Iqtisodiyot | 08:55 / 11.06.2022
25194
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaning BNK Financial Group moliyaviy guruhi O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida BNK Financial Group direktorlar kengashi a’zosi, BNK Financial Group ijrochi direktori Li Du-Xo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Vazirlik xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida kompaniyaning O‘zbekiston bank-moliya bozoriga kirishiga doir investitsiyaviy rejalari bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xorijiy tomon kompaniya faoliyati hamda uning xalqaro miqyosdagi ilg‘or tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv chog‘ida ikkala tomon manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy investorlar huquqlarini mustahkam himoya qiluvchi O‘zbekiston qonunchilik bazasini batafsil muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar bir qator qo‘shimcha uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi. Ularning maqsadi Janubiy Koreyaning moliyaviy guruhi bilan konstruktiv muloqot olib borib, uning O‘zbekiston bozoriga kirishiga yordam berishdir. Buning uchun birgalikda olib boriladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Ma’lumot uchun: BNK Financial Group kompaniyasi 2011 yilda Pusan shahrida «Busan Bank», «Kyongnam Bank», «BNK Capital» va boshqa moliyaviy kompaniyalardan tashkil topgan moliyaviy guruhdir. BNK Financial Group Janubiy Koreyada 379 ta filial va 114 ta bo‘lim, shuningdek chet elda 28 ta filial va 3 ta vakolatxonaga ega. BNK Financial Group aktivlari 100 milliard AQSh dollaridan oshadi.

Mavzuga oid