Jamiyat | 20:36 / 26.05.2022
19449
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrida xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzgan taksi haydovchilari markaziy ko‘chani to‘sib qo‘ydi

Taksi haydovchilari xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab mas’ullarga murojaat bilan chiqishgan.

Foto: IIV YHXBB Axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida xavfsizlik kamari bo‘yicha qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kamera faoliyatidan norozi bo‘lgan haydovchilar ko‘chani to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan IIV YHXBB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 2022 yil 26 may kuni soat taxminan 14:00 larda Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Transport kolleji ro‘parasida, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilari norozilik bildirib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab, mas’ullarga murojaat bilan chiqishgan.

«Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan amaldagi yo‘l harakati qoidalariga rioya etishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi munosabatda.

Munosabatda aytilishicha, 2022 yil 14 may kuni Islom Karimov ko‘chasida «Lochin ko‘z-Q» dasturi asosida kameralar o‘rnatilgan va ular orqali xavfsizlik kamari qoidabuzarliklarini aniqlash ishga tushirilgan. Bu haqda o‘z vaqtida Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy sahifasi hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot berilgan.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ning 9-bandida yangi norma kiritilgan bo‘lib, unda «Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old o‘rindig‘idagi yo‘lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart»ligi belgilangan.

 

Mavzuga oid