Yuziga bo‘yoq chaplangan Rossiya elchisi va Xarkov atrofida qolgan rus askarlari. Urush suratlari
Urushning 75-kuni o‘tdi. Rossiya Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani keng nishonladi - Qizil maydonda parad o‘tkazildi, Vladimir Putin butun nutqini Ukrainaga bosqinni oqlashga bag‘ishladi. Butun mamlakat bo‘ylab «bog‘cha bolalari paradlari»va bolalar ishtirokida turli aksiyalar o‘tkazildi. «O‘lmas polk» marshlarida Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan askarlarning qarindoshlari ham ishtirok etdi. Ukraina YeI a’zoligiga nomzod maqomini olish uchun so‘rovning ikkinchi qismini topshirdi. Odessa shahri va Odessa oblasti rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi davom etmoqda.
Ukrainada urush. So‘nggi soatlardagi asosiy ma’lumotlar
Ukraina bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, Izyum atrofidagi janglarda tanaffus yuzaga kelgan. Shu bilan birga Severodonetskdan shimol va janubdagi hududlar uchun janglar davom etmoqda: rossiyaliklar mudofaani yorib o‘tish va keyin Liman hamda Severodonetskni egallash uchun harakat qilmoqda. Janubroqda, Donetskka yaqin hududlarda ham harbiy harakatlar olib borilmoqda.
AQSh Kongressidagi Demokratik partiya vakillari Ukrainaga 40 milliard dollarlik yordam paketi bo‘yicha kelishib olishdi, bu masala yaqin kunlarda ovozga qo‘yilishi mumkin.
Yaponiya rossiyaliklarga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi, unga yana 70 kompaniya va 130 dan ortiq kishi, jumladan bosh vazir Mixail Mishustin, «Almaz-Antey» konserni va «Takticheskoye raketnoye voorujyeniye» korporatsiyasi ham qo‘shilgan.
Ukraina armiyasining «Janub» operativ qo‘mondonligi 9 may kuni Odessaga, xususan savdo markazi va keng iste’mol mollari saqlanadigan omborxona raketa zarbalari kelib tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralangani to‘g‘risida xabar berdi.
Rossiya Moliya vazirligi 2022 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 12 foizga qisqarishini kutmoqda, bu 1994 yildan beri eng yomon ko‘rsatkich. Bloomberg xabariga ko‘ra, bu haqda Moliya vazirligining ichki prognozida aytiladi. Agar prognoz amalga oshsa, agentlik manbasi ta’kidlashicha, bu Rossiya iqtisodiyotining so‘nggi o‘n yildagi o‘sishini yo‘qqa chiqaradi.
Quyida 9 may kuni Ukrainaning turli hududlarida olingan suratlar: