Navalniy Time uchun Putin haqida, Bayden – Zelenskiy haqida maqola yozdi. Ular nimalar deyishgan?
Time 2022 yilning eng nufuzli kishilari yuzligi ro‘yxatiga Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin hamda Volodimir Zelenskiyni ham kiritdi. Putin haqidagi matnni rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, Zelenskiy haqida esa AQSh prezidenti Jo Bayden yozgan.
Bayden Ukraina prezidenti «erkin dunyo mamlakatlari»ni ilhomlantirgani va birlashtirgani qayd etgan hamda G‘arbni muhokama qilgan, Navalniy esa rossiyaliklar prezidenti to‘g‘risida batafsil to‘xtalgan. Navalniy Vladimirskoy oblastidagi Pokrov shahrida joylashgan koloniyada turib yuborgan matn qariyb ikki barobar uzun bo‘lib chiqdi.
Bayden nimalar degan
«Vladimir Putin Ukrainaga qarshi beshafqat urush boshlaganida va ukrainlar yetakchiga ehtiyoj sezganida, Volodimir Zelenskiyning so‘zlari butun dunyoga jarang sochdi: «Prezident shu yerda».
Butun mamlakat bo‘ylab o‘z uyi va erkinligi uchun kurashayotgan Ukraina xalqi – do‘kondorlar va askarlar, tikuvchilar va haydovchilar – Zelenskiy qiyofasida o‘z jasorati va matonatlariga munosib rahbarni topishdi. Biz har safar gaplashganimizda, Zelenskiyning ovozida men o‘z xalqi oldidagi burchiga ishonadigan va shunday zulmatli va qiyin pallada o‘z xalqini oldinga boshlovchi tantanali mas’uliyatini har kuni bajaradigan charchoq bilmas qat’iyatli inson ovozini eshitaman.
Prezident Zelenskiydan ilhomlangan erkin dunyo xalqlari har qachongidan ko‘ra jipslashgan, yanada qat’iy va yanada sobitqadam. AQSh, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz qo‘llab-quvvatlovi bilan u tarixda o‘z izini qoldirdi va butun dunyoga Ukraina turib berishini, uning xalqi esa oxir-oqibat uzoq vaqt kutilgan demokratik kelajakka erishishini isbotladi».
Navalniy nimalar degan
«Ehtimol, Vladimir Putinning haqiqiy missiyasi - barchaga: jahon yetakchilaridan tortib oddiy odamlargacha saboq berishdir. Ayniqsa 2022 yilda u bu borada muvaffaqiyat qozondi.
U bizga saylovlardagi «kichik soxtalashtirish»dan boshlangan yo‘l hamisha diktaturaga olib borishini yana bir bor eslatdi. Diktaturalar esa hamisha urushlarga olib boradi. Va bu saboqni unutmaslik kerak.
Jahon yetakchilari yillar mobaynida «pragmatik yondashuv» va xalqaro savdoning afzalliklari haqida gapirib kelishdi. Ular bu orqali Rossiya nefti va gazidan foydalanishdi, bu vaqtda esa Putinning hokimiyati kuchaygandan kuchayib bordi. Bu urush shampan vinosi bilan nishonlangan neft shartnomalaridan ko‘rilgan foydadan yuzlab marta qimmatga tushadi.
Putin bizning barchamizga «o‘rdak testi»ni eslatadi: agar nimadir o‘rdakka o‘xshab ko‘rinsa, o‘rdakdek suzsa va o‘rdakdek sayrasa – bu katta ehtimol bilan o‘rdakdir.
Bu holatda ham xuddi shunday mantiqni qo‘llash kerak: agar kimdir mustaqil OAVni yo‘q qilsa, siyosiy qotilliklar uyushtirsa va o‘zining imperiyachilik e’tiqodiga amal qilsa, u 21 asrda Yevropa markazida qonli urush boshlashga qodir jinnidir. Va xalqaro forumlarda uni quchoqlab olmaslik kerak.
Ayni damda Putin bizga mamlakatning 20 yil ichida erishgan iqtisodiy muvaffaqiyatlarini qanday qilib nollashtirish mumkinligi haqida ham saboq bermoqda.
Endi asosiy savol tug‘iladi: armiya, yadro quroli va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi maqomiga ega bo‘lgan davlat bilan yovuz telbani qanday to‘xtatish kerak? Va bu savolga hali javob berilmagan. Va buni biz qilishimiz kerak».
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:16 / 24.12.2024
WP: Bayden Putinga «xayrlashuv zarbasi» - Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
07:50 / 24.12.2024