O‘zbekiston | 17:10 / 01.05.2022
14219
2 daqiqa o‘qiladi

Ibrohim Abdurahmonov oliy ta’lim mussasalaridagi yangi prorektorlik lavozimi qanday natija keltirayotgani haqida gapirdi

OTMlarda Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga Ilmiy ishlar va innovatsion rivojlanish bo‘yicha prorektor lavozimi joriy qilinishi natijasida 70 ga yaqin universitetlarda ishlab chiqarish va daromad bilan bog‘liq start up loyihalar paydo bo‘lgan.

Bu haqda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 27-aprel kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

«Bu lavozim albatta o‘zini oqlayapti. 

Hozir barcha innovatsion loyihalarni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektordan o‘tadigan tizim joriy qilganmiz. 

Bir necha yil avval universitetlarni tijoratlashtirish bo‘yicha fondlarda 20 mlrd mablag‘ bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu raqam 6-7 barobarga oshdi.

Hozir prorektorlar o‘zi innovatsion loyihalar topyapti va kelgan foyda orqali fondni to‘ldirishyapti. Bu mablag‘larning bir qismi magistr va olimlarimizning amaliyotiga yo‘naltirilmoqda. 

Aniqlashtiradigan bo‘lsak, hozir innovatsion fondlarda 120 milliarddan ortiq mablag‘lar paydo bo‘ldi. Bu innovatsiya bo‘yicha prorektorlarimizning to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbusi.

Avvallari shuningdek, birorta start up loyihalar bo‘lmagan. Hozir bu ko‘rsatkich 70 dan ortdi», – deya vazir so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Ma’lumot uchun, OTMlardagi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimi O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 7-maydagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qayta joriy qilingan.

Mavzuga oid