Jamiyat | 08:44 / 26.05.2022
40584
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda 58 yoshli erkakni kaltaklagan maktab o‘quvchilari ushlandi

Foto: IIBB axborot xizmati

Chirchiqda maktab o‘quvchilari bilan bog‘liq bo‘lgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi - axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar berdi.

21 may kuni soat 17:30 lar atrofida Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 4-mikrorayonda 8-sinf o‘quvchisi N.L. va E.A. Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 58 yoshli R.A.ni kaltaklagan. 7-sinfda tahsil oluvchi yana bir o‘quvchi voqeani videoga yozib olgan, keyinroq u ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan.

Videoda maktab o‘quvchilari erkakni ta’qib qilgani, so‘ng u yiqilganidan keyin ham navbatma-navbat mushtlab, yuziga tepganini ko‘rish mumkin. Videoyozuvda o‘quvchilarning so‘kinishi va kulgisini eshitish mumkin. Erkak ular deyarli 60 yoshli kishiga qo‘l ko‘targanini aytadi. 

Toshkent viloyati IIBB xabariga ko‘ra, joriy yilning 21 may kuni Chirchiq shahrida maktab o‘quvchilari bezorilik sodir etgan holati yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «B» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shaxslar JPKning 227-moddasi tartibida ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid