Jahon | 16:41 / 12.06.2022
64351
14 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagilar Donbass frontidagi inqiroz haqida ochiq aytishmoqda. U yerda haqiqiy vaziyat qanday?

Ukraina qurolli kuchlari katta yo‘qotishlarga uchramoqda, ammo G‘arbdan og‘ir qurollar yetkazib berilishi barchasini o‘zgartirishi mumkin.

Foto: Alexei Alexandrov / AP / Scanpix / LETA

Donbass frontida xorijlik jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan ukrain rasmiylari va harbiylari vaziyat ularning armiyasi uchun juda og‘ir ekanini tasdiqlashgan: Rossiya qo‘shinlari otilayotgan artilleriya snaryadlari soni bo‘yicha katta ustunlik qayd etmoqda va aviatsiyadan faol foydalanmoqda. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari askarining so‘zlariga ko‘ra, frontda yaqin masofadan o‘t ochish qurollari orqali to‘qnashuvlar deyarli kuzatilmayapti — ya’ni Rossiya armiyasi og‘ir qurollar borasidagi ustunligidan foydalanmoqda. Ukrain qo‘shinlarining yo‘qotishlari ulkan: mudofaa vazirligi kuniga 100 nafargacha askar va zobitlar halok bo‘layotganini tasdiqlagan (yaralanganlar bilan qo‘shganda kunlik yo‘qotishlar 600 kishigacha yetadi). Ukraina qo‘mondonligi (oddiy askarlar ham) bunday kritik vaziyatdan chiqishning yo‘li — G‘arbdan og‘ir qurollar yetkazib berilishi hajmini ko‘paytirish ekanini aytmoqda. Lekin bunday ta’minot bo‘lmagan taqdirda ham, Ukraina armiyasi halokat yoqasida emas, front sochilib ketmagan. Rossiya harbiylarining oldinga yurishi hamon minimal darajada — kuniga bir necha kilometrdan ko‘p emas.

Donbass frontida nimalar bo‘lmoqda?

Janglar hamon (so‘nggi ikki oyda bo‘lgani kabi) Shimoliy Don sohillarida davom etmoqda. Ikki tomon ham yangi platsdarmlar o‘rnatishga (ukrain armiyasi — daryoning o‘ng qirg‘og‘ida, rossiyaliklar — so‘l qirg‘og‘ida), shuningdek raqibning platsdarmlarini yakson etishga urinmoqda. Hozircha armiyalarning hech biri bu borada haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olmadi.

  • Rossiya harbiylari daryoning chap sohilidagi deyarli barcha hududlarni egallab olgan (ya’ni Rossiya chegarasi tomonni) — ukrain qo‘shinlari tomonidan bir oydan oshiq vaqt davomida mudofaa qilingan Liman va Svyatogorsk shaharlari ruslar nazoratiga o‘tgan.
  • Ukraina armiyasida chap sohilda faqat ikki platsdarm qoldi —  Severodonetskdagi sanoat hududi va Xarkovdan sharqda joylashgan Stariy Saltovda.
  • Rossiya harbiylari Izyum janubida, Shimoliy Don daryosining o‘ng sohilidagi o‘rmonli hududdagi platsdarmda qamalib qolgan. Bu yerdan yurishlar aprel oyidayoq to‘xtab qolgan, qo‘shinlarning katta qismi platsdarmdan olib ketilgan — ularning bir qismi Rossiyaga, to‘ldirilish uchun qaytarilgan, boshqa qismi Severodonetsk hududiga o‘tkazilgan.
  • «DXR»ning deyarli butun hududi Shimoliy Donning o‘ng sohilida (daryo janubroqda Rossiya tomon buriladi) joylashgan. Ammo bu yerda rossiyalik harbiylar va tan olinmagan respublika «xalq militsiyasi» 2014 yildayoq, Donetsk aeroporti va uning atrofidagi hududlar uchun janglardan keyin yuzaga kelgan «tutashuv liniyasi»ni yorib o‘ta olmaydi. Liniya ukrain harbiylari bilan jiddiy mustahkamlangan, sakkiz yil mobaynida bu yerda chuqur mudofaa (eshelonli) tashkil etilgan.
  • Liniyani yorib o‘tish bilan bog‘liq yagona holat may oyi boshida kuzatilgandi, o‘shanda «Vagner» jangchilari va rossiyalik harbiylar Popasnayani egallab olishgan, shahardan chekintirilgan 24-mexanizatsiyalashgan brigada esa yangi mudofaa liniyasi tashkil eta olmagandi.
  • Aynan o‘shanda rossiyalik harbiylar shimol tomon ichkarilab, ukrain mudofaasida katta yoriq hosil qilishgan, natijada Lisichansk va undan sharqda, daryoning narigi sohilida joylashgan Severodonetsk shahri mudofaachilarning ortiga o‘tishgan, bu shaharlar janubi-g‘arbdan zarba ostida qolgandi.
  • Shu bilan bir vaqtda Rossiya qo‘mondonligi Popasnayadan yorib o‘tgan guruh va shimoldan — rossiyaliklar aprel oyidayoq egallab olgan Yampoldan janub tomon harakatlanuvchi guruh birlashib zarba berishini rejalashtirgandi. Maqsad ayon: agar ikki guruh bir-biri bilan uchrashganida, Lisichansk va Severodonetskdagi ukrain guruhi (10–15 ming kishi) qurshovda qolgan bo‘lardi. 
  • Ammo buning uchun rossiyalik harbiylar (Markaziy harbiy okrug brigadalari) Shimoliy Donni kechib o‘tishi talab etilardi. May oyida daryodan o‘tishga bo‘lgan urinishlar halokatli yakunlandi: ilg‘or qismlar daryoning o‘ng qirg‘og‘iga o‘tganida ukrain artilleriyasi tomonidan yakson etildi. Bu muvaffaqiyatsizlikdan keyin Rossiya qo‘mondonligi shimoldan zarba berish rejasidan voz kechdi (ehtimol — vaqtinchalikka).
  • Janubdan yorib o‘tilishi mumkin bo‘lgan nuqtalarga (Baxmut — Lisichansk trassasi atrofi, shuningdek Kamishevaxa posyolkasi) ukrain qo‘mondonligi katta qo‘shimcha kuchlar yubordi, shundan keyin janglar pozitsion xarakter tus oldi. Ukrain harbiylari hatto (vaqtincha) Severodonetskning Rossiya armiyasi tomonidan egallab turilgan bir qismini qaytarib olishni uddalashdi. Bir necha kun davom etgan janglardan keyin ukrain kuchlari shahar g‘arbidagi «Azot» zavodi hududiga chekinishdi. Rossiya armiyasi bu hududni to‘g‘ridan to‘g‘ri jang orqali olishi qiyin bo‘ladi: Severodonetsk mudofaachilarini Lisichanskdagi artilleriyachilar qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu hududdan o‘t ochish samaraliroq, chunki Shimoliy Donning o‘ng sohilidagi hudud so‘ldagisidan bir necha o‘n metrga baland. Ammo «Azot» mudofaasini tutib turish ham oson kechmayapti: zavod ta’minoti birgina ko‘prikka bog‘liq bo‘lib qolgan va uni tanaffussiz o‘qqa tutishmoqda.
  • Severodonetskni mudofaa qilish, agar u Lisichansk bilan birgalikda qurshovga tushib qolsa, o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Rossiya qo‘shinlari Popasnayadan shimol tomon yurish qilishda davom etmoqda: 10 iyun holatiga ko‘ra Kamishevaxa va undan shimolda joylashgan Svetlanovka stansiyasi egallab olingan. Soledardan shimoli-g‘arbda Baxmut — Lisichansk trassasi yaqinida ham janglar davom etmoqda. Bu yerda (Nikolayevka rayoni) 5 iyun kuni «DXR» 1-armiya korpusi qo‘mondoni, rossiyalik general Roman Kutuzov halok bo‘lgan (u bu korpusni 24 fevralga qadar ham boshqargani aniq emas). Agar rossiyalik harbiylar trassani to‘sib qo‘yishga erishsa, shuningdek shimol tomon yana 10 kilometr ilgarilay olsa, Lisichansk va Severodonetskdagi barcha ukrain guruhi o‘rab olinadi. Hozirda ularni bu hududdan olib ketish ham qiyin: zarbalar ostida chekinish katta yo‘qotishlarga (ayniqsa og‘ir texnikalar bo‘yicha) olib kelishi mumkin.
  • Frontning yana bir qaynoq uchastkasi Svyatogorsk rayonida joylashgan. Bu yerda ham rossiyalik harbiylar Shimoliy Donni kechib o‘tishga harakat qilmoqda, daryo ularning Slavyansk tomon hujum qilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ammo Rossiya armiyasi Slavyanskka daryoni kechib o‘tmasdan ham yurish qilishi mumkin, buning uchun Izyum platsdarmidan daryoning o‘ng sohili bo‘ylab katta masofaga harakatlanish kerak bo‘ladi. Agar bunday yurish muvaffaqiyatli kechsa, rossiyalik harbiylar Slavyansk va Kramatorskka (bu shaharda Donbassdagi ukrain guruhi bosh shtabi joylashgan) ikki tomondan yaqinlashib keladi. 
  • Xarkov shimoli va sharqida aprel va may oylarida ukrain harbiylari Rossiya armiyasining Izyumdagi platsdarmini o‘rab olish maqsadida muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirgandi, ammo hozir vaziyat ular uchun yomonlashgan: Rossiya qo‘mondonligi bu yerga qo‘shimcha kuchlar tashlagan, Ukraina esa, aksincha, bu yerdagi qismlarni Severodonetsk va Baxmutga yuborishga majbur bo‘lgan.
  • Ukrainlarning Xerson oblastidagi qarshi hujumlari ham to‘xtab qolgan. Ukraina qurolli kuchlari bu yerdagi bo‘linmalarning ham bir qismini Severodonets va Baxmutga o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan (ukrain qo‘mondonligi Lisichansk va Severodonetskdan chekinish ehtimolini hisobga olib, Baxmutda ikkinchi mudofaa liniyasi tashkil etmoqda).

