O‘zbekiston | 20:25 / 19.05.2022
12856
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda “prava” sotilayotgan bo‘lishi mumkin. IIB internetda tarqalgan audio egalarini qidirayotgani aytildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryodagi avtomaktabdan “prava”ga imtihon topshirish uchun YPX xodimlari pul talab qilayotgani aytilgan audio tarqaldi.

Audioda kimligi noma’lum ayol va erkak imtihon jarayonida tamagirlikka yo‘l qo‘yilayotganini muhokama qilishgan. Erkak imtihon topshirib chiqqani va evaziga 200 ming so‘mdan pul yig‘ib olinganini bildirgan.

Suhbatda To‘lqin ismli kishi o‘rtada vositachilik qilgani va uni YPXda hamma tanishi aytiladi.

Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot guruhi katta mutaxassisi Elnur Abrayev audio bo‘yicha Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

“Joriy yilning fevral oyidan beri nazariy imtihonlarda 20 ta savol qo‘yiladigan tizim yaratildi. Imtihonlarimiz shunday tashkil qilinyaptiki, auditoriyaga kirgan 25 nafar o‘quvchiga kompyuter orqali onlayn 20 tadan savol beriladi. Ularga na tashqaridan, na ichkaridan birov yordam berolmaydi.

Xonalarga onlayn kamera qo‘yilgan va bizdan yuqori turuvchi tashkilotlar nazorat qilib turadi. Bundan tashqari, imtihon jarayonlarida IIV huzuridagi shaxsiy xavfsizlik xizmati xodimlari kuzatuvchi-nazoratchi sifatida ishtirok etadi. 20 ta savoldan uchta xato qilgan odam imtihondan “yiqilgan” hisoblanadi. Bu xulosani ham kompyuterning o‘zi beradi – inson omili bo‘lmaydi.

Biz ham audioni o‘rganib chiqdik. Suhbatda 10 ta savol haqida gapirilmoqda. Demak, audio biroz avval yozib olingan bo‘lishi mumkin. Chunki mart oyidan boshlab Surxondaryo viloyatida yagona imtihon markazi tashkil qilindi. Bitta imtihon xonasi ro‘yxatga olingan. Tarqalgan audioda aytilayotgan o‘nta savolni belgilash avval bor edi. Tumanlarda ham ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalarimizda imtihon olinardi. Kompyuterlar yo‘q, faqat shablon bo‘lardi. Endi barcha tumanlardagi nomzodlar yoki qayta tayyorlanayotgan haydovchilar faqat Termiz shahridagi yagona markazda imtihon topshirmoqda”, – dedi YHXB rasmiysi.

Abrayevning qo‘shimcha qilishicha, audiosi tarqalgan ikki fuqaroning shaxsi hozircha ma’lum emas. U To‘lqin ismli shaxs tizimda ishlamasligi va bunday odamni xodimlar tanimasligini bildirdi. Mobodo shunday odam bo‘lsa ham, imtihon topshiruvchilarni aldab yurgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq aynan Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 2 million so‘m olgan fuqaro ushlangani haqida xabar berilgangan edi. Viloyat IIBga ko‘ra, tamagirlikda gumonlanayotgan shaxs 25 aprel kuni Jarqo‘rg‘on tumanida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi 17 may kuni qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid