Iqtisodiyot | 18:14 / 17.04.2022
91400
14 daqiqa o‘qiladi

Yangi «Marshall rejasi». Urushdan keyingi Ukrainani kim va qanday qilib tiklashi mumkin?

Mariupol. Maxar Technologies / AFP / Scanpix / LETA

Yuzlab tadqiqotchi iqtisodchilarni birlashtirgan Centre for Economic Policy Research (CEPR) markazi «Ukrainani qayta qurish rejasi» nomli hisobotini e’lon qildi. Bu iqtisodchilar va ommaviy axborot vositalari tomonidan Yevropa Ittifoqining faol ishtirokida mamlakat iqtisodiyotining urushdan keyingi tiklanish ssenariysi yoki Ukraina uchun «Marshall rejasi» sifatida atalmoqda.

Hisobot mualliflari orasida MIT, Harvard, Stokholm va Kiyev iqtisod maktablari professorlari bor. Ushbu loyihaning asosiy muallifi sifatida asli ukrainalik, Kiyev-Mogila akademiyasi bitiruvchisi, oxirgi o‘n yillikning eng taniqli iqtisodchilaridan biri, Berkli universiteti professori Yuriy Gorodnichenko nomi tilga olingan. «Meduza» nashri Gorodnichenko bilan urushdan keyingi Ukrainani tiklash qanday kechishi haqida suhbatlashdi.

— Nima uchun Ukrainani tiklash rejasi hozirdanoq muhokama qilinmoqda? «Marshall rejasi» ham, urush tugagach, 1948 yildan boshlab amalga oshirila boshlangandi?

—Birinchidan, xatolardan saboq olishimiz kerak. «Marshall rejasi» urush tugaganidan bir necha yil o‘tgach tayyor bo‘ldi va bu davr mobaynida Yevropa qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Agar «Marshall rejasi»ni ishlab chiqish ilgariroq boshlanganda edi, ko‘p azob-uqubatlar va og‘riqlardan qochish mumkin bo‘lardi. Demak, qaysidir ma’noda o‘tmishdagi xatolarni hisobga oldik. 

Ikkinchidan, urush davom etmoqda, uning qanday tugashi hali ham noaniq. Ammo bu Ukrainani tiklash haqida o‘ylash vaqti emasligini anglatmaydi. Ikkinchi jahon urushi tajribasini ko‘rib chiqaylik: sovetlar ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya urush davom etayotgan paytda o‘tkazilgan Yalta konferensiyasida dunyoning urushdan keyingi tartibotini muhokama qilishgandi.

Ukrainani qayta qurish dasturi juda ham murakkab voqea, ko‘plab tashkiliy harakatlar, muvofiqlashtirishlarni talab qiladi. Urush tugagach, Ukrainani tiklashga yordam berishga qaratilgan bu yangi reja allaqachon ishlashga tayyor holatga keltirilgan.

—Sizlar ishlab chiqqan reja kelajak haqidagi bir necha taxminlarga asoslangan, ammo unda urush qancha vaqt davom etishi haqida aytilmagan. Hisob-kitoblarda urushning qancha vaqt davom etishi mumkinligini ham prognoz qilganmisizlar?

— Hisob-kitoblarda keltirganimizdek, urushdan keyingi qayta qurish ishlari uchun 200 dan 500 milliard yevrogacha mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu 2022 yil mart oyidagi holat bo‘yicha hisoblangan raqamlar. Urush qancha uzoq davom etsa, Ukrainani tiklash uchun shuncha ko‘p pul talab qilinadi. Umid qilamanki, urush tezroq tugaydi. Davom etayotgan urushning har bir kuni Ukrainaga juda ko‘p azob-uqubatlar, o‘lim va halokat olib keladi.

— Sizning rejangizga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Ukrainani urushdan keyingi qayta tiklash ishlarida faol ishtirok etishi kerak. Bu borada Yevropa yetakchilarida yetarlicha siyosiy iroda bormi? Yevropa Ittifoqi zarur mablag‘ ajrata oladimi?

—Vaqt ko‘rsatadi. Aytgan bo‘lardimki, bugungi kunda Yevropadagi munozaralar darajasi va tabiati urush boshlanishidan oldin kuzatganimizdan butunlay boshqacha. O‘shanda Ukrainaning YeIga qo‘shilish istiqboli ancha noaniq edi. Yaqinda urush davom etayotganiga qaramay Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrell, Yevropa parlamenti prezidenti Roberta Metsola Ukrainaga keldi. Tasavvur qiling, siz urush hududiga borishingiz kerak, bu esa katta xavfni anglatadi. Bunday vaziyatda faqat o‘zingiz uchun muhim bo‘lgan hududgagina borishingiz mumkin. So‘rov natijalariga ko‘ra, Ukrainani Yevropa Ittifoqida a’zo sifatida ko‘rishga tayyor bo‘lgan davlatlar soni ortib bormoqda.

Rostini aytsam, hozirda Ukraina Yevropa ideallari: erkinlik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash uchun kurashmoqda. Boshqa davlatlar Ukraina o‘z erkinligini himoya qilish uchun qilayotgan qurbonliklarga tayyor bo‘lishiga ishonchim komil emas. Menimcha, Ukraina Yevropa Ittifoqida o‘z o‘rnini topadi. O‘ylaymanki, bu sodir bo‘ladi.

—Sizningcha, urushni to‘xtata oladigan iqtisodiy sanksiyalar bormi?

—Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, agar Rossiya neft va gaz eksportidan daromad ololmasa, juda qiyin ahvolga tushib qoladi. Urushni moliyalashtirish uchun yetarli resurslar bo‘lmasa, uzoq vaqt davomida harbiy harakatlarni davom ettirish qiyin bo‘ladi.

Agar Rossiya G‘arbiy Yevropaga neft va gaz yetkazib bera olmasa, jiddiy moliyaviy muammolarga duch kelishi aniq. Shunday ekan, agar Rossiya energetika sohasiga nisbatan sanksiyalar joriy etilsa, bu urushning tezroq tugashiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan muhim omil bo‘ladi, deb o‘ylayman.

—Jahon bankining sobiq bosh iqtisodchisi Penni Goldberg sanksiyalar samarasizligi, ular boshi berk ko‘chaga olib kelishi va kiritilgan davlat tomonidan yanada ko‘proq tajovuzni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida yozdi. Uning fikricha, urushni sanksiyalar emas, balki diplomatiya to‘xtatishi kerak. Bu haqda qanday fikrdasiz?

—Urush boshlanishidan oldin diplomatik yechim topishga bir necha bor urinishlar qilindi, ammo bu urushni to‘xtata olmadi. Harbiy harakatlar davom etayotgan paytda ham diplomatik yechim qayta-qayta muhokama qilindi, ammo bu ham ish bermadi. Rossiyaning Ukrainadagi qilayotgan xatti-harakatlaridan kelib chiqib, 2022 yil yanvar oyidagi status-kvoni saqlab qolish haqida jiddiy gapirish mumkinligini tasavvur qilish qiyin. Demak, yechim savdo sanksiyalari, energiya embargosi kabi keskin choralar tekisligida yotadi. Bu chora-tadbirlar hamma uchun og‘riqli bo‘ladi, lekin shu bilan birga, kim ko‘proq yo‘qotishlarga duchor bo‘lishi mumkinligi juda ham muhim jihat.

Global nuqtayi nazardan, Rossiya kichik bir ochiq iqtisodiyot bo‘lib, jahon yalpi ichki mahsulotining 2 foizdan kamrog‘ini tashkil etadi. Bu borada Yevropa Ittifoqining ulushi Rossiyadan 10 baravar ko‘p. Ya’ni, Yevropa Ittifoqi energiya embargosi ​​va sanksiyalardan omon qola oladi, ammo Rossiya bunga qodir emas. Xuddi shu jihat AQShga ham taalluqli. Ularning iqtisodi Rossiyanikidan 10 baravar katta, shuning uchun sanksiyalarni qo‘llash Qo‘shma Shtatlar uchun kichik xarajat, lekin Rossiya uchun katta yo‘qotish. Bu kabi omillar Rossiyaning xatti-harakatlarini o‘zgartirishga majbur qilishi mumkin.

—Yaqinda mashhur iqtisodchi Daron Ajamo‘g‘li G‘arb Rossiya elitasi ularning moliya tizimidan foydalangan holda yashirgan noqonuniy aktivlariga e’tibor qaratishi kerakligi haqida yozdi. G‘arb davlatlari Rossiya aktivlarini musodara qilishga tayyormi? Umuman, bu amaliyotni amalga oshirish mumkinmi?

—Ha, bu realistik. Esingizda bo‘lsa, Ikkinchi jahon urushidan oldin Germaniyaning AQShda aktivlari bor edi va urushdan so‘ng, bu mablag‘lar musodara qilinib, tovon to‘lash uchun ishlatilgan. Iroqqa ham shu kabi amaliyot qo‘llangan. Iroqda katta neft zaxiralari bor. Kuvayt bilan urushdan keyin unga neft eksport qilishga ruxsat berildi, biroq yetkazib berishdan tushgan daromadning bir qismini Kuvaytga 30 yil davomida kompensatsiya qilish uchun yo‘naltirishga majbur edi. Bu vaqt ichida Iroq jami 50 milliard dollar to‘lagan. Demak, tajribadan o‘tgan pretsedent bor.

Yana bir misol, AQShda aktivlari bo‘lgan Afg‘oniston. «Tolibon» hokimiyatga kelishi bilan bu aktivlar tortib olindi va boshqa ehtiyojlarga yo‘naltirildi. Bu Rossiyaga nisbatan qanday tatbiq etilishini aniq bilmayman, chunki juda qiyin huquqiy jarayon hisoblanadi. Ammo nazariy jihatdan buni amalga oshirish mumkin.

— Ukrainani tiklash bo‘yicha dasturingizdagi muhim masala energetika xavfsizligi jihatdan Ukrainaning Rossiyaga qaramligini kamaytirishdir. O‘tgan davr mobaynida Yevropa Ittifoqining rivojlangan iqtisodiyotga ega bo‘lgan mamlakatlari ham bunday qila olmadi. Urushdan keyingi Ukraina bu ishni qanday uddalashi mumkin?

— To‘g‘ri, Yevropa Rossiyaning energetika resurslariga qaramligini kamaytirish o‘rniga kuchaytirdi. Ammo bu ongli tanlov edi. Ular energiyaga qaramlik xavfsizlikka xavf tug‘dirishini va bundan ehtiyot bo‘lishlari kerakligini ertaroq anglab yetishlari kerak edi. Ukrainaga Rossiyadan energiya resurslarini import qilish to‘xtatilishi haqiqatmi? Menimcha, ha. Masalan, Ukraina elektr energiyasining 60 foizi mamlakatdagi atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi va allaqachon Rossiyadan yadro yonilg‘isini sotib olmaslik e’lon qilingan.

Oldin Ukraina Rossiya va Belarus energetika tizimining bir qismi edi, ammo hozir u Yevropa Ittifoqi energiya tizimiga ulangan. Bu energetik mustaqillikka erishish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Agar Ukraina ortiqcha elektr energiyasi ishlab chiqarsa, uni Yevropa Ittifoqiga eksport qilishi mumkin, agar yetarlicha elektr energiyasi ishlab chiqarilmasa, Yevropa Ittifoqidan import qilinishi mumkin. Bu har ikki tomon uchun ham foydali. Xuddi shu narsani neft bilan ham, gaz bilan ham, ko‘mir bilan ham qilish mumkin.

—Rossiya nefti va gazini Yevropaga yetkazib berishning to‘liq taqiqlanishini ko‘ramizmi?

—Menimcha, hozir Rossiyadan energiya resurslarini sotib olish axloqsizlikdir. Aslida, bu juda ko‘p sonli ukrainaliklarni o‘ldiradigan rejimni moliyalashtiradi. Buni Germaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlardagi saylovchilar ham yoqtirmasligi aniq. O‘ylaymanki, agar biz kimyoviy quroldan foydalanish, yangi Bucha yoki boshqa vahshiyliklar takrorlanishini ko‘rsak, 90 foiz ehtimol bilan bu reallikka aylanadi.

