O‘zbekiston | 14:35 / 27.05.2022
15053
3 daqiqa o‘qiladi

“Millionlab migrantlar bitta davlatdagi ahvolga bog‘lanib qolishi kerak emas” - germaniyalik professor

Germaniya iqtisodiy guruhi konsultanti Matias Lukke Buxoroda o‘tayotgan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida migratsiyaga oid qator takliflar berdi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda aytishicha, davlat migrantlarni kasb-hunarga o‘qitganda faqat O‘zbekistonda kerakli kasblarga emas, balki fuqarolarning rasman ishlash imkoniyati bo‘lgan davlatlarga kerakli kasblarni o‘qitishi kerak.

Germaniya iqtisodiy guruhi konsultanti, Kil universiteti professori Matias Lukke Buxoroda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish xalqaro forumida ishtirok etdi. U Kun.uz bilan suhbatda migrantlarga muqobil variantlar berish kerakligi haqida gapirdi.

“Tabiiyki, migrantlar daromadi qaysi mamlakatga ketayotgani hamda o‘sha mamlakatdagi iqtisodiy ahvolga ham bog‘liq. Misol uchun, Rossiyadagi vaziyat o‘zbek migrantlariga, umuman Markaziy Osiyo va Rossiyada bo‘lib turgan boshqa mehnat muhojirlarining daromadiga ta’sir qilmay qolmaydi. Shuning uchun biz O‘zbekiston hukumati tomonidan muqobil variantlar ishlab chiqilishi va boshqa davlatlar bilan ham migratsiya borasida kelishuvga erishish muhimligini ta’kidlaymiz.

Shunda bir necha million aholida faqatgina bitta davlatdagi vaziyatga bog‘lanib qolmasdan, ularda boshqa alternativ mamlakatlarga borish imkoniyati va o‘zini qo‘llab-quvvatlash, ishlash, oilasini boqish imkoniyati paydo bo‘ladi”, – deydi u.

Professorga ko‘ra, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni o‘sha davlatlardagi talabgir kasblarga o‘qitish muhim ahamiyatga ega.

“Migrantlar nima qilishi kerak, qaysi davlatga qanday boradi, ya’ni borayotgan davlati qonunchiligi bo‘yicha juda ko‘p ma’lumotga muhtoj bo‘lishadi. Bularga, masalan, kasbiy nuqtayi nazardan o‘qish yoki kasbiy mahorat maktablarida kurslar tashkil qilinishi kerak bo‘ladi. Mana shu qismida davlat o‘z rolini bildirishi mumkin. Ya’ni davlat har qanday holatda ham kollej yoki litseylar orqali maxsus kasbga o‘qitish imkoniyatlarini yaratadi, lekin bunda davlat nafaqat O‘zbekiston uchun kerak bo‘lgan, balki Rossiya, umuman migrantlar qaysi davlatga borish imkoniyati bo‘lsa, deylik Koreya, Yaponiya, Yevropa Ittifoqida qanaqa turdagi kasb egalari kerak bo‘lishini inobatga olgan holda bu jarayonni tashkillashtirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi”, – deydi professor.

Matias Lukke migrantlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul ajratib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqida emas, ularni to‘g‘ri malaka bilan ta’minlash, o‘qitish to‘g‘risida o‘ylash kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Agar shu narsa ta’minlansa, migrantlar boshqa mamlakatga borganda ishonchi komil bo‘lib rasman ishlashi, daromad qilishi va mablag‘larni oilalariga bemalol yuborishi mumkin bo‘ladi. Bu oilalar ichki iste’mol orqali iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shadi va har xil tovarlar importi orqali qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lab, davlat qilgan xarajatlar qisman kompensatsiya bo‘lishi mumkin”, – deydi iqtisodchi.

Mavzuga oid