Korrupsionerlarga o‘lim, “rastamojka”ni ochish, harbiy bloklardan qochish. Konstitutsiya bo‘yicha xalqdan qanaqa takliflar tushyapti?
Meningkonstitutsiyam.uz saytida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha fuqarolardan kelayotgan takliflar e’lon qilib borilmoqda. Ular orasida hokimlarni xalq tomonidan saylash, qat’iy 8 soatlik ish vaqtini belgilash, sportga pul ajratishni bas qilish, Konstitutsiyada yozilgan qoidalarning amalda ham ishlashini ta’minlash va boshqa qiziq tashabbuslar bor. O‘zingizga yoqqan takliflarga ovoz berishingiz mumkin.
30 may holatiga platformada e’lon qilingan 294 ta taklifning asosiy qismi inson huquqlari, davlat boshqaruvi va fan-ta’limga doir takliflar sifatida tasniflangan.
Hozirga qadar platformada “sog‘liqni saqlash tizimida yagona elektron bazani shakllantirish”ga doir taklif eng ko‘p ovoz yig‘gan – 36 ta.
“8 soatlik ish vaqtini qat’iy belgilab qo‘yish va bunga amal qilmagan rahbarlarga nisbatan qat’iy jazo choralarini qo‘llash”ga doir taklifga 35 kishi ovoz bergan.
Platformaga kelib tushgan takliflar orasida korrupsiyaga qarshi kurashni konstitutsiyaviy maqomga ko‘tarish masalasi ham ko‘plab uchramoqda. Xususan, takliflarda korrupsion jinoyatlar uchun jazoni va uning muqarrarligini kuchaytirish, hattoki korrupsionerlar uchun o‘lim jazosini tiklash kabi takliflar ham bor.
Shuningdek, bir nechta fuqarolar tomonidan viloyatlar va tuman (shahar) hokimlarini xalq tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylash ilgari surilgan. Bunday takliflarning deyarli barchasi nisbatan ko‘proq ovozni yig‘moqda. Ma’lum qilinishicha, hokimlar saylash ortidan ularning xalq oldidagi javobgarligi ortadi.
Kelib tushgan takliflar orasida tashqi siyosatga doir fikrlar ham bor. Xususan, Konstitutsiyaga O‘zbekistonning harbiy bloklar va siyosiylashtirilgan iqtisodiy ittifoqlarga qo‘shilmasligi, mamlakat hududida xorijiy harbiy bazalar va chet davlatlar armiyalarini joylashtirish mumkin emasligini kiritish taklif qilinmoqda.
Yuqorida qayd etganimizdek, elektron platformada turli sohalarda inson huquqlariga doir takliflar eng ko‘p o‘rin olgan. Xususan, amaldagi konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklariga oid qoidalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri harakatini ta’minlash va konstitutsiyaviy huquqlari buzilgan fuqarolarga sudga murojaat qilish huquqini berish taklif qilinmoqda.
Inson huquqlariga doir yana bir taklifda Konstitutsiyaning 31-moddasida belgilangan vijdon erkinligiga doir normalarni yanada aniqlashtirish taklif qilinmoqda. Xususan, ayollarning tashkilot va ta’lim muassasalarida ro‘mol o‘rab yurishini cheklashni taqiqlash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, sportni rivojlantirishga ajratilayotgan trillionlab mablag‘larni keskin kamaytirib, ularni ta’lim va tibbiyot kabi sohalarga yo‘naltirish kabi fikrlar ham yo‘q emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama va tanqid qilinishiga qaramay, mas’ullar e’tibor qaratmaydigan yana bir masala Konstitutsiyaga taklif sifatida kiritildi – xorijdan olib kiriladigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini minimal darajagacha pasaytirish.
Bundan tashqari, platformaga O‘zbekistonda qo‘shfuqarolikka ruxsat berish, xususiy mulk daxlsizligi hamda tadbirkorlarning huquqlarini amalda ta’minlash, jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo choralarini kuchaytirish, ekologiya, bepul tibbiy xizmat va ta’limga doir ko‘plab takliflar kelib tushgan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish jarayonida fuqarolardan tashabbuslar Meningkonstitutsiyam.uz portali, Telegram-bot, 1341 koll-markazi va pochta orqali qabul qilinmoqda.
Fuqarolardan kelib tushgan takliflar inobatga olinishi yoki olinmasligi Akmal Saidov boshchiligidagi konstitutsiyaviy komissiya tomonidan hal qilinadi.
Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish jarayoni shu yil 8 dekabrgacha, ya’ni bosh qomus qabul qilinganining 30 yilligi nishonlanadigan kunlarda tugallanishi kutilmoqda: bu muddat prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil 7 dekabrdagi tabrigida aytib o‘tilgandi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova
13:04 / 10.04.2023
“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor
13:34 / 09.04.2023