O‘zbekistonda 72 yoshli bemorga «kelajak avlod aorta klapani» o‘rnatildi
Toshkent shahridagi zamonaviy klinikalardan birida noyob kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi. Bor-yo‘g‘i yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va og‘ir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi.
Kam invaziv muolaja — tibbiyotda yangilik emas. Aorta klapanini almashtirish amaliyoti ham kardioxirurgiyada ko‘p yillardan beri mavjud. SSV matbuot xizmati bu jarrohlik amaliyotning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berdi.
«Birinchi yangilik — bemorning aortasiga o‘rnatilgan moslamada. Uni «kelajak avlod klapani» yoki «chok tikilmaydigan klapan» (aortaga tikilmaydi!) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni o‘rnatish uchun an’anaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni to‘xtatib qo‘yish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun o‘tiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. «Yonboshlamang», «Qimirlash mumkin emas», «O‘zingizni zo‘riqtirmang», degan taqiqlar bo‘lmaydi. Bemor avvalgidek «suyagim bitsin» deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Nihoyat to‘rtinchi va muhim yangilik — bunday murakkab va noyob operatsiyalarni o‘tkazishga barcha kardioxirurglar ham jazm eta olmaydi. Yuksak bilim va salohiyat hamda ko‘p yillik tajriba bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi», deyiladi vazirlik xabarida.
Ushbu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchilik qildi.
Shifokorning qayd etishicha, u mamlakatdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi O‘zbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlar hisoblanadi.
Bugungi operatsiya ham O‘zbekistonda hali ommalashib ulgurgani yo‘q. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda «kelajak avlod klapanlari» yurtimizda minglab bemorlarning umriga umr qo‘shishiga ishonch bildiradi.
«Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli o‘tkazilmagan. Endi esa O‘zbekiston tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yo‘l bosib, katta mablag‘ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi.
Hozir tibbiyot muassasalarimizning moddiy-texnik imkoniyatlari bir necha o‘n barobar oshgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yuqori texnologik operatsiyalar nafaqat Toshkent, balki viloyatlar va hatto tuman markazlarida ham muvaffaqiyatli bajarilyapti. Xorijda yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or muolaja usullari qisqa muddatda mamlakatimizda ham tatbiq etilmoqda.
Bugungi amaliyotga kelsak, bemorimizning yoshi katta, qolaversa, xastaligi og‘ir bosqichga o‘tgan edi. Klinikamizga murojaat qilganidan so‘ng, unga degenerativ yurak kasalligi, aorta klapanining stenozi 2-3 darajasi, aorta klapani yetishmovchiligining 2-darajasi hamda mitral yetishmovchiligining 1,5-darajasi tashxisi qo‘yildi.
Shundan so‘ng hamkasblarimiz bilan maslahatlashib, mazkur murakkab operatsiyani o‘tkazishga qaror qildik. Hozir uning ahvoli yaxshi», deydi shifokor.
Uzoq yillik xavfli xastalikdan sanoqli daqiqalar ichida xalos bo‘lgan Mavluda aya bunday murakkab operatsiyalar O‘zbekistonning o‘zida amalga oshirilayotganidan mamnunligini bildirdi.
«Sakkiz-to‘qqiz yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekaman. Uch yil avval qandli diabet kasalligi ham paydo bo‘ldi. Tez-tez muolaja olib turaman. Ammo ahvolim borgan sari og‘irlashayotgan edi. So‘nggi oylarda ellik qadam yursam ham, nafasim siqadigan bo‘lib qoldi. Yurak sohamda og‘riqlar kuchaydi.
Tanishlarim «Germaniya, Turkiya, Hindistonda yaxshi shifoxonalar bor, o‘sha yerda operatsiya qilishadi» deyishdi. Lekin narxi juda qimmat ekan. So‘rab-surishtirsak, hozir deyarli hech bir yurtdoshimiz yurak-qon tomir amaliyotlari uchun chet elga davolanishga bormayotgan ekan. Barcha murakkab operatsiyalarni o‘zimizning shifokorlar muvaffaqiyatli o‘tkazayotganini eshitib, xursand bo‘ldim.
Do‘xtir ukamiz Rustamjon baraka topsin, qo‘li yengil shifokor ekan. Mana, ko‘rib turganingizdek, operatsiyadan keyin o‘zimni tetik his qilyapman. Bir necha kunda butunlay sog‘aygach, uyga ruxsat ham berisharkan», deydi onaxon.
Mavzuga oid
12:24 / 06.02.2023
Yuragidan tromb olingan bemor 1 kunda oyoqqa turdi
08:28 / 06.03.2022
SSV: Beshinchi qavatdan yiqilgan bemorda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi
09:42 / 24.01.2021
Dunyoda ikki qo‘l va yelkaning ko‘chirib o‘tkazilishi bo‘yicha ilk amaliyot amalga oshirildi
18:15 / 24.10.2019