Jahon | 15:29 / 23.05.2022
16762
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Medvedchukni "Azovstal"dan chiqqan harbiylarga almashish ehtimoli borasida izoh berdi 

12 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Medvedchuk qo‘lga olinganini aytib, uni ukrainalik asirlarga almashishni taklif qilgandi.

Foto: DPA

Ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchukni "Azovstal"dan chiqqanlarga almashish ehtimoli haqida gap bo‘lishi mumkinmas, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

"Medvedchuk Ukraina fuqarosi ekani, uning Rossiyaga aloqasi yo‘qligi va u harbiy emasligini avval aytganmiz. "Azovstal"dagi asirga olingan shaxslarga keladigan bo‘lsak, gap harbiylar va natsionalist tuzilmalar a’zolari to‘g‘risida bormoqda", - dedi u.

"Ular turli toifadagi shaxslar bo‘lgani uchun qandaydir almashish to‘g‘risida gapirish imkonsiz", - deb ta’kidladi Peskov.

Uning aniqlik kiritishicha, almashish masalalari bilan mudofaa vazirligi shug‘ullanadi.

Viktor Medvedchuk ukrainalik rossiyaparast siyosatchi hisoblanadi. U Rossiya Ukrainada harbiy harakat boshlagach, yo‘qolib qolgandi. 12 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Medvedchuk qo‘lga olinganini aytib, uni ukrainalik asirlarga almashishni taklif qildi.

Medvedchuk qo‘lga olingach, uning xotini Oksana Marchenko o‘zining YouTube sahifasida qator davlat rahbarlari, xususan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qildi.

17 aprel kuni Marchenko erini Rossiya armiyasiga asir tushgan Shon Pinner va Eyden Aslinga almashish haqida gapirdi.

Mavzuga oid