Iqtisodiyot | 15:16 / 30.05.2022
36936
3 daqiqa o‘qiladi

Chek mojarosi: Bir odam qayta-qayta shikoyat yo‘llashiga cheklov qo‘yilmoqda

Davlat soliq qo‘mitasi cheklar mojarosi ortidan qator yangiliklarni e’lon qildi. 1 iyundan boshlab, tadbirkorlar chek bermaslik holati birinchi marta ro‘y berganda faqat ogohlantiriladi. Chek bermaganlik holati tekshirilayotgan tadbirkor ustidan xuddi shu masalada tushgan boshqa shikoyatlar vaqtincha ko‘rib chiqilmaydi. Bir fuqaro 24 soat ichida 2 tadan ko‘p, 30 kun ichida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yubora olmaydi.

Fotokollaj: Kun.uz

2022 yildan boshlab xarid chekini bermaganlik huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga mukofot puli berish va xarid summasidan bir foiz keshbek xaridorga qaytarilishi tizimi yo‘lga qo‘yilgandi. Buning ortida xaridor va tadbirkorlar o‘rtasida ko‘plab noxush voqealar ro‘y bera boshladi. Davlat soliq qo‘mitasi bu mojarolar ortidan bir qator yangiliklarni e’lon qildi.

Qo‘mitaga ko‘ra, chek bermaganlik yuzasidan yil boshidan buyon 13 mingga yaqin fuqarodan 66 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Tahlillar natijasida kelib tushgan 30 mingga yaqin – murojaatlarning qariyb yarmi bo‘yicha tekshirish o‘tkazish rad etilgan. Qolgan 33 ming murojaat bo‘yicha 97 foiz holatda chek urilmagani tasdig‘ini topgan.

DSQga ko‘ra, joriy yil 1 iyundan boshlab quyidagicha yangi qoidalar kiritiladi.

Birinchidan, “Soliq” mobil ilovasi orqali mulkchilik shaklidan qat’i nazar, birinchi marotaba kelib tushgan murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchi huzuriga borgan holda, profilaktik suhbat o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’yektining qonun talablarida ish yuritishi to‘g‘risida rasman ogohlantiriladi. Unga nisbatan ta’sirchan moliyaviy jazo choralari ko‘rilmaydi.

Mazkur ogohlantirishdan keyin ham xulosa qilinmasdan, qonun buzilishlari davom ettirilib, ushbu tadbirkorlik sub’yekti bo‘yicha ikkinchi marotaba murojaat kelib tushsa, belgilangan tartibda o‘rganish o‘tkaziladi va natijasi bo‘yicha soliq tekshiruvi tashkil etiladi.

Ikkinchidan, murojaat bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilayotgan yoki o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ushbu sub’yekt bo‘yicha takroriy tushgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Uchinchidan, bir fuqaro tomonidan 24 soat ichida 2 tadan ortiq hamda 30 kalendar kuni davomida 1 ta shoxobcha bo‘yicha 1 martadan ko‘p murojaat yuborilishiga cheklov o‘rnatiladi.

To‘rtinchidan, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi murojaatlari, mukofot to‘lanmaydigan murojaatlar sifatida qayd qilinadi.

Davlat soliq qo‘mitasi ushbu o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda, chek talab qilib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan fuqarolarni rag‘batlantirishni va noqonuniy ishlash yo‘lini tanlagan ayrim subektlarga nisbatan ta’sirchan nazorat tadbirlari izchil davom ettirishini ma’lum qilgan.

Avvalroq, soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida cheklar mojarosi haqida fikr bildirib, bir odam tomonidan qayta-qayta shikoyat qoldirish holatlari mavjudligi, ayrimlar chek bermaslik holatini vujudga keltirish uchun atayin arzimagan summaga takror-takror xaridlar qilayotgani haqida gapirgandi.

Mavzuga oid