‘rganilayotgani»ni bildirgan.

«Moskva» kreyseriga raketalar bilan zarba berilgani haqida Moskva vaqti bilan 13 aprel kuni soat 21:00 da feysbukda ukrain jurnalisti Serj Marko xabar qoldirgan. Keyinroq «Ukrainskaya pravda» nashrining Ukraina razvedkasi va Odessa oblasti harbiy ma’muriyatidagi manbalari bu ma’lumotni tasdiqlagan, manbalar kreyserdagi yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘linganda ham «yaqin yillarda u jangovar shay holatda bo‘lmasligi»ni aytishgan.

14 aprelga o‘tar kechasi kreyser bortidagi yong‘in haqida RF mudofaa vazirligi ham ma’lumot berdi. Xabarda kreyser bortidagi yong‘in tufayli o‘q-dorilar portlay boshlagani aytilgan. «Korabl jiddiy shikastlangan. Ekipaj to‘liq evakuatsiya qilingan», — deyiladi vazirlik xabarida. Bunday formulirovka kreyser safdan chiqqanini anglatadi, chunki ekipajning majburiyatlari kemani saqlab qolish mumkin bo‘lgan vaqtga qadar kemada kurashni davom ettirishni o‘z ichiga oladi.

14 aprel kuni kunduzi RF mudofaa vazirligi «Moskva» kreyseridagi yong‘in o‘chog‘i bartaraf etilgani, o‘q-dorilarning portlashi ham to‘xtaganini aytdi. «Moskva» kreyseri suzish holatida, uni shatakka olib portga olib kelish rejalashtirilmoqda. Asosiy raketa qurollari saqlab qolingan», deyilgan vazirlik xabarida.

Vazirlik hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar borligi borasida aniqlik kiritmagan. Korabl bortida ekipajning 680 nafargacha a’zosi bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Rossiya nashrlarining turli yillardagi xabarlarida kreyser ekipaji 416 yoki 510 kishini tashkil etishi aytilgan.

Ukrainalik harbiylar hozircha kreyser bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh berishmadi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining ertalabki ma’lumotnomasida «Moskva» yoki boshqa qandaydir rus harbiy korabli tilga olinmagan.

Hodisa vaqtida kreyser Qora dengizning aynan qayerida bo‘lgani ma’lum emas. «Radio Svoboda» ma’lumotiga ko‘ra, 10 aprel kuni korabl Sevastopolda edi. RF mudofaa vazirligi va Rossiya axborot agentliklari korabllarning joylashuvi bo‘yicha ma’lumot bermay keladi. «Ukrainskaya pravda» manbasi kreyser  «Zmeiniy orolidan 20 mil masofada bo‘lgan», bu vaqtda dengizda kuchli shtorm ko‘tarilgan. Ukraina tomoni «Moskva» kreyseri Odessa oblasti yaqinidagi Zmeiniy orolini egallash amaliyotida ishtirok etgani va ukrain harbiylari tomonidan «Russkiy voyennyy korabl, idi *****!» iborasi aynan shu kemaga qarata aytilganiga alohida e’tibor qaratmoqda.

«Moskva» kreyseri harbiy mashg‘ulotlar chog‘ida. 2012 yil sentabr
Vadim Savitskiy / TASS

«Moskva»ning safdan chiqishining qanday oqibatlari bor
Kreyserning vazifalaridan biri butun flot kuchlarini havo hujumlaridan muhofaza qilish bo‘lgan: korabl bortida uzoq masofadagi nishonlarni yo‘q qila oluvchi S-300 «Fort» havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilgan.

«Moskva» kreyseri jangovar qobiliyatini yo‘qotishi Ukrainadagi urushga jalb etilgan flot kuchlarining havo hujumlaridan himoyalanishini sezilarli darajada zaiflashtirishi mumkin. «Moskva» «Atlanta» loyihasiga mansub bo‘lgan, hamon xizmatda qolayotgan kam sonli kemalardan biridir (shuningdek, Tinch okeani floti flagmani «Varyag» va Shimoliy okean flotidagi «Ustinov» bor), u «Neptun» kabi pastlab uchuvchi kemaga qarshi raketalarni payqay oladigan yangi radarlar bilan jihozlanmagan. 

«Moskva» Rossiya harbiy-dengiz kuchlarida eng kuchli qurollarga ega ikkinchi kreyser hisoblanadi (eng qudratlisi Shimoliy flotdagi «Pyotr Velikiy» atom raketa kreyseri hisoblanadi).

«Moskva»ning suv sig‘imi 9800-11300 tonnani tashkil etadi. Agar kreyserni saqlab qolishmaganida, bu dunyoda 1982 yildan keyingi eng yirik flot yo‘qotishi bo‘lgan bo‘lardi. Rossiya uchun esa Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik yo‘qotishga aylanardi - urushda nemislar samolyoti hujumi oqibatida «Marat» linkori safdan chiqqandi.

«Neptun»ning ustunligi nimada?

Ukrainaning «Neptun» sohil majmuasi 250 kilometrdan ortiq masofaga ucha oluvchi kemalarga qarshi RK-360Ms qanotli raketalari bilan qurollangan. U sovetlarning X-35 raketalari asosida ishlab chiqilgan, ammo ukrainalik konstruktorlar uning harakatlanish masofasini sezilarli darajada oshirib, boshqaruv tizimini yaxshilashgan. Bir yil muqaddam Ukraina harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni, kontr-admiral Aleksey Neijpapa «Ukraina 30. Mamlakat xavfsizligi» forumida harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirish konsepsiyasini taqdim etgan, o‘shanda faqat o‘quv maqsadlari uchun tayyorlangan bitta kompleks haqida gapirgandi. Ammo, admiralning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda armiya «Neptun»ning birinchi divizioni bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgandi.

O‘shanda kompleksning jangovar qobiliyati haqida ko‘p narsa ma’lum emasdi. Masalan, «Ukraina harbiy markazi» jamoat tashkiloti rahbari Taras Chmut 2021 yil mayida BBC bilan suhbatda «bu yerda masala narx va kompleksning nimalarga qodirligida ekani, chunki u uchishi va nishonga tegishi Rossiya kemalari bundan murakkabroq nishonlarni tutishga mo‘ljallangan havo hujumiga qarshi tizimlarga ega emasligini anglatmasligi»ni aytgandi.

Bir yil muqaddam taqdim etilgan Ukraina harbiy-dengiz kuchlarini rivojlantirish konsepsiyasi sohilga yaqin hududda harakatlanuvchi kichik kemalar guruhini, sohil raketa komplekslari va dengiz aviatsiyasini, jumladan «Bayraktar» dronlarini rivojlantirishni ko‘zda tutgandi.

Sohil kemalarga qarshi raketa komplekslariga qarshi turishning murakkabligi shundaki, uning raketalari mobil, joyini o‘zgartirib uchadi va yashirin pozitsiyalarga o‘ta oladi, shu tufayli uning qayerdaligini kuzatish o‘ta murakkab.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning Kiyevga tashrifidan keyin G‘arb matbuotida Britaniya Ukrainaga kemalarga qarshi Amerikada ishlab chiqarilgan Harpoon raketalarini berishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo OAVda bunday qurollar yetkazib berilgani to‘g‘risida xabar chiqmagan.

Qora dengiz floti flagmani haqida nimalar ma’lum?

 

«Moskva» kreyseri Sevastopoldagi parad repetitsiyasida, 2021 yil iyul
Aleksey Pavlishak / TASS

RF mudofaa vazirligi saytiga ko‘ra, «Moskva» raketa kreyseri 1976 yilda Ukrainadagi Nikolayev kemasozlik zavodida qurilgan va uning dastlabki nomi «Slava» bo‘lgan. Yetti yil o‘tib korabl flot tarkibiga kiritilgan. Kreyser sovetlarning raketa kreyserlari loyihasining yetakchi kemasiga aylanadi, uning asosiy vazifasi kemaga qarshi raketalar orqali dushmanning suvosti kemalariga hujum qilish edi.

1990-yillarda Qora dengiz floti Rossiya va Ukraina o‘rtasida taqsimlanishi jarayonida korabl Rossiyaga o‘tadi. Kiyev ham shu klassga mansub bo‘lgan va qurib bitkazilmagan «Ukraina» kreyserini oladi, u hamon Nikolayevdagi kemasozlik verfida turadi, 2022 yil martida bu zavod Rossiya artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgan.

«Moskva» Rossiya Qora dengiz floti ixtiyoriga o‘tganidan keyin ikki bor modernizatsiya qilingan (so‘nggisi 2020 yilda yakunlangan; o‘shanda harbiylar yangilangan kreyser 2040 yilga qadar xizmat qilishi mumkinligini aytishgandi). Modernizatsiyadan keyin «Moskva»ning asosiy quroli «Vulkan»rusumli 16ta kemalarga qarshi raketalar uchirish qurilmalaridir. Bunday raketalar birinchi navbatda kemalarga qarshi qo‘llash uchun mo‘ljallangan, ammo ulardan quruqlikdagi nishonlarni o‘qqa tutish va desantni qo‘llab-quvvatlashda ham foydalanish mumkin.

«Moskva» kreyseri Sevastopoldagi parad vaqtida, 2018 yil iyul
Sergey Malgavko / TASS

1989 yilda kreyser ekipaji SSSR va AQSh rahbarlari Mixail Gorbachyov va katta Jorj Bushning Maltadagi uchrashuvida hamrohlik qilgan. 1999 yilga kelib «Moskva» nomini olgan kreyser Qora dengiz flotining asosiy bazasiga — Sevastopolga yuborilgan.

Korablga bir necha marta RF prezidenti Vladimir Putin boshqa davlatlar rahbarlari bilan birga tashrif buyurgan. Xususan, 2000-2001-yillarda Sevastopolga tashrif vaqtida Putin kreyser bortiga Ukraina prezidenti Leonid Kuchma bilan birga ko‘tarilgan.

2008 yilda «Moskva» Janubiy Osetiyadagi qurolli nizoda qatnashgan, 2015-2016 yillarda kreyser Rossiyaning Suriyadagi Xmeymim aviabazasi yo‘nalishida havo hujumidan mudofaani amalga oshirgan. Suriya urushidan keyin kemani xizmatdan bo‘shatish masalasi ham muhokama qilingan, ammo yakunda uni kapital ta’mirlashga qaror qilishgan.

Mavzuga oid