O‘zbekiston | 07:56 / 04.06.2022
12281
7 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda turizmni rivojlantirish bo‘yicha hukumat rejalari e’lon qilindi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “2022-2026 yillarda Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Fanlar akademiyasi va Buxoro viloyati hokimligining:

  • Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Qadimgi Poykent” arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish hamda Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi filiali “Qadimiy Poykent shaharchasi tarixi muzeyi” negizida ochiq osmon ostidagi muzey tashkil etish;
  • Poykent muzeyida arxeologiya ashyolari ko‘rgazma-ekspozitsiyalari hamda arxeologiya tadqiqotlari bazasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Quyidagilar “Poykent” muzeyi asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • “Qadimgi Poykent” arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish, konservatsiyalash va asrab-avaylash, obektda olib borilayotgan arxeologik qidiruv, qazishma, qutqaruv va nazorat ishlarini tashkil etish;
  • arxeologiya tadqiqot ishlari davomida ochib o‘rganilgan arxeologiya ashyolari, noyob osori-antiqalarni restavratsiya va konservatsiya qilish;
  • “Poykent” muzeyi haqidagi respublika hududida saqlanayotgan ma’lumotlarni malakali mutaxassis va ekspertlar, olimlarni jalb etgan holda tadqiq etish, ular haqida batafsil ma’lumotlar bazasini yaratish va muntazam yangilab borish, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etish, matbaa mahsulotlarini tayyorlash, ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish;
  • tarixiy-ilmiy asoslar bo‘yicha “Poykent” muzeyida joylashgan bino va inshootlar maketlarini tayyorlash, arxeologiya ashyolari, qadimgi yozma manbalar, tarixiy hujjatlar, osori-atiqalar, zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, monografiya va ilmiy to‘plamlar, video va fotohujjatlar hamda boshqa manbalar hisobiga ko‘rgazma-ekspozitsiya tashkil etish;
  • “Poykent” muzeyida yuqori texnologiyalarga asoslangan axborot-resurs markazini tashkil etish va uning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov 2022-2026 yillarda Buxoro viloyatida turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirishda mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • 2022-2026 yillarda xorijiy va mahalliy turistlar sonini 5 mln nafarga, eksport hajmini 600 mln AQSh dollariga yetkazish rejasini amalga oshirish;
  • viloyatning turizm infratuzilmasini kengaytirishda Buxoro aeroporti orqali muntazam xalqaro aviaqatnovlar sonini oshirish;
  • turli mulkchilik shaklidagi 255 ta mehmonxona barpo etish, 60 ta yangi turizm marshrutlarini tashkil qilish;
  • viloyatdagi 800 dan ziyod madaniy meros obektlarining ta’mirga muhtojlarini birma-bir restavratsiya qilish va bunga mahalliy hamda xorijiy olimlar, restavratorlar va daxldor nufuzli mutaxassislarni jalb qilish;
  • “Ark qo‘rg‘oni”ning bundan 100 yil oldin vayron qilingan qismlari poydevor qismini olib, arxeologik park-muzeyga aylantirish;
  • Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutining Buxoro filialini hamda Buxoro davlat universitetida arxeologiya kafedrasini tashkil qilish;
  • Buxoro shahrida eng zamonaviy jihozlangan tarix muzeyini tashkil etish va unda viloyatda mavjud 130 mingdan ziyod eksponatdan Buxoro tarixining eng noyob durdonalarini joylashtirish;
  • mahalliy yoshlarni gid-kuzatuvchilik mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha qisqa kurslar, xorijiy va mahalliy turoperatorlar, jurnalistlar, bloger va vloger (videobloger)lar ishtirokida informatsion turlar tashkil qilish;
  • Buxoro viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, turizm salohiyatini aks ettiruvchi va targ‘ibot qiluvchi matnli va video materiallarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlash, ommaviy axborot vositalarida, televideniye va radioda muntazam yoritib borish hamda turistik obektlarga tarqatishni tashkil qilish;
  • ulug‘ alloma Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan Afshona qishlog‘ini turizm shaharchasiga aylantirish vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida sifatli ta’minlaydi.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Qurilish vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida “Street Food” gastronomik ko‘chasini tashkil etish bo‘yicha konsepsiya va tashkil qilinadigan obektlar joylashuv nuqtalarini shakllantiradi;
  • Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi M-37 va A-380 avtomagistral yo‘lbo‘yi hududlarida sayyohlar, yo‘lovchi va haydovchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish, jozibadorligini oshirish hamda aholi kamdaromad qatlami, yoshlar, ayollarni ish bilan band qilish, hunarmandchilik va qandolatchilik yo‘qolib borayotgan turlari mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida ixcham milliy – namunaviy loyihalar asosida yengil konstruksiyali infratuzilma obektlarini tashkil etish, ularning har tomonlama qulay joylashuvini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyati hokimligi, Turizm va madaniy meros vazirligining “Buxoro ixtisoslashtirilgan jayron pitomnigi”ni 2022-2026 yillar davomida zamonaviy turistik obektga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Buxoro viloyati hokimligi, Qurilish vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi Jondor ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaligi hududiga tutash joyda joylashgan “Varaxsho” arxeologik qal’asi atrofidagi 50 gektar yer maydonini arxeologik yodgorlik hududi va uning muhofaza zonasida Madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashi ijobiy xulosasi olinmasdan qurilish-ta’mirlash ishlarini olib bormaslik sharti bilan Jondor ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaligi tasarrufiga o‘tkazish takliflari ma’qullanadi.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda Buxoro shahrida mavjud “Buxorolik boy savdogar uy-muzeyi” yodgorlik majmuasini “Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi” deb qayta nomlab, uning yangi ekspozitsiyasi yaratilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid