Markaziy Osiyo davlatlari ichida o‘zbekistonliklar uchun Haj ziyorati eng qimmati bo‘lib qolmoqda
Diniy qo‘mita 2022 yilgi Haj ziyorati narxini e’lon qildi. Kun.uz o‘rganishlari bu narx Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadagidan sezilarli qimmat ekanini ko‘rsatdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘zbekistonliklar uchun 2022 yil Haj mavsumiga doir ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2019 yilga qaraganda kvotalar soni 7200 kishidan 10 865 nafarga oshgan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun narxlar 33,5 mln so‘mdan 62,9 million so‘mga qadar ko‘tarilgan. Bu – Markaziy Osiyo va Rossiyani ham qo‘shib hisoblaganda eng qimmat narx hisoblanadi.
Qo‘mita narxlarning oshishiga Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori bir necha baravar oshganini sabab qilib ko‘rsatdi.
Kun.uz O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar va Rossiyada Haj ziyorati qancha turishini tahlil qildi.
Qozog‘iston – 4,3 ming dollar
Qozog‘istonlik ziyoratchilar uchun Saudiya hukumati 2022 yilda 3500 dan 4527 nafargacha o‘rin ajratgan. Qozog‘iston Musulmonlari idorasi ajratilgan kvotalarning 3 mingtasi uchun tur firmalar o‘rtasida tanlov e’lon qilgan.
Mamlakat kamroq kvota olayotgani Saudiya Arabistonida narxlar qimmatlagani, shuningdek, mamlakatda AQSh dollari kursining juda o‘zgaruvchanligi tufayli ziyoratga borishni xohlovchilar kamaygani bilan izohlanmoqda. Bundan tashqari, ziyoratga boruvchilar uchun podsholik o‘rnatgan 65 yosh cheklovi sababli ham talab kamaygan.
Qozog‘iston Musulmonlari idorasi Haj bo‘limi boshlig‘i Jandilla Bekjigitovga ko‘ra, pandemiyaga qadar mamlakatga 10 mingga yaqin o‘rin ajratilgan.
Turfirmalar hozircha standart paket uchun 4,3 ming dollar, VIP paketda 6,9 ming dollargacha takliflar bermoqda.
Tojikiston – 5,3 ming dollar
Tojikistonlik Haj ziyoratchilari uchun 2022 yilda 3 562 ta o‘rin ajratilgan. Tojikiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi matbuot kotibi Afshin Muqimga ko‘ra, Saudiyada soliqlar va xizmatlar uchun narxlarning oshishi evaziga mamlakatdagi haj ziyorati 61 ming somoniga ko‘tarilgan. Bu taqriban 5350 dollarni tashkil qiladi.
Tojikistonda Haj va Umraga ommaviy ziyoratlarini tashkil qilish hukumat huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakolatiga kiradi.
Qirg‘iziston – 4,5 ming dollar
Qirg‘izistonlik ziyoratchilar uchun 2022 yilda 2766 ta o‘rin ajratilgan. Mamlakat musulmonlar idorasi matbuot xizmati ziyorat uchun narx taxminan 4,5 ming dollarga aylanishini ma’lum qilgan. Aviakompaniyalar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchilar bilan kelishuv asosida bu narx o‘zgarishi mumkin.
Mamlakatda oldinroq Haj ziyoratini Musulmonlar idorasi o‘tkazgan tenderda g‘olib bo‘lgan turfirmalar amalga oshirishi haqida yozilgan. Ayni vaqtda bu haqda ochiq ma’lumotlar yo‘q. Lekin Qirg‘izistonda umra ziyorati to‘liq turfirmalar tomonidan amalga oshiriladi.
Turkmaniston
Turkmanistonliklar uchun 2022 yilda 2083 nafar o‘rin ajratilgan. Lekin, Gurbanguli Berdimuhamedov davrida kvotalarning juda oz qismi, bor-yo‘g‘i 200 ga yaqinidan foydalanilgan. Masalan, oxirgi marta 160 kishining Haj qilishiga ruxsat berilgan, xolos.
“Turkmaniston xronikasi” nashri ziyorat uchun ajratilgan juda kam o‘rinlarni olish uchun uzoq navbat kutish yoki korrupsiyaga qo‘l urishga to‘g‘ri kelishi haqida yozgan. Bundan tashqari, maxsus xizmatlarning qattiq tekshiruvidan o‘tmagan ziyoratchilar samolyot uchishidan oldin ham tushirib qoldirilishi mumkin.
Turkmanistonda 160 kishini davlat qanday narxga ziyoratga olib borishi ma’lum emas, lekin ziyoratdan qaytgach ularga 2 ming dollar miqdorida kompensatsiya berilishi yozilgan. “Turkmaniston xronikasi” 5 ming dollarga tur firmalar orqali ziyoratga borish mumkinligini yozgan. Lekin mamlakatda turfirmalar xizmat ko‘rsatishi haqida ham ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q.
Rossiya – 4,7 ming dollar
2022 yilda 11 318 nafar rossiyalik musulmonlar Haj ziyoratiga bora oladi. Rossiya Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Rushan Abbosovga ko‘ra, pandemiyaga qadar har yili mamlakatdan 25 ming nafar fuqaro Hajga borgan.
Garchi idora rasmiysi, bu yilgi Haj rossiyaliklar uchun taxminan 2,5-3 ming dollarga tushishi mumkinligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, mamlakat turfirmalari eng arzon paketlar uchun 4 700 dollardan boshlab narx taklif qilmoqda.
Yana bir ma’lumot, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari uchun Saudiya hukumati tomonidan hech qanday vositalarsiz onlayn viza olish imkoni berilgan.
Eslatib o‘tamiz, mas’ul idoralar o‘zbekistonliklarning Haj va Umra safari xarajatlari smetasini ochiqlamay keladi.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bir necha oy avval Umra ziyoratining bir qismi O‘zbekistonda ham turfirmalarga berilishi nazarda tutilgan hujjat tayyorlanayotganini bildirgan edi. Lekin hozircha rasmiylar bu mavzuga boshqa qaytmadi.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024