— Ukrainani tiklash dasturingizda tilga olingan yana bir faraziy to‘siq – korrupsiya va davlat boshqaruvi sifatining pastligidir. Urushdan keyingi qayta qurish va undan keyingi davrda korrupsiyani yengib o‘tishni qanday ko‘rasiz?

—Birinchidan, biz hech qachon korrupsiya nolga teng bo‘ladigan dunyoni ko‘rmaymiz. Hatto Shvetsiya, Finlandiya yoki Daniya kabi mamlakatlarda ham korrupsiya u yoki bu shaklda mavjud. Korrupsiyadan butunlay qutulish maqsadi real emas.

Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun g‘ildirakni qayta ixtiro qilishning hojati yo‘q. Buni amalga oshirishingiz mumkin bo‘lgan juda ko‘p maxsus vositalar mavjud. Masalan, bizning dasturimizda, qilinadigan loyihalar qaror qabul qiluvchilarning do‘stlari va qarindoshlari o‘rtasida taqsimlanmasligini ta’minlash uchun qat’iy tartib-qoidalar mavjud. Shaffoflik va javobgarlik bo‘ladi. Ukraina Yevropa Ittifoqida ishlab chiqilgan institutlar va korrupsiyaga qarshi rasmiy amaliyotlardan foydalanishi mumkin.

Tajriba shuni ko‘rsatadiki, urushdan keyingi qayta qurish hatto korrupsiya bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lgan mamlakatlarda ham muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin. Misol uchun, Italiyada Ikkinchi jahon urushidan keyin korrupsiya haqida jiddiy xavotirlar mavjud edi. Ammo u yerda tiklanish dasturi oxir-oqibat muvaffaqiyatli kechdi, chunki odamlar yagona maqsad bilan mazmunli harakat qilishdi. Menimcha, Ukrainada ham shunday bo‘ladi.

—Sizning rejangiz allaqachon Ukraina uchun yangi «Marshall rejasi» deb atalmoqda: ular o‘rtasida juda ko‘p o‘xshashliklarni ham keltirish mumkin. «Marshall rejasi»da Qo‘shma Shtatlar markaziy rolni o‘ynagan bo‘lsa, sizda bu Yevropaga berilgan. AQShning u yoki bu shakldagi ishtirokini ham tasavvur qilasizmi?

—Ha. Yevropa Ittifoqi markaziy o‘yinchi bo‘ladi deb taxmin qilishimizning asosiy sababi shundaki, agar Ukraina va Yevropa Ittifoqi bir nuqtada birlashsa, asosiy rolni (qayta qurishda) Yevropaga berish mutlaqo oqlanadi, chunki shu yo‘l bilan Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘z manfaatlarini muvofiqlashtirishi mumkin. Ukraina AQShning shtatiga yoki Kanadaning provinsiyasiga aylanmoqchi emas, shuning uchun ularga markaziy rolni berish befoyda. Lekin albatta, boshqa davlatlar ham qayta qurishda o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.

—Ukrainaga moliyaviy yordam davlatlar budjetidan jalb qilinadimi yoki xususiy manbalardan?

—Har qanday shaklda. Bizning rejamizdagi asosiy tamoyil shundan iboratki, urushdan keyingi qayta qurish kreditlar hisobidan moliyalashtirilmasligi kerak, chunki mamlakat allaqachon juda og‘ir ahvolda qoldi va uning qarzlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati cheklangan. Shu sabab jalb qilinadigan mablag‘lar beg‘araz yordam, grantlar ko‘rinishida bo‘lishi kerak.

—Besh yildan keyingi Ukrainani qanday tasavvur qilasiz?

—Bu men uchun juda qiyin savol. Men umidlarimni prognozlarimdan ajrata olmayman. Umid qilamanki, Ukraina hududiy yaxlit, erkin, demokratik davlat bo‘ladi. Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida harakat qilayotgan yoki allaqachon ittifoqqa kirgan bo‘ladi. Tinchlik hukm suradi. Men Ukraina uchun shunday kelajakni xohlardim. 

Mavzuga oid