O‘zbekiston | 20:21 / 13.06.2022
46791
10 daqiqa o‘qiladi

“Bo‘ldi endi, tartib o‘rnatamiz” - Toshqulov o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha e’tirozlarga javob berdi

O‘qishni ko‘chirish tartibining qat’iylashtirilayotgani talabalar va abituriyentlar orasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Oliy ta’lim vazirining aytishicha, yildan yilga “perevodchi”larning ko‘payib borayotgani oliy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir qilyapti. O‘z navbatida, talabalar har kim o‘zi istagan joyda o‘qish huquqi borligini aytmoqda.

Foto: KUN.UZ

So‘nggi kunlarda talabalar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu – o‘qishni ko‘chirishga aloqador bo‘lib turibdi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov respublikadagi bir OTMdan boshqasiga o‘qishni ko‘chirishda (“ichki perevod”) korrupsiya saqlanib qolayotgani, shuning uchun ham bu yo‘nalishni tartibga solish vaqti yetganini aytdi.

Endilikda faqat 2 ta holatda talabaga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beradigan yangi tartib joriy qilinadi:

  • turmush qursa;
  • davlat xizmatchisining ishi boshqa joyga o‘tsa.

O‘qishni ko‘chirish uchun vazirning xati talab qilinadi.

Norozilik nimadan?

O‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladigan toifalarning qisqarishi bo‘yicha Kun.uz'ga ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Murojaatchilar yangi tartib haqida oldinroq ma’lumot berilmagani, hech bo‘lmasa yashash hududiga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmayotganidan norozi bo‘lishmoqda.

Ba’zilar fikriga ko‘ra, mutaxassislik fanlari to‘g‘ri kelgan yo‘nalishlarga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi kerak, talabalarning xohlagan joylarida o‘qishga haqqi bor. Yangi tartib bu yil faqat ogohlantirish sifatida bo‘lib, keyingi yildan kuchga kirishini so‘rayotganlar ham bor.

Ko‘plab talabalar yashash hududiga yoki o‘z mutaxassisligi bo‘yicha (turdosh) boshqa OTMga o‘qishi ko‘chirilishiga ruxsat berilishini xohlaydi. Tartib keyingi yildan amalga kiritilib, keyingi yil talaba bo‘ladigan talabalar tayyor holda o‘qishga topshirishsin, deb hisoblovchilar ham ko‘p. Yana seziladiki, o‘qishni ko‘chirish istagida yozayotganlarning aksari o‘qishga hujjat topshirganda keyingi yil o‘zi xohlagan OTMga o‘qishini ko‘chirishiga ishongan, biroq “perevod”ga ruxsat beriladigan toifalar qisqarishi ularning bu rejalari amalga oshmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Nega o‘zgarish qilinyapti?

Mavzu muhokamalarga sabab bo‘lgach, vazir Abduqodir Toshqulov Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalida talabalar bilan tashkillashtirilgan audiochatda qatnashdi va yangi tartib bo‘yicha izoh berdi.

Abduqodir Toshqulovning aytishicha, oliy ta’lim tizimida xalqning ishonchini qozonish qiyin kechyapti. Qilinayotgan har bir o‘zgarish muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

“Nega oldinroq aytilmadi?”

— Hozir ko‘p murojaatlar "Nega oldinroq aytilmadi?" degan mazmunda. Masalan, o‘tgan yili xorijiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirish bir qadar tartibga olindi. Bu – signal edi. Biz bir yil davomida tushuntirish olib bordik. Bugun OTMdan top mingtalikka kirishni talab qilgan holda unga yana o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan 2 ming talabani o‘qitish majburiyatini qo‘yyapmiz.

Masalan, o‘tgan yili Urganch davlat universitetiga 2,8 ming talaba o‘qishini ko‘chirish istagida ariza bilan murojaat qilgan. Bu OTM o‘sha yilgi qabulda qariyb 6 ming talaba qabul qilgan, qo‘shimcha 2,8 ming talabani qanday o‘qitadi?

Har 10-15 talabaga bir o‘qituvchi kerak. Bunday bo‘laversa, sifat qayerdan bo‘ladi? O‘qituvchi, auditoriya qayerdan topiladi? Top mingtalikka qanday kiradi?

Eng afsus qiladigan tomoni: bir yil davomida vazirlikka keladigan murojaatlarning 80 foizi "perevod" bo‘yicha. Oddiy misol: Milliy universitetga o‘qishini ko‘chirib kelyapti, OTM esa uni o‘qitishga imkoni yo‘qligi sabab sirtqi ta’lim shakliga qabul qilyapti. Talaba esa sirtqida o‘qishni xohlamayotgani sabab bizga murojaat qilyapti. Lekin OTMda uni o‘qitish uchun bino, professor-o‘qituvchilar yetishmaydi.

Yoki Jizzax davlat pedagogika institutidan 1,4 ming talaba o‘qishini ko‘chirib, boshqa OTMga ketib qolyapti. Ya’ni bu – qancha o‘qituvchi talaba kamaygani sabab qisqartirilishi kerak degani.

Vazir xati nega kerak?

— Agar biror talabaning ota-onasi viloyatdan Toshkentga qaysidir vazirlik tizimiga ishga kelsa, o‘sha vazir: “Bu mutaxassis bizga ishga keldi, farzandi voyaga yetmagan, o‘qishini ko‘chirib bering” degan mazmunda xat yuboradi. Agar farzandi voyaga yetgan bo‘lsa, uning o‘qishini ko‘chirmaslik ham mumkin.

Imtiyozni, imkoniyatni suiiste’mol qilish kerak emas. 5 ta OTM va yo‘nalishni tanlash mumkin degani hammasini tanlash kerak, degani emas. 2-3 tasini tanlasa ham bo‘ladi. "Perevod"ga umid qilib, olis hududni tanlab, keyin o‘qishga imkonim yo‘q, deyish qanchalik to‘g‘ri?

O‘qishni ko‘chirish tartibga solinayotgani tizimni shaffoflashtirish uchun qilinyapti. Endi davlat moliyaviy va akademik mustaqillik berilgan OTMlarga “mana shuncha talabani qo‘shimcha o‘qitib berasan”, degan majburiyatni qo‘ya olmaydi.

Akademik mobillik

— Agar o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yangi tartib qabul qilinsa, uning bilan birga 2 ta OTM kelishib, talabalarni almashib o‘qitishni yo‘lga qo‘yadigan akademik mobillik dasturlaridan foydalanish mumkin.

Akademik mobillik bo‘yicha nizom ham ishlab chiqilgan, u ham qabul qilinadi. Faqat masala shundaki, 2 ta OTM kelishib, bir-birini tan olib ma’lum sonli talabani almashib o‘qitishga rozi bo‘lishi kerak, deydi Abduqodir Toshqulov.

“Tartib kerak”

Vazir 30-40 ming o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lganlar manfaati sabab 35 mln aholining ta’lim borasidagi kelajagini xavfga qo‘ya olmasligini, hamma narsada tartib bo‘lishi lozimligini bildirdi.

“Bo‘ldi endi, hamma narsada tartib bo‘lsin”, dedi u.

“Ilm musofirchilikda olinadi”

Toshqulovga ko‘ra, o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar soni 2020 yilda 20 mingdan oshiq, 2021 yilda 56 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan. Bu yil esa ularning soni 100 mingdan oshishi prognoz qilinyapti. Agar shunday bo‘lsa, tizimning "perevod"dan boshqa ishi ham qolmaydi.

“Butun tarixda ham ilmni musofirchilikda olishgan. Hududlar uzoqligini bunchalik katta muammo qilishlariga hayronman. Yotoqxonalar, avvalo, boshqa viloyatlardan kelib o‘qiyotganlarga beriladi.

Bundan tashqari, OTMlarga mustaqillik berilgani sabab fanlar o‘rtasida tafovut ham ko‘payib ketyapti. 4 ta fandan oshiq fan farq qilsa, bir kurs pastdan boshlab o‘qishni davom ettirish lozim. Mana shu o‘rinda ham korrupsiya bo‘lyapti.

Qiz bolalarning sharoitini tushunamiz, agar xohlashsa, ularning o‘qishini so‘zsiz sirtqiga o‘tkazib berishimiz mumkin”, ta’kidladi tizim rahbari.

Keyingi yildan xorijdan o‘qishni ko‘chirish ham o‘zgaradi

Hozirda xorijiy davlatlar va xususiy OTMlardan o‘qishini ko‘chirib kelmoqchi bo‘lganlar DTM testini ishlab o‘qishini ko‘chirishi mumkin. O‘tish ballari belgilangan.

Lekin, vazirning aytishicha, kelasi yildan boshlab xorijdan o‘qishni ko‘chiruvchilar ham OTMning bir yil oldingi o‘tish ballini to‘plashi kerak bo‘ladi.

Agar tartib o‘zgarsa

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha shu paytgacha e’lon qilingan va izohlangan yangiliklardan qisqacha tushunish mumkinki:

  • O‘qishni ko‘chirishga faqat 2 ta toifaga ruxsat berilishi to‘g‘risidagi tartib joriy yildan amalga kiritiladi;
  • Sharoiti yo‘q, uyidan olis hududdaligi sabab moddiy taraflama qiynalgan talabalarga:
  • o‘qishini sirtqi (agar joriy etilsa, masofaviyga ham) ta’lim shakliga o‘tkazish;
  • akademik mobillik dasturi asosida OTMlarning hamkorligi bo‘lganda 1 yilgacha o‘ziga qulay OTMda o‘qishi tanlovi beriladi;
  • Keyingi yildan xorijiy va nodavlat OTMlardan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lganlarga ham talab qattiqlashadi: ular o‘zlari topshirmoqchi bo‘lgan OTMning o‘tgan yilgi o‘tish ballini to‘plashi majburiy qilib qo‘yiladi.

Hozircha oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan e’lon qilingan va joriy qilinishi kutilayotgan yangilik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘ysunuvida bo‘lmagan OTMlar (masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent tibbiyot instituti)ga tegishli ekani yoki yo‘qligi aniq aytilmadi. Lekin katta ehtimol bilan bu tartib barcha davlat OTMlari uchun amal qilishini kutish mumkin.

Qolaversa, o‘tgan yili talabalarning o‘qishini uzrli sabablar mavjud bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshirilishiga ruxsat berilgandi. Agar tartib qat’iylashsa, unda super-kontrakt asosida o‘qishni ko‘chirish amaliyoti ham bu yil bo‘lmasligi mumkin.

Mavzuga oid