O‘zbekiston | 19:57 / 13.06.2022
18745
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh generali boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi amaliy aloqalarni davom ettirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishga, shu jumladan ustuvor infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi tashabbus va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. 

Bundan oldinroq O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov ham Maykl Kurillani qabul qilgan.  

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan. Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat borasida fikr almashilgan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli muloqotni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Mavzuga oid