Prezident selektorida ishdan olingan tuman hokimi o‘rinbosari viloyat darajasidagi amaldorga aylandi
Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Umid Shoumarov tayinlandi. U bungacha Olmaliq shahri hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan, o‘tgan hafta prezident ko‘rsatmasi bilan faoliyatidagi kamchiliklar sabab 30dan ortiq hamkasbi qatorida ishdan olingan edi.
Umid Hikmatovich Shoumarov Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda bugun, 25 aprel kuni Mehnat vazirligi va viloyat hokimligi axborot xizmatlari xabar berdi.
Shoumarov 2020 yil 12 oktyabridan buyon Olmaliq shahri hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
19 aprel kungi prezident selektorida 30dan ortiq tuman va shaharlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlarini ishdan olishga ko‘rsatma berilgan, ular orasida Olmaliq shahri hokimining birinchi o‘rinbosari ham bor edi. Davlat rahbariga ko‘ra, ular hokim yordamchilari faoliyatini qoniqarsiz tashkil etgan.
Umid Shoumarov 1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2000 yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida magistratura darajasini olgan. Mutaxassisligi - iqtisodchi-hisobchi.
Mehnat faoliyatini 2002 yil Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “To‘ytepa Agro Impeks” MChJ direktori lavozimidan boshlagan. Hokim o‘rinbosari bo‘lishdan oldin “Adolat” partiyasining Toshkent viloyati kengashi raisi lavozimida ishlagan. 2010–2015 yillarda xalq deputatlari O‘rta Chirchiq tumani kengashi deputati, 2015–2020 yillarda Toshkent viloyati kengashi deputati bo‘lgan.
Mavzuga oid
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024
Toshkent viloyatida isitish mavsumi 8 noyabrdan boshlanadi
11:53 / 06.11.2024
Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi
22:14 / 05.11.2024