Zelenskiy: Ukraina hujumga o‘ta olmaydi, Donbassdagi turg‘unlikka ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi
Ukraina prezidenti jahonda urush bilan bog‘liq charchoq kuzatilayotgani, odamlar «o‘zi uchun qandaydir natijaga erishish»ni istayotgani, shu sababli Ukrainani Rossiya bilan o‘z manfaatlariga zid natijali muzokaralarga ko‘ndirishga urinishlar bo‘layotganini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bosqiniga qarshi turish mamlakat qurolli kuchlariga qimmatga tushayotgani haqida gapirdi. Donbassda davom etayotgan artilleriya urushi tufayli har kuni o‘rtacha 100 nafargacha ukrain harbiy xizmatchisi halok bo‘lmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush pozitsion tus olgan: Ukraina sharqda hujumga o‘ta olmaydi, shu tufayli u yerdagi vaziyat turg‘unlashgan. Prezident bu vaziyatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
«Biz qurol-yarog‘ borasida ortdamiz, shuning uchun hujumga o‘ta olmaymiz. Bu holda biz yanada ko‘proq yo‘qotishlarga uchraymiz, men esa odamlarning jonini saqlab qolishni afzal ko‘raman», - degan Zelenskiy.
Financial Times tahririyati tomonidan tashkillashtirilgan konferensiyada chiqish qilgan Zelenskiy Ukrainaning urushni davom ettirishdan maqsad - o‘z hududlarini RF qo‘shinlaridan ozod etish ekani, ammo raqibni o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ning mamlakat sharqidagi shartli chegaralariga qaytarish ham Kiyev uchun «vaqtinchalikka jiddiy g‘alaba» hisoblanishini qo‘shimcha qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, «g‘alabaga jang maydonida erishish kerak». Shu bilan birga, u avval ham aytganidek Vladimir Putin bilan yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishga tayyorligi, chunki «undan boshqa gaplashadigan hech kim yo‘qligi»ni ta’kidlagan.
Zelenskiy yana bir bor G‘arbning ayrim davlatlarini qoraladi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar «Ukrainaning ishtirokisiz» Ukraina hududida sulhga erishmoqchi bo‘lmoqda.
«G‘arb tomonidan bizga Ukraina suvereniteti uchun barqaror qo‘llab-quvvatlov kerak. [Kiyev]ni chetlab o‘tib muzokaralar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Qanday qilib Ukrainaning pozitsiyasini tinglamay turib, Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatishga erishish mumkin?» - deya g‘azab sochgan Zelenskiy.
Uni Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning shu kunlarda jahon hamjamiyatini «Rossiyani Ukrainada kamsitmaslik kerakligi» haqida aytgan gaplari ham g‘azablantirgan.
«Men tushunmadim.. Rossiyani kamsitish. Ular bizni sakkiz yildan buyon o‘ldirishmoqda. Biz nima haqda gapiryapmiz?» deya hayron bo‘lgan ukrain prezidenti.
Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonni esa Zelenskiy alqagan va u shu kunlarda ishonchsizlik votumi e’lon qilish masalasida o‘tkazilgan ovoz berish jarayonidan keyin lavozimini saqlab qolganidan xursandligini aytgan.
«Men xursandman, juda muhim ittifoqchimizni yo‘qotmadik», - degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti G‘arb davlatlarining AQSh prezidenti tomonidan ishlab chiqilgan taktikasiga ham izoh berdi - Bayden o‘tgan haftada New York Times nashridagi kolonkasida Ukraina uchun yangi qurollar yetkazib berilishi Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga undashi kerakligini yozgandi. Ammo Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra bu yetarli bo‘lmaydi.
Ukrainlar prezidenti yana bir bor Ukrainada tinchlik o‘rnatilishiga shart-sharoitlar yaratish uchun Rossiyadan neft va gaz sotib olishga to‘liq embargo joriy etilishi zarurligini qayd etdi.
Cheklov choralari o‘z iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani uchun Moskvaga avval qo‘llangan sanksiyalarni yumshatishga urinayotgan G‘arbning qator davlatlari hukumatlari ham Zelenskiyning tanqidiga uchradi.
«O‘zlarini mayda chavoqdek tutishadi - go‘yoki Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgandek, ammo shu vaqtning o‘zida biznes jabrlanmasligi uchun xalqaro sanksiyalarni yumshatish yo‘llarini izlashadi», deya o‘z pozitsiyasini ifodalagan Volodimir Zelenskiy.
Mavzuga oid
13:20 / 09.12.2024
Axios: Tramp Zelenskiy bilan Parijda uchrashishni istamagan
17:12 / 08.12.2024
Zelenskiy: urush boshlanganidan beri 43 ming ukrainalik harbiy halok bo‘ldi
13:33 / 08.12.2024
Tramp Putinni Ukraina bilan muzokaralarga chaqirdi
17:05 / 07.12.2024