O‘zbekiston | 23:06 / 16.04.2022
45834
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim turdagi xorij avtomobillari uchun «rastamojka» narxi pasaytirildi

Ishlab chiqarilganiga 1 yil to‘lmagan, dvigatel sig‘imi esa 3000 sm³ dan katta bo‘lgan avtomobillar importi uchun bojxona boji 30 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Dvigatelning har bir sm³ uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham ikki barobardan ko‘proqqa kamaytirildi. Shuningdek, gibrid avtomobillar importi ham arzonlashadi.

Foto: autostat.ru

15 aprel kuni “Budjetlararo munosabatlarni va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq, dvigatel sig‘imi 3000 sm³ dan katta bo‘lgan avtomobillarning bojxona rasmiylashtiruvi ikki bosqichda pasaytirilmoqda:

  • 15 apreldan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatda boj stavkalari 30 foizdan 15 foizga tushirildi; avtomobil dvigateli quvvatining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham ikki barobar (3 dollardan 1,5 dollarga) kamaytirildi.
  • 2023 yil 1 yanvardan boshlab, avtomobil dvigateli quvvatiga bog‘langan qo‘shimcha koeffitsiyentlar yana bir bor pasaytiriladi (1,5 dollardan 1,25 dollarga), 15 foizlik asosiy boj stavkasi esa o‘zgarishsiz qoladi.

Yangi tartib ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan avtotransport vositalariga taalluqli.

Bundan tashqari, gibrid avtomobillar (ham ichki yonuv dvigateli, ham elektr dvigateliga ega avtomobillar) uchun birinchi marta bojxona stavkalari belgilandi. Endilikda gibrid avtomobillarni import qilish uchun dvigatel turiga va ishlab chiqarilgan muddatiga qarab avtomobil narxining 15 foizidan 30 foizigacha boj to‘lash kerak bo‘ladi. Ilgari bu turdagi avtomobillar uchun ham dvigatel quvvatining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar to‘lanardi.

Avvalroq, 21 fevral kuni imzolangan prezident qarori bilan, ishlab chiqarilgan sanasiga 1 yil to‘lmagan, dvigatel sig‘imi 3000 sm³ gacha bo‘lgan yangi transport vositalari importi uchun ham bojxona boji va har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ikki bosqichda pasaytirilishi ko‘zda tutilgandi.

Mavzuga oid