Iqtisodiyot | 08:29 / 29.05.2022
42984
6 daqiqa o‘qiladi

Bozordagi vaziyat: O‘simlik yog‘i, guruch, kartoshka va piyoz narxi qimmatlashdi

Kun.uz muxbirining Toshkent shahridagi Farhod dehqon bozorida o‘tkazgan o‘rganishlariga ko‘ra, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshgan. Bunga import narxlari qimmatlashgani, ekin maydonlari qisqargani va mavsumiy omillar ta’sir o‘tkazgani aytilmoqda. 

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat narxlarining sezilarli darajada oshganligi yuzasidan e’tirozlar bildirilmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu vaziyatni o‘rganish maqsadida Toshkent shahridagi Farhod dehqon bozoridagi narxlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, o‘rtacha sifatdagi 1 litr kungaboqar yog‘i 23-24 ming so‘m atrofida, paxta yog‘i esa 21 ming so‘mdan sotilmoqda. Besh litrlik kungaboqar yog‘ining bahosi  115 ming, paxta yog‘ining narxi esa 95 ming so‘mdan boshlanadi.

Tadbirkorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, kungaboqar yog‘ining qimmatlashishi import narxlarining oshganligi bilan bog‘liq.

«Men oddiy olib sotarman. Ulgurji olgan narxlarimga ma’lum miqdorda o‘z foydamni qo‘yib sotaman. Rossiyadan import qilinadigan o‘simlik yog‘larining narxi qimmatlasha boshlaganiga ancha bo‘ldi. Boshida arzonroq narxda sotib olgan zaxira mahsulotlarimiz bo‘lgani bois, ularni sotib tugatgunimizcha, narxlarni keskin oshirmadik. Ammo oxirgi bir haftada narxlar sezilarli darajada qimmatlashdi. O‘n kuncha oldin 19-20 ming atrofida sotgan mahsulotlarimizni, 23 mingdan sotyapmiz. Bundan keyin narxlar oshishi yoki tushishi haqida aniq bir narsa ayta olmayman», dedi u.

Un narxi ham keskin qimmatlashgan. Qozog‘istondan import qilinuvchi 1 kglik «Altin dan» uni 1 kilogrammi 11 ming so‘mdan sotilmoqda. Arzonlashtirilgan yarmarkalarda esa 1 kg oliy navli unni 6000 so‘mdan xarid qilish mumkin.

Sotuvchilardan birining ta’kidlashicha, un narxlarining oshishi mavsumiy omillar bilan bog‘liq.

«Bu odatiy holat. Har yili may-iyun oylarida narxlar qimmatlashadi. Yangi bug‘doy hosili yig‘ib olinganidan keyin narxlar arzonlasha boshlasa kerak. Qozog‘istondan ham mahsulot olib kelishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda», deydi u.

Kartoshka va piyoz narxi esa keskin qimmatlashgan. Bozor rastalaridagi chakana sotuvchilar 1 kg yirik sifatli oq kartoshkani 8000 ming so‘mdan, qizil kartoshkani esa 8500-9000 mingdan sotishmoqda.

Arzonlashtirilgan rastalarda esa o‘tgan yilgi eski va yangi mayda kartoshkalarni 3000 – 3500 so‘mdan xarid qilish mumkin. Sotuvchilarning aytishicha, kartoshka narxlarining qimmatlasha boshlaganiga taxminan 10 kuncha bo‘lgan. Bu dalalardagi mahsulotlarning katta miqdorda xorijga eksport qilinayotganligi, buning oqibatida esa bozorlarga mahsulot kelishi kamayganligi hisobiga yuz bermoqda. Ikki hafta oldin 4800-5000 atrofida sotilgan kartoshkalar 8000 so‘mdan, 2500 so‘mdan sotilgan piyozlar 6000 so‘mdan sotilayotgani aytildi.

Guruch va shakar narxlari ham ko‘tarilgan. Guruch narxlarining oshishi joriy yilda ekin kam ekilgani bilan, shakar narxlarining oshishi esa bahorgi mevalardan «kompot» va murabbo tayyorlash mavsumi boshlanganligi sabab talabning oshib ketganligi bilan izohlandi.

Tuxum va go‘sht narxlarida deyarli o‘zgarish kuzatilmagan. O‘rtacha kattalikdagi tuxum (10 dona) 11-12 ming so‘m atrofida, 1 kg mol go‘shti o‘rtacha 68-70 ming, qo‘y go‘shti 80-85 ming so‘mdan sotilmoqda.

Kun.uz muxbiri suhbatlashgan xaridorlardan birining ta’kidlashicha, oxirgi ikki oyda oziq-ovqat xarid qilish uchun sarf qiladigan mablag‘lari miqdori 25-30 foizga ko‘paygan.

«Shakar, o‘simlik yog‘i, kartoshka va piyoz keskin ravishda qimmatlashib ketdi. Qanday qilib, pishiqchilik boshlangan paytda kartoshka 8000 ming, piyoz narxi 6000 ming so‘m bo‘lishi mumkin?» deya taajjublanadi xaridor.

Ko‘pchilik fuqarolar pulning qadri qolmagani, oyliklar oshishi haqida xabar chiqqanidan keyin hamma mahsulotlarning narxi keskin oshib ketganligidan norozi ekanligini bildirishgan.

«Oylik 15 foizga oshsa, narxlar 30 foizga oshyapti. Menga o‘xshagan davlat ishida ishlamaydigan odamlar esa, buning jabrini chekyapti. Hamma narsaning narxi qimmatlashib ketdi. Kechadan benzin narxi ham oshibdi», deydi taksichilik bilan shug‘ullanadigan fuqarolardan biri.

Ma’lumot uchun, go‘sht, kartoshka, o‘simlik yog‘i kabi mahsulotlar importiga 2022 yil 31 dekabrga qadar QQS imtiyozlari berilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 25 may holatiga hududlardagi markaziy dehqon bozorlarida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxi quyidagicha:

  • suyakli mol go‘shti (1 kg) — 45 000 – 73 000 so‘m;
  • qo‘y go‘shti (1 kg) — 55 000 – 86000 so‘m;
  • kartoshka (1 kg) — 3000 – 8000 so‘m;
  • piyoz (1 kg) — 2000 – 6000 so‘m;
  • sabzi (1 kg) — 2000 – 7000 so‘m;
  • tuxum (10 dona) — 6500 – 15 000 so‘m;
  • guruch (1 kg) — 5000 – 21 000 so‘m;
  • o‘simlik yog‘i (1 l) — 15 400 – 28 000 so‘m;
  • shakar (1 kg) — 9000 – 14 000 so‘m.

Aprel oyining yakunlari bo‘yicha, oziq-ovqat mahsulotlari sektoridagi yillik inflatsiya darajasi 13,4 foizni tashkil qilgan.

Avvalroq,  2022 yil 1 iyundan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 12 foizga oshirilishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid