Jahon | 08:47 / 03.06.2022
18128
3 daqiqa o‘qiladi

OPEK+ neft qazib olish hajmini keskin oshirmoqda 

Iyul va avgust oylarida OPEK+’ga a’zo mamlakatlar neft qazib olishni rejalashtirilgan sutkalik 432 ming barrel o‘rniga 648 ming barrelga oshiradi.

Foto: Getty Images

OPEK+ tashkilotiga a’zo bo‘lgan neft qazib oluvchi davlatlar 2 iyun, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan onlayn yig‘ilishda iyul va avgust oylarida neft qazib olish kvotasini kuniga 648 ming barrelga oshirishga kelishib oldi. Dastlab, pandemiya davrida neftga bo‘lgan talabning qisqarishi ta’sirini qoplash uchun 2022 yilning iyulidan sentabrigacha qazib olishni kuniga 432 ming barrelga oshirish rejalashtirilgan edi.

Yaqin vaqtgacha OPEK a’zolari orasida neft qazib oluvchi eng yirik davlat bo‘lgan Saudiya Arabistoni dastlabki kelishuvlarni amalga oshirishni talab qilib, AQSh bosimiga qaramay, qazib olish hajmini yanada oshirishni istamayotgandi. Qirollikda bo‘sh ishlab chiqarish quvvatlarini zaxirada saqlash zarur deb hisoblangan.

Endi esa Ar-Riyod bozorda tanqislikning oldini olish uchun ishlab chiqarishni ko‘paytirishga rozi bo‘ldi, chunki Ukrainadagi urush tufayli bir qator davlatlar Moskvadan neft sotib olishdan bosh tortdi, deb yozadi The Financial Times 2 iyun kuni o‘z manbalariga tayanib. 

OPEK+ guruhiga Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK)ning 13 ta a’zosi, shuningdek, 10 ta hamkor davlat, jumladan, Rossiya kiradi. 1 iyun kuni The Wall Street Journal nashri tashkilot Rossiyani Ukrainadagi harbiy harakatlari sababli neft qazib olish hajmini nazorat qilish bo‘yicha kelishuvdan chetlashtirish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida yozgan edi.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen OPEK+’ning qazib olish hajmini oshirish haqidagi qarorini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqiga neft yetkazib berishni «Rossiyadan uzoqda» tamoyili bo‘yicha diversifikatsiya qilish Moskvaga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan birinchi qadamdir. 

«Shu nuqtayi nazardan, men bugun OPEK’ga a’zo mamlakatlarning neft yetkazib berish hajmini oshirishi haqidagi bayonotini olqishlayman. Bu yo‘l bilan Rossiya neftini sotib olishni bosqichma-bosqich bekor qilish, undan qutulish va kerakli neftni olish uchun boshqa mintaqalarga o‘tish osonroq bo‘ladi», dedi fon der Lyayyen.

Mavzuga oid