Iqtisodiyot | 19:39 / 15.04.2022
29738
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat organlariga yil oxirigacha ortiqcha xarajat qilish taqiqlandi

«Budjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar qildi.

Qarorga muvofiq, 2022 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha daromadlar oshirib bajarilgan qismidan hududiy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi respublika budjetida qoldiriladi. 2022 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalaridan Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratmalar qilish to‘xtatiladi.

2022 yil aprel–dekabr oylarida davlat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning hamda jamg‘armadagi bo‘sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning 15 foizi respublika budjetiga o‘tkaziladi.

Davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta’mirlashi taqiqlandi. Maktablar, bog‘chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno.

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashda minoralar, ko‘priklar (estakadalar), rezervuarlar (o‘t o‘chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko‘rilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektorda yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:

  • moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash;
  • bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqlagandi.

Mavzuga oid