Jahon | 15:33 / 31.05.2022
39832
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Tayvan atrofidagi havo hududiga 30 ta harbiy samolyot jo‘natdi. Ularni qarshi olish uchun qiruvchilar havoga ko‘tarildi

Tayvan rasmiylariga ko‘ra, dushanba kuni davomida Xitoy orol atrofidagi havo kengligiga 30 ta jangovar samolyotlarini yuborgan. Ularning yo‘lini to‘sish uchun tayvanliklarning qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgan. Bu ushbu hududda yanvar oyidan buyon eng yirik hodisadir.

Foto: Getty Images

Bir necha kun muqaddam AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyni Tayvanga bostirib kirish oqibatidan ogohlantirib, hujum ro‘y bergudek bo‘lsa, Vashington orolga harbiy yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgandi.

Tayvan mudofaa vazirligiga ko‘ra, so‘nggi hodisada 22 ta qiruvchi samolyotlar (oltita J-16, sakkizta J-11, to‘rtta J-10 hamda ikkitadan Su-35 va Su-30), shuningdek radioelektron kurash samolyotlari, razvedkachi samolyotlar hamda suv osti kemalariga qarshi samolyotlar ishtirok etgan.

Bunga javoban orol qurolli kuchlariga tegishli qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan hamda Xitoy harbiy samolyotlariga tegishli ogohlantirishlar berilgan.

Vazirlik taqdim etgan xaritaga ko‘ra, xitoyliklar samolyotlari Tayvan havo hujumidan mudofaa tizimining kuzatuv hududidagi Pratas orolining shimoli-sharqidagi hududga bir necha o‘n kilometr kirib kelgan. Ammo xitoyliklarning qiruvchi samolyotlari Tayvan havo kengligiga kirmagan, bu dushmanlik harakati sifatida baholangan bo‘lardi.

Havo hujumidan mudofaa tizimining kuzatuv hududi - mamlakat hududlari va milliy havo kengliklaridan tashqaridagi hudud hisoblanadi, bu yerdan uchuvchi xorijiy samolyotlar milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan qayd etiladi, kuzatiladi va nazorat qilinadi. Mamlakatlar bu hudud chegaralarini mustaqil ravishda belgilaydi va texnik jihatdan u xalqaro havo hududi bo‘lib qolaveradi.

Orol rasmiylari xabariga ko‘ra, Xitoy samolyotlari bir yildan ortiq vaqt davomida ushbu hududga muntazam ravishda uchib keladi. Tayvan buni «kulrang hudud»dagi amaliyotlar deb ataydi, undan maqsad Tayvan havo hujumidan mudofaa kuchlarining jangovar shayligini tekshirish hisoblanadi.

Tahlilchilarning hisoblashicha, Xitoy qiruvchilarining parvozlari Tayvan hukumatini rasman mustaqillik e’lon qilishdan tiyish uchun navbatdagi ogohlantirish hisoblanadi.

Pekindagilar esa avvalroq bunday mashg‘ulotlar mamlakat suvereniteti himoyasiga qaratilganini bildirgandi.

«Olov bilan o‘ynashish»

Prezident Bayden o‘tgan haftada Osiyoga safari vaqtida (bu uning prezident sifatida mazkur mintaqaga ilk tashrifi bo‘lgandi) Xitoyning Tayvan havo kengligi atrofida harakatlanishi haqida eslab o‘tgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «hozirda Tayvanga bu qadar yaqin uchish orqali olov bilan o‘ynashmoqda». U agar Pekin orolga bostirib kirgudek bo‘lsa, AQSh harbiy choralar bilan javob qaytarishga tayyorligini aytgandi.

Baydenning bayonotini Tayvan bilan munosabatlarda shu vaqtgacha amalda bo‘lgan «strategik noaniqlik» taktikasidan chekinish sifatida talqin qilish mumkin, bunday taktika AQShga Xitoy Tayvanga hujum qilgan taqdirda qanday reaksiya ko‘rsatishini noaniq qoldirishga imkon berardi. Boshqa tomondan AQSh «yagona Xitoy» siyosatiga rioya etadi, unga ko‘ra mamlakatda faqat bir hukumat - Pekindagisi tan olinadi. Boshqa tomondan - agar xavfsizligi tahdid oldida qolsa, Tayvanga yordam kafolatlanadi.
 
O‘tgan haftada Xitoy harbiylari Tayvan atrofidagi mashg‘ulotlar «Taybeyning Vashington bilan fitnasiga qarshi» o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.

So‘nggi hodisa Taybeyga amerikalik senator Temmi Dakvort oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan kelishiga to‘g‘ri keldi, senator orolga Tayvan prezidenti Tsay Inven bilan savdo va hududiy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish uchun kelgan.

Xitoy va Tayvan munosabatlari: asosiy gaplar

  • Xitoy va Tayvan munosabatlari nega bunday murakkab? Xitoy va Tayvan 1940-yillardagi fuqarolik urushi davrida ajralgan, ammo Pekin orol qachondir kuch bilan bo‘lsa-da qaytarilishini aytib keladi.
  • Tayvan qanday boshqariladi? Orolning o‘z konstitutsiyasi, demokratik saylangan yetakchilari va 300 ming harbiy xizmatchidan iborat qurolli kuchlari mavjud.
  • Tayvanni kimlar rasman tan olgan? Faqat bir necha davlat, davlatlarning ko‘pchiligi Pekindagi hukumatni tan oladi. AQShda Tayvan bilan rasmiy aloqalar mavjud emas, ammo 1979 yilda qabul qilingan «Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonun»ga binoan orolga mudofaa vositalari yetkazib beradi.

Mavzuga oid