O‘zbekiston | 19:12 / 11.06.2022
13627
6 daqiqa o‘qiladi

“Tanish-bilishchilik o‘tmaydi, yagona yo‘l – o‘qish” - Komil Allamjonov “prava” imtihonlari haqida

Toshkent shahri va viloyatida haydovchilikka nomzodlarni inson omilisiz imtihondan o‘tkazuvchi markazlar asoschisi Komil Allamjonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bunday markazlar yana qayerlarda ochilishi haqida ma’lumot berdi. U, shuningdek, yangi tizim ustidan jamoatchilik nazorati zarurligini aytdi: “Bunday markazlar muzqaymoq do‘koniga o‘xshab qolmasligi kerak”.

9 iyun kuni Ohangaronda haydovchilik guvohnomasi bo‘yicha “Toshkent viloyati imtihon markazi” ish boshladi. Shu kuni bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida markaz asoschisi Komil Allamjonov Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.

— Bunday avtomatlashtirilgan imtihon markazlari avvaliga Toshkent shahrida, endilikda Toshkent viloyatida ochildi. Kelgusi rejalaringiz qanday?

— Hozirda Farg‘onada ishlarni boshladik. Xudo xohlasa, qurilish boshlandi u yerda ham. Ayni vaqtdagi rejamiz bo‘yicha Farg‘ona, Andijon va Namanganda ham bu kabi imtihon markazini ochish reja qilingan. Albatta, har qanday ishni boshlagan odam imkon darajasida, maksimal darajada bozorga kirib borishni xohlaydi, bizning ham niyatlarimiz – butun respublikaga yetib borish.

— Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasi olishdagi korrupsiya holatlari nolga tenglashtirildi, endi Toshkent viloyatida ham shunday bo‘ladi dedingiz. Lekin bu yerda guvohnoma olishdagi barcha bosqichlar emas, faqat bevosita imtihon topshirishdagi korrupsiya haqida gap ketyapti, shunday emasmi?

— Bu markazlar filtr vazifasini bajaradi. Masalan, Toshkent viloyatida yuzlab avtomaktablar bo‘lib, shu vaqtgacha “GAI” tizimi orqali imtihon o‘tkazilgan bo‘lsa, amalda bu narsa o‘zini oqlamadi. Shuning uchun ham bu xususiy sektorga berildi. Bunaqa markazlarning afzalligi shundan iboratki, bilimi yo‘q odam yo‘lga chiqolmaydi, ya’ni haydovchilik guvohnomasini ololmaydi.

Masalan, siz kelib, imtihondan o‘tolmadingiz. Nima qilasiz? Birinchi maktabga qaytib borasiz-da, “meni yaxshilab o‘qitgin” deysiz. Bu tizim ta’lim tizimining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Komil Allamjonov

Tanish-bilishchilik, telefon qo‘ng‘iroqlar ishlamaganidan keyin, faqat bilim yordam beradi, imtihondan faqat bilimlilargina o‘ta oladi. O‘z o‘rnida, avtomaktablar orasida sifat uchun raqobat boshlanadi. Oldin raqobat faqat narxlar o‘rtasida bo‘lgan.

Misol uchun, 276 soatlik o‘quv dasturi bo‘ladigan bo‘lsa, qaysidir maktablar buni 2,5 mln so‘mga, yana qaysilaridir 1,5 mln so‘mga o‘qityapti. Viloyatlarda esa 800 ming so‘mga o‘qitayotgan holatlar ham bor – aslida shu maktablarda haqiqatda korrupsiya bor, ularda haqiqatda noqonuniy harakat bo‘lyapti degan ma’noni beradi. Nimaga desangiz, 276 soatga bitta o‘qituvchining oyligini hisoblab chiqqaningizda ham, agar bitta maktab 276 soat o‘qitsa, uning tannarxi 3 millionga yaqin bo‘ladi. 3 millionlik tannarxi bo‘lib turib, 800 ming so‘mga qanday o‘qitadi? Demak, belgilangan soatlar hammasi ham o‘tilmaydi, ko‘chaga chiqib 50-60 soat haydashi kerak bo‘lsa, 20 soat haydaydi yoki qolgani faqat naqdda berib keladi.

Avtomatlashtirilgan markazlar sohani sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.

— Kelgusida raqobatdoshlarning paydo bo‘lishiga qanday qaraysiz?

Men bunga faqat ijobiy qarayman, chunki raqobat – faqatgina rivojlanishning belgisi, sifatni oshiradi. Lekin bu tizim muzqaymoq sotadigan do‘konga aylanib qolishi kerak emas.

Agarda kimdir mana shunday markaz qursa, xuddi mana shunday avtomatlashtirilgan tizimni yaratsa, bozor hamma uchun ochiq. Bu faqatgina bizga, Allamjonovga berilgan bir imtiyoz emas, bu hamma uchun ochiq. Siz ham shunday avtomatlashtirilgan tizimni yarata olsangiz, nazariy va amaliy imtihonlarni inson omilisiz tashkil qila olsangiz, siz ham bemalol talabgor bo‘lib, litsenziya olishingiz mumkin.

Muammo shundaki, bugungi kungacha bunaqa markazlar, bunaqa ishlanmalar bo‘lmagan. Nimaga bizda bu jarayon tezroq kechdi, chunki biz 2011 yildan beri bu ish bilan shug‘ullanib kelamiz. Shundan beri biz hammasini yaratganmiz: amaliy mashg‘ulot maydoniga qarasangiz, datchiklar borligini ko‘rasiz. Bu bir kunlik ish emas. Binoni qurish – eng osoni. Puli bor odam bemalol maydonni, binoni qiladi, lekin eng qiyini – dasturiy mahsullarni yaratish. Unga yillar ketadi.

Shuning uchun ham biz hozir yagona bo‘lib turibmiz. Hali hech kimdan dasturchilarni jalb qilib, mana shunday ishlar boshlaganini eshitganim yo‘q. Balki bo‘lar, bo‘lsa nur ustiga a’lo nur. Faqatgina biz jamoatchilikni shunga chaqirishimiz kerakki, bunaqangi markazlarda inson omili nolga teng bo‘lishi shart. Muzqaymoq do‘koniga aylanib qolib, “prava”ni duch kelgan odamga sotib tashlaydigan bo‘lsa, bir joyda shunaqa tizim paydo bo‘lsa, butun islohot o‘ladi.

Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridagi imtihon markazimizga kuniga 400 nafar odam kelishi kerak edi, lekin uncha odam kelmayapti. Nimaga desangiz, bizda “yo‘lini qilib” bo‘lmaydi; shu sabab Sirdaryo, Jizzax yoki Farg‘onaga borib, eski tizim orqali “prava”larni olib kelishyapti. Eski tizim qanaqaligini o‘zingiz tushungan bo‘lsangiz kerak. 

Mavzuga oid