Jahon | 11:20 / 30.04.2022
32793
13 daqiqa o‘qiladi

Qurol-yarog‘ omboriga aylangan Yer kurrasi: Eng katta harbiy xarajatlarga ega davlatlar

2021 yilda dunyo davlatlarining harbiy xarajatlari miqdori 2 trln 113 mlrd dollardan oshgan. 2020 yilda bu mablag‘ 1 trln 981 milliard dollarni tashkil etgandi. O‘sish 132 mlrd dollar bo‘lgan. 2018 yilda esa dunyo davlatlari harbiy xarajatlar uchun 1 trln 822 mlrd dollar mablag‘ sarflashgan.

Foto: www.alamy.com

Dunyo insoniyat tinkasini quritgan Ikkinchi jahon urushidan keyin ham ko‘plab urushlarni ko‘rdi. XX asrning ikkinchi yarmida AQSh–Vetnam urushi, SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi, Iroq–Eron urushi, 1990 yilda Iroq Quvaytni bosib olishi ortidan kelib chiqqan urush sodir bo‘ldi.

1992 yilda sobiq Yugoslaviya tarqalib ketishi ortidan Bolqon yarimorolida qariyb 10 yil davom etgan urush boshlandi. BMT tinchlikparvar kuchlarni kiritib, sobiq Yugoslaviya respublikalaridagi mojaroni hal qilgach jiddiy qurolli to‘qnashuvlar to‘xtab dunyo biroz tin oldi. Ammo bu safar ham tinchlik uzoqqa cho‘zilmadi.

2001 yil 11 sentabr kuni AQShda bir nechta samolyot olib qochildi va turli binolarga olib borib urildi. Bu AQShning koalitsiya to‘plab avval 2001 yilda Afg‘onistonga, 2003 yilda Iroqqa bostirib kirishiga sabab bo‘ldi. Ana shunda insoniyat zamon qanchalik yuksak taraqqiyotga erishmasin, kimlarningdir manfaatlari uchun urushlar sodir bo‘laverishini tushunib yetdi.

AQSh Afg‘oniston va Iroqdan o‘z harbiylarini olib chiqqach kichik to‘qnashuvlarni aytmaganda dunyoda bir muddat tinchlik barqaror bo‘lganday tuyuldi. Ammo 2022 yil 24 fevral kuni tonggi soat 4:00da Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgach bu barqarorlik aldamchi ekani ma’lum bo‘ldi.

Urushlar bo‘laverar ekan, dunyoning turli davlatlari o‘z xavfsizligi va suverenitetini asrash maqsadida harbiy mudofaa salohiyatini saqlash hamda rivojlantirish uchun katta miqdorda mablag‘ sarflashga majbur bo‘laveradi.

Dunyoda batamom tinchlik o‘rnatilmas ekan, katta ehtimol bilan bundan keyin ham harbiy xarajatlar miqdori muttasil tarzda oshib boraveradi. Qurol-yarog‘ ishlab chiqarib sotuvchi davlatlarning «oshig‘i olchi turaveradi». Oqibatda esa yana vayronalar, qurbonlar va qochoqlar ko‘payib boradi.

Jumladan, Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon harbiy xarajatlarining umumiy miqdori rekord darajaga yetgan va tarixda ilk bor 2 trln dollardan oshgan.

Harbiy xarajatlar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflayotgan davlatlar o‘nligi:

10. Janubiy Koreya

Foto: www.caak.mn

Umumiy harbiy xarajatlari: 50,2 mlrd dollar

(2020 yilda 45,7 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 4,5 mlrd dollar)

Janubiy Koreya so‘nggi yillarda harbiy xarajatlari miqdorini muttasil oshirib kelmoqda. Shimoliy Koreya bilan qo‘shniligi, Xitoyning Sariq dengizdagi bir qancha orolga egalik yuzasidan qo‘shnilar bilan nizoga borayotgani bunga sabab bo‘lyapti. 2012–2021 yil oralig‘ida Janubiy Koreyaning harbiy xarajatlari 43 foizga oshgan.

Janubiy Koreya harbiy xizmat majburiy bo‘lgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Bu davlatda yigitlar uchun harbiy xizmat majburiydir.

Janubiy Koreya 2021 yilda YaIM hajmining 2,8 foiziga teng mablag‘ni harbiy xarajatlar uchun sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida bu davlatning harbiy xarajatlari 43 foizga oshgan.

9. Yaponiya

Foto: Shutterstock

Umumiy harbiy xarajatlari: 54,1 mlrd dollar

(2020 yilda 46,1 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish – 8 mlrd dollar)

Yaponiya Ikkinchi jahon urushida yengilgach, ittifoqchilar (AQSh, SSSR, Angliya, Fransiya) bu davlatga armiya tuzishni taqiqlab qo‘yishadi. Hatto mamlakat konstitutsiyaga Yaponiyaning hech qachon armiya saqlamasligi haqida alohida modda qo‘shtirishadi.

O‘shandan keyin ancha yillar davomida Yaponiya o‘z armiyasiga ega bo‘lmaydi va mamlakatni AQSh harbiylari qo‘riqlaydi. Hanuzgacha mamlakatda AQShning o‘nlab harbiy bazalari bor. Keyinchalik Yaponiya mudofaa uchun armiya shakllantirishga ruxsat oladi.

So‘nggi 20 yilda Shimoliy Koreyaning yadro qurolini yaratish ustida olib borayotgan tadqiqotlari Yaponiya hukumatini xavotirga solib keladi. Shu sababli kunchiqar yurt harbiy xarajatlari miqdorini muttasil oshirib kelmoqda va so‘nggi yillarda umumiy harbiy xarajatlar miqdori bo‘yicha dastlabki o‘ntalikka kirmoqda.

2012–2021 yillar oralig‘ida Yaponiyaning harbiy xarajatlari 18 foizga oshgan. 2021 yilda kunchiqar yurt harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 1,1 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan.

8. Saudiya Arabistoni

Foto: www.pentapostagma.gr

Umumiy harbiy xarajatlari: 55,6 mlrd dollar

(2020 yilda 57,5 mlrd dollar bo‘lgan. 1,9 mlrd dollarga kamaygan)

Saudiya Arabistoni joylashgan mintaqa so‘nggi 20 yilda Yer yuzining eng qaynoq nuqtasi bo‘lib turibdi. Shuningdek, unga qo‘shni bo‘lgan Yamandagi xusiylar ham Saudiyaga xavf tug‘dirishda davom etyapti. Shu sababli mamlakat so‘nggi yillarda o‘z harbiy xarajatlari uchun salmoqli mablag‘ sarflamoqda.

Saudiya Arabistoni 2020 yilda harbiy xarajatlar uchun 57,5 mlrd dollar sarflagan va umumiy ro‘yxatda 4-o‘rinda joylashgandi. 2021 yilda xarajatlar 1,9 mlrd dollarga kamayib umumiy ro‘yxatda 8-o‘ringa tushib ketdi.

2021 yilda Saudiya harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 6,6 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida bu davlat o‘z harbiy xarajatlari uchun ajratayotgan mablag‘lari miqdorini 15 foizga kamaytirgan.

7. Germaniya

Foto: www.alamy.com

Umumiy harbiy xarajatlari: 56 mlrd dollar

2020 yilda 52,8 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 3,2 mlrd dollar)

Ikkinchi jahon urushida yengilgach ittifoqchilar Germaniyani ikkiga bo‘lib olishadi va uning har ikkala qismiga ham Yaponiyaga o‘xshab uzoq yillar o‘z armiyasini shakllantirishga yo‘l qo‘yishmadi. Mamlakat g‘arbida tashkil etilgan Germaniya Federativ Respublikasida AQSh harbiy bazalari joylashtiriladi. Mamlakat sharqida tashkil etilgan Germaniya Demokratik Respublikasida esa sovet harbiy bazalari tashkil etiladi.

1989 yilda ikkita Germaniya birlashgandan so‘ng mamlakat g‘arbidagi AQSh harbiy bazalari saqlanib qoldi. Sharqdagi sovet harbiy bazalari esa yopiladi. Germaniya mamlakat birlashgandan so‘ng harbiy xarajatlar uchun salmoqli mablag‘ ajrata boshladi.

2021 yilda Germaniya harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 1,3 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida mamlakat o‘z harbiy xarajatlari miqdorini 24 foizga oshirgan.

6. Fransiya

Foto: aif.ru

Umumiy harbiy xarajatlari: 56,6 mlrd dollar

(2020 yilda 52,7 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 3,9 mlrd dollar)

Fransiya ham boshqa yirik davlatlar qatori so‘nggi yillarda umumiy harbiy xarajatlar uchun tobora ko‘proq pul ajratmoqda.

Bu davlat 2021 yilda harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 1,9 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida Fransiya o‘z harbiy xarajatlarini 13 foizga oshirgan.

5. Rossiya

Foto: Shutterstock

Umumiy harbiy xarajatlari: 65,9 mlrd dollar

(2020 yilda 61,7 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 4,2 mlrd dollar)

Rossiya 2020 yilda umumiy ro‘yxatda 4-o‘rinda edi. 2021 yilda harbiy xarajatlar miqdori 4,2 mlrd dollar oshgan bo‘lsa-da, u o‘z o‘rnini Buyuk Britaniyaga bo‘shatib berdi va bir pog‘ona pastladi.

2021 yilda Rossiya harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 4,1 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida mamlakat harbiy xarajatlar miqdorini 11 foizga oshirgan.

Xalqaro tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiyaning so‘nggi o‘n yilda harbiy xarajatlar uchun ajratilayotgan mablag‘ini salmoqli oshirishi 2014 yildan buyon Ukraina sharqida sodir bo‘lgan mojarolarda Donbassdagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani bilan bog‘liq.

2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va hozirda u yerda urush harakatlarini olib bormoqda. Shu sababli joriy yilda uning harbiy xarajatlari miqdori keskin oshishi kutilmoqda.

