O‘zbekiston | 14:22 / 27.05.2022
19575
4 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya urchib ketgani bo‘yicha eng ko‘p shikoyat Andijon viloyatidan tushayotgani ma’lum bo‘ldi

Andijon viloyati korrupsion jinoyatlar va korrupsiyaga oid shikoyatlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallab turibdi, deya ma’lum qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishi bo‘yicha Andijon viloyati so‘nggi 3 oyda eng yuqori o‘rinlarni egallab turibdi, deya ma’lum qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Qayd etilishicha, Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlar ichida Andijon viloyati respublikada 1-o‘rinda turibdi.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Andijon viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida hududda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerakligi haqida so‘z borgan. Viloyat, shahar va tuman hokimliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bugungi kundagi holatiga e’tibor qaratilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda viloyatda 22 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Ular o‘zlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilgan.

Mazkur jinoyatlarga qo‘l urganlarning 4 nafari viloyat hokimligi, 18 nafari tuman va shahar hokimliklarining xodimlari hisoblanadi.

Yig‘ilishda bu jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, hozir va kelgusida ularning oldini olish uchun ko‘riladigan choralar to‘g‘risida viloyat prokurori, mas’ul hokim o‘rinbosari axborot bergan.

Tadbirda viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashi zimmasidagi vazifalarni samarali bajara olmayotgani ham tanqid qilingan. 2021 yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati 9-o‘rinni egallagan.

Foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

“Bir oydan so‘ng 2022 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha hududlar xuddi shunday baholanadi va barcha natijalar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, Milliy kengash yig‘ilishida muhokama qilinadi. Lekin bu davrda ham viloyat hududiy kengashi tomonidan ijobiy natija ko‘rsatish uchun arzirli amaliy ish yoki tashabbusni ko‘rmayapmiz. Kengash a’zolari korrupsiyaga qarshi kurashish borasida a’zo sifatidagi mas’uliyatni qanchalik his qilmoqda, viloyatda, o‘z tizimida korrupsiyani kamaytirish uchun qay darajada harakat qilmoqda – bu kabi savollarni kengashning har bir a’zosi o‘ziga qayta va qayta berishi kerak, deb o‘ylayman”, – dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabrida Andijon viloyati prokuraturasi xodimi 15 ming dollar, Asaka tumani hokimligi yuristi ming dollar pora bilan ushlangandi.

Kun.uz avvalroq Andijon viloyatidagi qurilishlarda regulyator bo‘lgan asosiy davlat tashkilotlari rahbarlari qarindosh-urug‘chilik asosida milliardlab davlat buyurtmalariga ega chiqqani, ularning faqat bir nafari jazoga tortilgan, ayrimlari hamon o‘z lavozimida ishlayotgani haqida yozgandi.

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m zarar keltirganlikda ayblangan, biroq bu ishning kelgusi taqdiri noma’lumligicha qolgandi.

Mavzuga oid