O‘zbekiston | 16:52 / 17.05.2022
4341
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligi tanqid qilindi

Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, Zangiota 37 turdagi, Karmana 24 turdagi, Dang‘ara va Jomboy 17 turdagi mahsulotlarni birjaga chiqargan bo‘lsa, Andijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot birjaga qo‘yilmoqda.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

«Misol uchun, 1 iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna g‘allani birja orqali sotishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fermerlar uchun 2 trillion so‘m qo‘shimcha daromad degani.

Lekin tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, ya’ni ishni qanday tashkil etishi bo‘yicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yo‘q», – dedi prezident.

Mahalliy mahsulotlarni birjada ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizim O‘rta Chirchiq tumani misolida tushuntirildi.

 

Mavzuga oid