Ukraina armiyasidagi inqiroz haqida nima deyish mumkin?

Ehtimol, hech qanday strategik inqirozning o‘zi yo‘q.

Frontdagi holat bo‘yicha yuqorida keltirilgan janglar tavsifidan ko‘rinib turibdiki, ukrain qo‘shinlari yo‘qotishlarga uchramoqda, ayrim aholi punktlarini boy bermoqda, ammo baribir hali bu mag‘lubiyat degani emas. Ukraina armiyasi halokatga uchramasligi uchun vazifa hamon o‘zgarmagan - Donbassda rus qo‘shinlari qurshoviga tushib qolmaslik (front parchalanmasligi va rossiyalik harbiylarning mintaqaga chuqur kirib borishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun).

Ukraina qurolli kuchlarida ikki variant bor: yoki Kamishevaxadan shimolda va Baxmut — Lisichansk trassasida, shuningdek Shimoliy Don bo‘ylab Svyatogorskdan Lisichanskka qadar front uchastkalarini mudofaa qilishda davom etish, yoki Lisichansk va Severodonetskdagi qo‘shinlarni o‘z vaqtida evakuatsiya qilish.

Asosiy maqsad — armiyani G‘arb qurollari bilan qayta qurollantirish hamda yangi birlashmalar tuzish uchun vaqtdan yutish hisoblanadi. Harbiy ekspertlar bu maqsad amalga oshgan taqdirda Ukraina armiyasida umumiy g‘alaba uchun imkoniyatlar yuqori bo‘ladi degan fikrda.

Agar bu strategik inqiroz bo‘lmasa, unda nima? 

Ukraina qurolli kuchlarida taktika darajasida inqiroz borligi ko‘rinib turibdi. Bu Rossiya armiyasi kamchiliklarning bir qismini bartaraf etgani bilan bog‘liq:

  • o‘nlab kilometr ichkariga oldindan tayyorlanmagan holda yorib kirish taktikasidan voz kechildi, bu esa qo‘shinlar ta’minotini, jumladan, temiryo‘l orqali yo‘lga qo‘yish imkonini berdi;
  • kuchlarni, eng muhimi o‘t ochish vositalarini asosiy yo‘nalishlarga to‘plashning uddasidan chiqildi, bunda ikkinchi darajali yo‘nalishlarda hujum qilishdan voz kechildi (vaqtincha) — masalan, Xarkov oblastidagi hududlar, Donetsk, Xerson va Zaporojye atrofida;
  • asosiy yo‘nalishlardagi vaziyatni piyoda kuchlar yordamida yaxshilashga muvaffaq bo‘lindi: «Vagner» yollanma jangchilari va boshqa «ko‘ngilli» qismlar, tan olinmagan «DXR» va «LXR» respublikalarida safarbar etilgan aholi, «qodirovchilar», Mariupol qamalidan bo‘shagan kuchlar va boshqalar Donbassga yuborildi;
  • Artilleriya va yo‘naltiruvchilar bog‘lami muvaffaqiyatli tashkil qilindi, xususan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali razvedka hisobiga. Rossiya artilleriya stvollari va o‘q-dorilar miqdori bo‘yicha ustunligi o‘z so‘zini aytmoqda. Ayniqsa asosiy yo‘nalishlarda bu yaqqol seziladi: Rossiya hujumi yo‘nalishi o‘zgarganini artilleriya qurollarining qayta dislokatsiya qilinishidan ham bilsa bo‘lardi (ular ko‘pincha mahalliy aholining videolariga tushib qolgan).

Rossiya qo‘mondonligining bu «yangi tuzatishlari» Ukraina qurolli kuchlari qiyinchilik va yo‘qotishlarga duchor bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Endi ukrain harbiylari o‘zining asosiy ustunligidan — ko‘p miqdordagi, tankka qarshi raketalar bilan yaxshi qurollangan piyodalardan to‘liq foydalana olmaydi. Janglar 10 va undan ortiq kilometrlik masofadan turib olib borilar ekan, yengil qurollangan jangchilar samara keltirmaydi.

Shundan ham Ukraina hukumatining imkon qadar tezroq va ko‘proq artilleriya tizimlariga ega bo‘lish istagini tushunish mumkin. Ukraina armiyasi rossiyaliklar bilan teng kuchlarda jang qila olishi uchun, unga NATOning yuzlab 155 millimetr kalibrli «stvollari» kerak (ularda hozirda mavjud bo‘lgan sovetlarning 152 millimetr kalibrli qurollariga tez orada snaryadlar qolmaydi; qolaversa, Ukraina qurolli kuchlarida 24 fevralga qadar mavjud bo‘lgan bu kabi ko‘plab qurollarning katta qismi yo‘q qilingan).

Ehtimol, ukrain harbiylarining G‘arb matbuoti orqali katta yo‘qotishlar va Rossiya artilleriyasi qarshi javob qaytmagan holda ishlayotgani haqidagi hikoyalari ham og‘ir qurollar yetkazib berish hajmini oshirish zarurligini ko‘rsatib beradi.

Ukraina armiyasidagi taktik inqiroz strategik darajaga chiqishi ham mumkin (ehtimoli yuqori)

Birinchidan, hozirgi vaziyatda ukrain qo‘mondonligining xatosi juda ham qimmatga tushadi: Lisichansk va Severodonetskni qurshovga olish uchun harakat qilayotgan Rossiya armiyasining shimol va janubdagi guruhlari oralig‘idagi masofa 30 kilometrdan ko‘p emas. Ukraina mudofaasining har qanday yorib o‘tilishi minglab ukrain harbiylari va zobitlarini ularning barcha og‘ir texnikalari bilan birgalikda qutqarish uchun imkonsiz qilib qo‘yadi.

Ikkinchidan, frontda hozircha Rossiyaning yirik kuchlari ko‘rinmayapti. Masalan, butun 1-tank armiyasi ayni vaqtda qayerda ekani tushunarsiz. Shuningdek, aprel oyi oxirida Izyum platsdarmidan olib ketilgan harbiy-havo kuchlari diviziyalari va brigadalarining katta qismi Rossiyaga qaytarib ketilgan va ular katta ehtimol bilan qayta guruhlash jarayonida. Ehtimol, ular kelgusida qandaydir muhim yo‘nalishlardan biriga — ukrain qo‘shinlari so‘nggi kuchlari bilan himoyalanayotgan yo‘nalishlardan biriga tashlanishi mumkin.

Mavzuga oid