Andijonda IIB xodimi reportaj tayyorlayotgan muxbirning telefonini kuch ishlatib tortib olgani aytilmoqda
Human.uz sayti xabar berishicha, sayt muxbiri reportaj tayyorlash jarayonida IIB xodimi qarshiligiga uchragan. Tortib olingan telefon qaytarib berilmagan, muxbirdan undagi kadrlarni o‘chirish talab qilinmoqda.
Andijon shahrida IIB xodimi shakar savdosini suratga olayotgan Human.uz xodimining xizmat telefonini kuch ishlatish yo‘li bilan tortib olgan. Bu haqda sayt o‘z telegram sahifasida xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 13 iyun kuni soat 9:50 da Andijon shahar «Yangi bozor» savdo majmuasida Andijon IIBning Ilyos ismli xodimi shakar savdosini suratga olayotgan Human.uz xodimining xizmat telefonini kuch ishlatish yo‘li bilan tortib olgan va uning faoliyatiga to‘sqinlik qilgan.
«Bir qancha urinishlardan so‘ng ham smartfon qaytarib berilmayapti. Maqsad IIB xodimining kuch ishlatgani hamda telefonni tortib olgani suratga olingan videoni o‘chirib tashlash ekan», – deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov munosabat bildirdi. Unda keltirilishicha, Andijon shahar «Yangi bozor» savdo majmuasida odamlarga navbat bilan arzonlashtirilgan shakar sotish jarayonida, fuqaro J.Abdullayev (sayt muxbiri) odamlarning navbat talashishini tasvirga olishi vaqtida fuqarolar tomonidan ularning yuzlari tasvirga olinishiga e’tiroz bildirilib, huquqlarini poymol qilmasdan tasvirni o‘chirib tashlash talab qilingan.
Jamoat tartibi buzilishining oldini olish maqsadida, bozor hududiga biriktirilgan ichki ishlar organlari xodimi tomonidan J.Abdullayevga fuqarolarning roziligisiz ularni tasvirga olmaslik tushuntirilgan.
Hozirda, shakarga navbatda turgan fuqarolar va J.Abdullayev o‘rtasidagi ziddiyatga oydinlik kiritish maqsadida voqea ishtirokchilari IIBga olib borilgan.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov OAV vakillariga nisbatan sodir etilgan so‘nggi ikki holat yuzasidan munosabat bildirdi.
«Sevimli» telekanali ijodiy guruhiga nisbatan bo‘lgan holatni mutlaqo qoralayman. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu holatni o‘rganib, aybdorlarni jazolashi shart. Quruq gapni aylantirish yechim emas. Bezorini matbuotdan ajrata olmaydigan xodimlar faqat tizim uchun zarar.
Shuningdek Human.uz sayti atrofidagi holatga ham oydinlik kiritilishi, jurnalistlarning huquqlari poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
AOKA tashkiloti ham o‘z vakolati doirasida faol faoliyat yuritishi, uning maqsad va vazifalari matbuotni qo‘llash, ularni himoya qilish ekanligi normativ hujjatlarda aniq yozib qo‘yilganligini eslatib qo‘ymoqchiman.
Jurnalistlar uyushmasini ham yanada faol bo‘lishga chaqiraman. Bu institutlar shunday paytda o‘zini ko‘rsatmasa, yana qachon ularni sezamiz», degan u.
Mavzuga oid
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
13:55 / 09.10.2024
Shakar qarish jarayonini tezlashtirishi ma’lum bo‘ldi
18:09 / 13.09.2024
Andijonda o‘quvchilarni jazo sifatida o‘tirib-turg‘azgan xodimga chora ko‘rildi
14:38 / 12.09.2024