Jahon | 22:04 / 29.04.2022
37434
9 daqiqa o‘qiladi

Jahonning eng go‘zal bezatilgan 24 masjidi naqshlari: mozaika va mayolika koshinlari

Bugun sizlarga jahonning 24 ta masjidida ishlatilgan naqshinkor koshinlar haqida suratli ma’lumot beramiz. Ushbu masjidlar orasida O‘zbekistondagi masjidlar, Boburiylar sulolasi tomonidan qurilgan qadimiy masjidlar ham e’tirof etilgan.

Foto: pbs.twimg.com

Sharq arxitekturasi o‘zining betakror va o‘ziga xos naqshin bezaklari bilan mashhur. Birgina O‘zbekistondagi osori atiqalarda ishlatilgan mozaika va mayolika bezaklari san’atga oshufta qalblarni yillar osha maftun qilib kelmoqda.

Avvalroq jahon masjidlarining shiftlariga solingan eng chiroyli naqshlar suratini e’lon qilgan Bayt Al Fann sayti Twitter’dagi sahifasi orqali bu safar 24 ta masjiddagi eng chiroyli va o‘ziga xos mozaika hamda mayolika plitalarini sanab chiqdi. 

Isfaxondagi jome masjidi mozaikasi, Eron.

Foto: iranbia.com

Bu masjid Isfaxondagi Masjidi jum’a deb ham ataladi. Masjid 771 yildan XX asr oxirlarigacha mudom qurilib, ta’mirlanib, kengaytirilib, yangilanib kelgan. 

Amir Temur maqbarasining mozaikasi, Samarqand, O‘zbekiston.

Foto: www.shutterstock.com

1404 yilda Amir Temur tomonidan qurilgan. Agrada Toj mahal, Dehlida Humoyun maqbarasi, Kobulda Bog‘i Boburni barpo etgan boburiylar me’morchiligiga ham ta’sir o‘tkazgan ushbu inshoot Markaziy Osiyo arxitekturasi tarixida juda muhim o‘rin tutadi. 

Nosirul-Mulk masjidining mayolikalari, Sheroz, Eron.

Foto: flickr.com

1888 yilda qurilgan. Shoh Chiroq masjidi yaqinida joylashgan. U Eronda Qojorlar dinastiyasi hukm surgan paytda qurilgan. Me’morlari Muhammad Hasani Me’mor, Muhammad Hussayni Sheroziy va Muhammadrizo Koshisozi Sheroziy.

Sankt-Peterburg masjidi mozaikalari, Rossiya.

Foto: shutterstock.com

Ushbu masjid 1913 yilda ochilgan bo‘lib, Turkiyadan tashqarida joylashgan Yevropaning eng katta masjidi hisoblanadi. Arxitektor Nikolay Vasilev masjidni Samarqanddagi Go‘ri Amirdan ilhomlanib barpo etgan. Masjid 5 ming namozxonni sig‘dira oladi. 

Sulton Ahmad jome masjidi mayolikasi, Istanbul, Turkiya.

Foto: alamy.com

1609 va 1617 yillar oralig‘ida qurilgan ushbu masjid Ko‘k masjid nomi bilan ham mashhur. Bunga sabab uning intererini bezash uchun ishlatilgan moviy tusdagi plitalardir. Sulton Ahmad I buyrug‘iga ko‘ra qurilgan ushbu masjid mahobatda Ayo Sofiya bilan raqobat qilishi kerak bo‘lgan. 

Xoja Ahrori Valiy madrasasi mozaikasi, Samarqand, O‘zbekiston.

Foto: setbounphoto.photoshelter.com

1630 yilda Samarqand hukmdori Nodir Devonbegi Xoja Ahroriy Valiy (Naqshbandiya oqimi tariqatchisi) qabri yonida masjid va madrasa qurishni buyuradi. 

Imom Ali masjidi mozaikasi, Najaf, Iroq.

Foto: igbox.co

Ilk marta daylamit Fanxusrav Azud ad-Davlat tomonidan 977 yilda qurilgan. Ilk masjid yong‘inda kul bo‘lgach, saljuqiylarning podshohi Malikshoh I tomonidan 1086 yilda tiklangan, 1500 yilga kelib safaviylar podshohi Ismoil I tomonidan qayta qurilgan. 

Hasan II masjidi mozaikalari, Kasablanka, Marokash.

Foto: www.shutterstock.com

1993 yilda tugatilgan masjid qirol Hasan II rahbarligida Mishel Pinso tomonidan loyihalashtirilgan va butun qirollikdan kelgan marokashlik ustalar tomonidan qurilgan. Bu Afrika qit’asidagi kattaligi bo‘yicha ikkinchi masjid. 

Vazirxon masjidi mozaikasi, Lohur, Pokiston.

Foto: islamic-ars.org

Qurilish ishlari 1634 yilda boshlangan va 1641 yilda tugallangan. Ushbu masjid boburiylar imperatori Shohjahon hukmronligi chog‘ida qurilgan, Shohi hammom doxil binolar ansamblining bir qismi foydalanishga topshirilgan. 

Sayida Ruqayya masjidining mozaikasi, Damashq, Suriya.

Foto: wikimedia.org

Masjid 1985 yilda Ruqayya binti Husayn maqbarasi atrofida barpo etilgan, ko‘zgular va tilla qoplamalari nihoyatda ko‘p ishlatilishi bilan Eron arxitekturasining zamonaviy versiyasini tamsil etadi. 

Sulton Qobus katta masjidi mozaikasi, Masqat, Ummon.

Foto: www.shutterstock.com

1992 yilda Ummonning o‘sha vaqtdagi sultoni — Qobus ibn Sayid Ol Sayid mamlakatda ulkan masjid bo‘lishini ixtiyor etdi va 1994 yilda masjid loyihalanib qurila boshlandi. Uni tugatishga olti yil vaqt ketgan. 

Shayx Zoyidning katta masjidi mozaikalari, Abu-Zabiy, BAA.

Foto: shutterstock.com

2007 yilda tugatilgan masjidni tiklashda me’mor Yusuf Abdulkiy Iskandariyadagi Abu al-Abbos Al-Mursiy, Lohurdagi Podshohiy, shuningdek boshqa ko‘plab fors, turkiy, hind-islom masjidlaridan  ilhomlangan. 

Imom maydonidagi Shoh masjidi mozaikalari, Isfahon, Eron.

Foto: omnivagant.com

Machit shuningdek, Jome Abbosiy masjidi, Imom masjidi sifatida ham mashhur. Bu eroniylar/fors arxitekturasining durdonasi bo‘lib, Eronda islom davrining arxitekturasiga yorqin misol bo‘la oladi. 

Podshohiy masjidining mozaikasi, Lohur, Pokiston.

Foto: wikimedia.org

Boburiylar imperatori Avrangzeb tomonidan 1671–1673 yillar oralig‘ida qurdirilgan ushbu masjid 1673 yildan 1986 yilgacha jahonning eng katta masjidi bo‘lib kelgan. Turli naqshlar o‘yilgan qizil qumtosh va marmarli qadama naqshlar Temuriylar davri arxitekturasining muhim namunasidir. 

Ad-Darvishiya masjidi mayolikasi. Damashq, Suriya.

Foto: shutterstock.com

Masjid 1572–75 yillar oralig‘ida Damashqning usmoniy hokimi Darvish-posho tomonidan qurilgan. Uning qabri majmuaning janub qismidagi masjid bilan arka orqali bog‘langan sakkiz burchakli binoda joylashgan. 

Boboi Tohir masjididan mozaika, Hamadon, Eron.

Foto: pbs.twimg.com

Saljuqiylar davrida qurilgan masjid. Maqbaraning ichki qismi 24 ta marmar plitka bilan bezatilgan va unga qora kalligrafiya bilan Boboi Tohirning 24 ta bayti bitilgan. Eng yorqin qismi — shift ostidagi plitkaning bezagidir. 

Fotimai Ma’suma masjidining mozaikasi. Qum, Eron.

Foto: gm-dar.livejournal.com

XVI asrda qurilgan. Masjid maqbara, uch hovli va umumiy maydoni 38 ming metr kvadrat bo‘lgan uchta katta xonaqohdan iborat. Uchta xonaqoh o‘z nomiga ega: Tobatobaiy, Baloi Sar va Adham. 

Parijning katta masjidi mozaikasi, Fransiya.

Foto: pinterest.ru

1926 yilda masjid rasman ochilgan. U Fransiya va islom dunyosi o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida qurilgan va Birinchi jahon urushida Fransiya uchun qon to‘kkan minglab musulmonlar uchun yodgorlik sifatida ko‘rilgan. 

Yazddagi jome masjidi mozaikasi, Eron.

Foto: pescart.com

XVI asrda qurilgan masjiddan hamon foydalaniladi. Ilk marta u Oli Buya shajarasidan Alouddin Garshasp davrida qurilgan. 1324 va 1365 yillarda jiddiy tarzda qayta qurilgan. 

Mir Arab madrasasi mozaikasi, Buxoro, O‘zbekiston.

Foto: shutterstock.com

Shayboniylar hukmdori Ubaydullo xon (hukmronlik yillari 1534–39) tomonidan qurilgan. Mir Arab forschadan tarjima qilinsa Arablarning amiri degan ma’noni beradi va yamanlik shayx Abdulloh Yamaniyga atalgan. 

Moviy masjid yoki Oqsunqur masjidi mayolikasi, Qohira, Misr.

Foto: shutterstock.com

O‘zi joylashgan tumandagi eng katta masjid 1347 yilda amir Oqsunqur tomonidan qurilgan bo‘lib, maqbara va ichki ibodat hovlisiga ega. Interer iznik deb ataluvchi, Istanbul va Damashqdan keltirilgan. moviy plitka bilan bezatilgan. 

Ravalpindidagi Markaziy jome masjidi mozaikasi, Pokiston.

Foto: shutterstock.com

Ravalpindining eng qadimiy, arxitekturaviy go‘zal masjidlaridan biri. 100 yil avval qurilgan masjid o‘zining mozaikasi va shishadan yasalgan buyumlari bilan shaharning tarixiy binolari ichida yaqqol ajralib turadi. 

O‘zbekistondan yana bir mozaika

Foto: shutterstock.com

Feruza va lojuvard plitkalardan yasalgan chiroyli mozaikalar tarixiy masjid madrasalarning bezagi va O‘zbekistonning durdonasi hisoblanadi. Xivadagi devorlari sopol plitkalar bilan bezatilgan Tosh Hovlini aytasizmi yo Samarqandning Shohi Zinda va Registonidagi lojuvard qadama naqshlarni aytasizmi, barisi birdek jozibali. 

Al-Aqso masjidining mozaikasi, Quddus, Falastin.

Foto: shutterstock.com

Quddusning eski shahrida joylashgan ushbu masjid Islom olamining uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Topinish tepaligining eng yuqorisida qurilgan, Islomda Al-Aqso va Harom ush-Sharif nomlari bilan mashhur.

Mavzuga oid