4. Buyuk Britaniya

Foto: stock.adobe.com

Umumiy harbiy xarajatlari: 68,4 mlrd dollar

(2020 yilda 59,2 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 9,2 mlrd dollar)

Buyuk Britaniya ham oxirgi yillarda harbiy xarajatlar uchun tobora ko‘proq mablag‘ ajratib kelmoqda. Jumladan, bu davlat 1998 yildan 2019 yilgacha harbiy xarajatlar miqdorini 76 foizga oshirgan.

2021 yilda Buyuk Britaniya o‘z harbiy xarajatlari uchun YaIM hajmining 2,2 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. Shu sababli umumiy ro‘yxatda 6-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarilgan. 2012–2021 yillar oralig‘ida mamlakat harbiy xarajatlar miqdorini 3,7 foizga oshirgan.

3. Hindiston

Foto: www.brahmand.com

Umumiy harbiy xarajatlari: 76,6 mlrd dollar

(2020 yilda 72,9 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 3,7 mlrd dollar)

Uzoq yillardan buyon hududiy da’volar tufayli Pokiston bilan qarama-qarshi bo‘lib kelgan Hindiston so‘nggi yillarda Himolay tog‘laridagi hududlar uchun Xitoy bilan bahs olib boryapti. Qolaversa, hali Pokistonning ham Kashmirga da’vosi saqlanib turibdi. Shu sababli hindlar ham ancha yildan buyon harbiy xarajatlar miqdorini muttasil oshirib kelmoqda.

So‘nggi yillarda Hindiston harbiy xarajatlar reytingida 3-o‘ringa ko‘tarildi. 2018 yilda bu mamlakat harbiy xarajatlari 66,5 mlrd dollar bo‘lgan. 2020 yilda esa bu miqdor 72,9 mlrd dollarni tashkil etgan.

2021 yilda Hindiston harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 2,7 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida mamlakat harbiy xarajatlar miqdorini 33 foizga oshirgan.

2. Xitoy

Foto: www.alamy.com

Umumiy harbiy xarajatlari: 293 mlrd dollar

(2020 yilda 252 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 41 mlrd dollar)

1991 yilda SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Xitoy harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda 2-o‘ringa ko‘tariladi. Chin yurti 2006–2008 yillarda harbiy xarajatlar uchun yiliga 50–80 mlrd dollar atrofida mablag‘ ajratardi. O‘shanda Xitoy harbiy xarajatlari AQSh harbiy xarajatlarining bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil etgan.

Shundan buyon Xitoy harbiy xarajatlarini to‘xtovsiz oshirib kelmoqda. So‘nggi yillarda bu davlatning harbiy xarajatlari miqdori 250 mlrd dollardan oshmoqda. 2021 yilda esa qariyb 300 mlrd dollar bo‘ldi.

2021 yilda Xitoy harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 1,7 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan. 2012–2021 yillar oralig‘ida mamlakat harbiy xarajatlar miqdorini 72 foizga oshirgan.

1. AQSh

www.alamy.com

Umumiy harbiy xarajatlari: 801 milliard dollar

(2020 yilda 778 mlrd dollar bo‘lgan. O‘sish 23 mlrd dollar)

AQSh ancha yildan buyon harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni hech kimga bermay kelyapti. Katta ehtimol bilan yaqin yillarda hech bir davlat bu masalada undan o‘tib keta olmaydi.

2021 yilda harbiy xarajatlar uchun dunyoda sarflanayotgan mablag‘ning 38 foizi AQShga to‘g‘ri kelgan. Bu mamlakat so‘nggi 20 yilda harbiy xarajatlar uchun har yili 700–750 mlrd dollar atrofida mablag‘ sarflamoqda.

AQSh harbiy xarajatlari juda katta ekani avvalo mamlakat barqaror iqtisodiyotga egaligi, shuningdek NATO harbiy blogining asosiy moliyaviy ta’minotchisi ekani bilan bog‘liq. Shuningdek, dunyoning qirqqa yaqin davlatida AQShning mingga yaqin harbiy bazasi bor.

2021 yilda AQSh harbiy xarajatlar uchun YaIM hajmining 3,5 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan.

O‘zbekistonning harbiy xarajatlari va armiyasining nufuzi

Har qanday suveren davlat kabi O‘zbekiston ham o‘z hududiy yaxlitligini mustahkamlash maqsadida harbiy xarajatlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ ajratadi. Bu mablag‘lar tabiiyki mamlakat armiyasining jangovar qudratini oshirish uchun sarflanadi. Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 2021 yildagi harbiy xarajatlar uchun ishlatgan mablag‘i 1,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu mamlakat YaIM hajmining salkam ikki foizini tashkil qilgan.

O‘zbekiston armiyasi yangilangan Global Firepower Index – 2021 reytingida dunyo bo‘yicha 51-o‘rin, MDH davlatlari orasida Rossiya va Ukrainadan so‘ng 3-o‘rin, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egallagan.

Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston – 61, Afg‘oniston – 75, Turkmaniston – 86, Qirg‘iziston – 93, Tojikiston 99-o‘rindan joy olgan.

Mavzuga oid