O‘zbekistonda uy-joyga talab sezilarli oshdi – hududlarda narxlar qanday?
2 oy ichida o‘zbekistonliklarning uy-joyga talabi sezilarli oshdi – 15 foiz. Ikkilamchi bozorda narxlar 2 foizga oshdi. Ijara narxlari borasida yetakchi hududlar ma’lum qilindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari aprel oyida ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda.
2022 yil aprel oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 23,4 mingtani tashkil etdi, bu joriy yilning mart oyiga nisbatan (20,3 ming) 15,1 foizga ko‘p. O‘tgan yilning mos davriga (20,8 ming) nisbatan o‘sish 12,6 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Xorazm (39 foiz), Surxondaryo (32 foiz), Namangan (29 foiz), Jizzax (27 foiz), Samarqand (25 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
Sirdaryo (2,6 foiz) va Toshkent (2,2 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (3,8 foiz) nisbatan pastroq o‘sish sur’atlari kuzatildi.
Jizzax (4,6 foiz) va Navoiy (5,1 foiz) viloyatlarida yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan ko‘chmas mulklar soni ulushining nisbatan yuqoriligi mazkur hududlarda tadbirkorlik faoliyati uchun ko‘chmas mulk obektlari muhim ekanligidan dalolat beradi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi
Hududlar bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha eng ko‘p shartnomalar Toshkent shahri (6,9 ming), Toshkent (2,5 ming) va Farg‘ona (2,1 ming) viloyatlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, yuridik shaxslar aksariyat ko‘chmas mulkni Toshkent (79), Navoiy (60) va Jizzax (27) viloyatlarida sotib olishgan.
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘zgarishi
Tahlil natijalariga ko‘ra, aprel oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari mart oyiga nisbatan 2,1 foizga o‘sdi (martda 1,9 foiz kamayish).
Narxlarda eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (6,5 foiz), Andijon (5,3 foiz), Toshkent (5,1 foiz) va Sirdaryo (5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Surxondaryo (-1,7 foiz), Namangan (-1,4 foiz) va Xorazm (-1,2 foiz) viloyatlarida narxlar pasaygan.
Toshkent shahri va viloyat administrativ markazlarida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘zgarishi (1 kv.m. uchun AQSh dollarida)
Toshkent shahrida o‘tgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,3 foizga o‘sdi. Uy-joy narxlarining o‘sishi barcha tumanlarda qayd etilgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish Bektemir (3,5 foiz), Mirobod (2,6 foiz) va Yunusobodda (2,4 foiz) kuzatilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent shahri bo‘yicha aprel oyida o‘rtacha ijara narxi 8,6 dollarni (1 kv metr uchun) tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 0,4 foizga o‘sgan (martda 9,1 foiz o‘sish).
Tumanlar kesimida yuqori ijara narxlari Shayxontohur (11,7 dollar), Mirobod (10,8 dollar) va Yakkasaroy (10,6 dollar) tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq ijara narxlari Sergeli (5,6 dollar), Bektemir (6,2 dollar) va Uchtepa (6,7 dollar) tumanlarida kuzatildi.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
08:20 / 13.12.2024
Raqobat qo‘mitasi yirik savdo tarmoqlariga narxlarni nazorat qilib borishni topshirdi
17:57 / 12.12.2024