Jahon | 17:59 / 14.06.2022
52184
34 daqiqa o‘qiladi

Urushning to‘rtinchi oyi ketmoqda. Bu vaqtda Rossiya nimalarga erishdi? Ukraina-chi?

Kiyevning G‘arb bilan munosabatlari nimaga olib boradi? Muzokaralar qachon tiklanishi mumkin? Bu savollarga harbiy ekspert Mixail Samus javob beradi.

Urushning 111-kuni o‘tmoqda. Hatto Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham harbiy harakatlar cho‘zilib ketganini aytgan bo‘lsa-da, Rossiya hukumati barchasi reja bo‘yicha ketayotganiga ishontirishga urinmoqda. Uch oydan ko‘proq vaqt davomida Rossiya Kiyev oblastida mustahkam o‘rnashib ololmadi, ammo Xerson va Zaporojye oblastlari egallab olindi. Bahorning o‘rtalarida esa Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «maxsus amaliyot»ning ikkinchi bosqichidagi vazifa — «Donbass uchun jang»da g‘olib kelish ekanini aytishdi, ammo yoz boshlanib ketgan bo‘lsa-da, Rossiya buni uddalay olmadi. Endilikda Ukraina armiyasi nafaqat o‘z hududlarini himoya qilmoqda, balki ayrim hududlarda qarshi hujumlar boshlagan. «Meduza» urushning yuz kunidan keyin (hozirda ham dolzarbligini yo‘qotmagan) Ukraina va uning armiyasi uchun qanday kechgani borasida Armiya tadqiqotlari, konversiya va qurolsizlanish markazi harbiy eksperti Mixail Samus bilan gaplashdi.

— Ortga nazar tashlab, Ukraina 2022 yil 24 fevralida boshlangan harbiy harakatlarga qanchalik tayyor edi deyish mumkin?

— 2016 yil o‘rtalarida Rossiya uchta yangi armiyani shakllantirish jarayonini yakunladi — bular shtabi Moskva atrofida bo‘lgan Birinchi tank armiyasi, Voronej atrofida 20-armiya va Novocherkasskda 8-armiya. Sakkizinchi armiya Donbassdagi 1 va 2-armiya korpuslari ta’minoti bilan shug‘ullangan. 2016 yil avgustidan men o‘zim matbuot anjumanlari o‘tkaza boshladim va markaz [Armiya tadqiqotlari, konversiya va qurolsizlanish] Rossiya shu vaqtdan e’tiboran keng ko‘lamli yurishga tayyorlanayotganini ayta boshladi.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya keng ko‘lamli hujumga tayyorlanayotganidan to‘liq xabardor edi. Rossiyaning yurishi ssenariysi sir emasdi: axborot fazasi, kiberhujumlar, maxsus topshiriqli kuchlar harakatlari, raketa, aviatsiya zarbalari, desant tushirish va keyinchalik quruqlikdagi kuchlar harakati.

Rossiyaning barcha kuchlari ochiqchasiga to‘plana boshlandi, shunday ekan Ukraina voqealarning bunday rivojiga tayyor edi. Ammo [ko‘pchilik] harbiy-siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy nuqtayi nazardan Putin Ukrainaga hujum qiladigan darajada ahmoq emas deb hisobladi.

[Ammo] Ukrainada qurolli kuchlarni va butun xalqni ehtimoliy keng ko‘lamli urushga tayyorlash bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazildi. Masalan, 2021 yilda «Milliy qarshilik asoslari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra mamlakatni barcha tarkibiy qismlar bilan himoya qilish tizimi shakllantirildi: Ukraina qurolli kuchlari, kuchishlatar organlar, ko‘ngillilarning hududiy mudofaa tuzilmalari. [Bu qonun] bosib olingan hududlarda qarshilik harakatini tashkillashtirish imkoniyatlarini ham nazarda tutadi.

Bundan tashqari, G‘arbdagi hamkorlar bilan Ukrainaga kuchliroq qurollar yetkazib berish bo‘yicha kontaktlar bo‘lgan. Ammo o‘sha vaqtda Ukrainaga asosan mudofaa maqsadidagi qurollar berilgan. Afsuski, raketalarga qarshi tizimlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berilmagan. Holbuki yillar davomida Rossiya bunday keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazmasligi uchun bizga shunday qurollar zarurligi haqida bong urib kelgandik.

Shu tufayli harbiy nuqtayi nazardan bu yurish Ukrainada hech kim uchun syurpriz bo‘lmadi. Ammo siyosiy, geosiyosiy va iqtisodiy tomondan — ha, bu kutilmagan hol bo‘ldi. Chunki, menimcha, buning natijasida biz 24 fevralga qadar bilgan Rossiya yo‘q bo‘ladi.

— Bunday tayyorgarlik qanchalik samarali bo‘lib chiqdi?

— Putinning dastlabki rejasi butkul barbod bo‘ldi. Kremlning xayolida nimalar bo‘lgandi? Men buni «Afg‘oniston-79» va «Chexoslovakiya-68» deb atayman. Bir necha soat ichida Kiyevga diversiya-razvedka guruhlari hamda maxsus topshiriqli kuchlar kirishi, bunga parallel ravishda Kiyev atrofidagi aerodromlarga desant kuchlari tushirilishi, Rossiya kuchlari Kiyevga kirishi, Zelenskiy va uning atrofidagilarni o‘ldirishi yoki qo‘lga olishi. Uning o‘rniga Yanukovichni qo‘yish. Bu hazil emas. Yanukovich allaqachon tez orada hukumatni egallashi rejalashtirilgan a’yonlari bilan Belarusda edi. 2014 yil yanvariga qaytish, Yanukovich — legitim prezident ekanini e’lon qilish, ukrain shaharlariga rossiyaliklarning harbiy garnizonlari kirishi. «Chexoslovakiya-68»da Rosgvardiya kiritilgani kabi.

Rossiya harbiy rahbarlari fikriga ko‘ra, ukrainlar voqealarning bunday rivojiga betaraf bo‘lishi yoki ijobiy yondashishi kerak edi. [Ukrainada] yollangan beshinchi kolonna, bu haqda Putinga hisobot qilishgan, yangi ma’muriyatni shakllantirishi, kuchishlatar tuzilmalar Rossiya tomoniga o‘tishi va hech qanday urush bo‘lmasligi kerak edi. Ya’ni Rossiya qo‘shinlari urush qilishga tayyorlanmagan.

Amalda esa rejalashtirilgan ishlarning hech biri ro‘y bermadi. «Milliy qarshilik asoslari to‘g‘risida»gi qonun tufayli ko‘ngillilarning hududiy mudofaa qismlari tuzildi. Bu doimo mavjud bo‘ladigan ko‘ngilli tuzilma. Uning saflariga kirgan odamlar odatiy hayot tarzida yashashadi, o‘z biznesini yuritadi, ammo oyda bir bor mashg‘ulotlar uchun yig‘iladi. Ularning alohida bo‘linmalari va qurollari bor. Rossiyaliklarning diversiya-razvedka guruhlari va maxsus topshiriqli kuchlari Kiyev atrofidagi o‘rmonzorlardan shaharga kira boshlaganida, shahar ko‘chalarida 20 ming atrofida qurollangan ko‘ngillilar harakatlanardi. Diversiya-razvedka guruhlari butunlay yakson etildi.

Bu model [hududiy mudofaa] tinchlik vaqti uchun juda samarador, harbiy vaqt uchun esa yanada samarali, chunki bu odamlar tajovuz ro‘y bergan vaqtda nima qilishni bilishadi. Ukraincha model sovetlarnikidan mutlaqo farq qiladi, sovetlar modeliga ko‘ra tinch vaqtda hududiy mudofaa kuchlari ro‘yxati formal tuzilgan, ammo hal qiluvchi palla kelganida — odamlarning yarmi yo‘q, qolgani esa shunchaki jangovar missiyalar uchun tayyor bo‘lmagan.

Keng ko‘lamli agressiya boshlangach [fevral oxiri — mart oyi boshlari] hududiy mudofaa qismlariga yozilish uchun ko‘ngillilarning uzun navbatlari hosil bo‘ldi. Rossiyalik harbiylar Xarkovni egallay olishmadi, chunki u yerda kuchli hududiy mudofaa qismlari bor edi, ular endi yanada uyushgan va kuchliroq bo‘ldi. Men o‘ylaymanki, bu Rossiya qo‘mondonligi uchun shok holat bo‘lgan: «Qanaqasiga?»

24 fevralda Rossiya qo‘shinlari uchun bari noto‘g‘ri ketdi. Gostomelga vertolyotlar bilan desant tushirildi — vertolyotlar urib tushirildi, desant kuchlari yo‘q qilindi. Kiyev janubidagi Vasilkovo harbiy aerodromiga ham desant tushirish bo‘yicha bir necha urinishlar bo‘ldi va ularning barchasi yo‘q qilindi.

Rossiya armiyasi urushga tayyorlanmaganini uning juda uzun masofaga, yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan logistik liniyasi ham ko‘rsatadi. Rossiyaliklarning oldindagi kolonnalari [Ukraina hududiga] kirdi va yakson etildi, chunki ularda logistika yo‘q edi. Ko‘rinib turibdiki, ular urush bo‘lmaydi va xotirjamlik bilan Kiyev yoki boshqa shaharlarga kiramiz, logistikani esa keyinroq, bir haftadan keyin, mashg‘ulotlardagi kabi, tinch muhitda ta’minlashadi va tashkillashtirishadi, deb o‘ylashgan.

Bularning hech biri sodir bo‘lmadi. «Amaliyot»ning birinchi bosqichida kirgan Rossiya qo‘shinlari shaxsiy tarkibi yo‘q qilindi.

Rossiya armiyasining mart oyi oxirida Ukraina shimolidan chekinishi Kreml o‘ylagan rejaning butunlay barbod bo‘lishini anglatadi. Aftidan, nima uchundir Kremlga haqiqiy razvedka ma’lumotlari yetkazib berilmagan. Bunday axborot yoki FSBda, yoki harbiy razvedkaning o‘zida, yoki prezident ma’muriyatida tutilib qolgan. Kim kimni aldaganini rossiyaliklarning o‘zi aniqlashtirishi kerak.

Buyog‘iga o‘qqa tutish boshlandi. Aftidan, generallar Putinga ular baribir vaziyatni o‘nglashni, avvaliga ukrain armiyasini Donbassda yakson qilib, keyin Kiyevga, Ukraina shimoliga, markaziy hududlarga qaytishni va’da qilishgan. Bu ham sodir bo‘lmaydi. Rossiya armiyasi yuz kun ichida Popasnayani olgani bilan maqtanmoqda. Bu, albatta, yaxshi natija, ammo uni strategik muvaffaqiyatga tenglashtirib bo‘lmaydi. Bunday tempda Rossiya uchun urush o‘n yil davom etishi mumkin.

— Ukrainada mobilizatsiya qanday ketayotgani haqida ochiq ma’lumotlar deyarli yo‘q, faqat harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlarga qarshi ochilgan ishlar soni bundan mustasno. Sizningcha, hukumat harbiy kuchlarni jiddiy ravishda kengaytirishda muammolarga uchramadimi?

— Bu jarayon haqida chindan ham ma’lumot yo‘q va bo‘lmaydi ham. Rossiyadan farqli ravishda, bizda harbiy holat. Prezident ofisi ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, urushga qadar armiya 200 ming kishidan tarkib topgan, hozir esa — 700 ming, buni millionga yetkazish ham niyat qilingan.

Muammolar hamisha bo‘ladi, ammo qandaydir kategorik muammolar ko‘zga tashlanmayapti. Men [mamlakatda] namoyishlar, «biz urushni istamaymiz» deyayotganlarni ko‘rmayapman. Kayfiyat butkul boshqacha. Qolaversa urush sakkiz yildan buyon davom etmoqda. Bizda 2014–2016 yillarda mobilizatsiyaning olti to‘lqini kechgan. Tashkillashtirishda qanday muammo bo‘lishi ham mumkin? Bu tizim yaxshi ishlab chiqilgan. Hozirda yettinchi to‘lqin ketmoqda.

2014 yilda muammolar bo‘lgan, chunki 20 yildan oshiq vaqt mobaynida tuzilgan armiya yakson etilgach, tarqoqlik yuzaga kelgan, Yanukovich qochgan, mudofaa vaziri [Pavel Lebedev] qochgan. Amalda birorta harbiy-siyosiy rahbar qolmagan, barchasini g‘ildirakdan boshlab qayta qurish talab etilgan. Urushning sakkiz yilidan keyin butun tizim mukammallikka erishgan. Ehtimol, inson omiliga bog‘liq qandaydir muammolar kuzatilgan bo‘lishi mumkin, ammo global qiyinchiliklar sezilmadi.

— O‘tgan vaqt mobaynida Ukraina harbiy strategiyasida qandaydir tub o‘zgarishlar bo‘ldimi?

— 2016 yildan buyon ukrain qo‘mondonligi yurish birdaniga olti-yetti yo‘nalishda olib borilishini bilardi. Yagona muammo shunda bo‘ldiki, ular janubdagi kuchlar konsentratsiyasini hisoblay olishmadi. U yerda Rossiya kuchlari bosib olingan Qrimdan chiqib ancha ichkari kirishga muvaffaq bo‘lishdi. Boshqa barcha yo‘nalishlarda rossiyalik harbiylarni darhol to‘xtatishning uddasidan chiqildi.

Ukraina strategiyasi mudofaa amaliyotlari o‘tkazish asosida shakllangan bo‘lib, sharoitga qarab qarshi hujum va hujumga o‘tiladi. Shimolda shunday bo‘ldi: Kiyev, Xarkiv, Sumi, Chernigovda. Bu shaharlarni rossiyalik harbiylar egallab ololmadi. Ma’lum tayyorgarlik davridan keyin qarshi hujum harakatlari amalga oshirildi, va [mart oyi oxirida] rossiyalik harbiylar shimoliy hududlardan siqib chiqarildi.

Boshqa yo‘nalishlarda ham strategiya xuddi shu prinsipda tashkil etilgan, vazifa juda oddiy: Ukraina hududlarini, shu jumladan Qrim va Donbassni ham deokkupatsiya qilish.

Dengiz yo‘nalishining o‘ziga xosliklari mavjud. «Moskva» raketa kreyseri [aprel oyi o‘rtalarida] yo‘q qilinishi Qora dengizdagi vaziyatni jiddiy darajada o‘zgartirdi. Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor rossiyaliklar floti [regionda] ilk bor to‘liq ustunligini yo‘qotdi. Endi flot dengizga chiqishga qo‘rqmoqda, chunki Ukrainada [G‘arb davlatlarining bahorgi yetkazmalari tufayli] nafaqat «Neptun», balki «Garpun» raketalari ham bor, uning uchish masofasi 300 kilometrni tashkil etadi, bu esa butun Qora dengiz bo‘ylab nishonlarga zarba berish imkonini taqdim etadi. Bu rossiyalik dengizchilar uchun yangicha hissiyot.

O‘ylaymanki, dengizdagi jang Qora dengiz floti yakson etilishi va Qrim demilitarizatsiya qilinishi bilan tugashi kerak. Bu aynan shunday. Ukraina Qora dengizda Qora dengiz floti turishiga ortiq toqat qila olmaydi, chunki bu — region uchun beqarorlashtiruvchi omil. Bu qanday g‘alati eshitilmasin, men o‘ylaymanki, Ukraina harbiy dengiz kuchlari qarshisida aynan shunday vazifa turibdi, chunki diplomatik yo‘nalishda Rossiyaga hech qanday ishonch yo‘q.

— Donbass uchun jang deb nom olgan harbiy harakatlar aprel oyi o‘rtalaridan buyon davom etmoqda. Rossiya hukumati Severodonetskni erta-indin qo‘lga olishini aytmoqda, parallel ravishda Slavyansk va Kramatorsk tomon yurish qilinmoqda. Sizningcha, Ukraina qurolli kuchlarining mazkur regiondagi istiqbollari qanday?

— Siz bergan ta’rif, bu, albatta, Rossiya tomoni istagan narsa. Aslida vaziyat biroz boshqacha.

Rossiya Donbass uchun jangni katta rejalar bilan boshlagandi: shimoldan — Xarkivdan janubga yurish qilib, janubdan — Zaporojyedan shimolga harakatlanib, Dneprda uchrashish. Ikkinchi o‘q [xaritadagi yurish chizig‘i] quyidagicha chizilgandi — shimolda Izyumdan, janubda Gulyaypoldan chiqish va Kramatorsk — Slavyansk atrofida uchrashish. Uchinchisi, eng kichik «kleshchi» (dushmanni ikki tomondan qurshovga olish) — bu Severodonetsk va Popasnayadan hujum qilish, ya’ni hozirda shu amalga oshmoqda.

Dastlabki ikki reja barbod bo‘ldi. 9 may arafasida Izyum atrofida juda keskin vaziyat hukmron edi, bu yerga hatto, aytishlaricha, [RF bosh shtabi boshlig‘i Valeriy] Gerasimov ham kelgan. U kelganmi, yo‘qmi bilmayman, ammo shundan keyin qayergadir g‘oyib bo‘ldi.

Shimoldagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Putinga [aftidan] 9 maygacha Donbass egallanishini va’da qilishgan: [Ukraina] qurolli kuchlari qurshovga tushirilishi va yakson etilishi, [rossiyalik harbiylar] yana Kiyev va Odessaga yurishi. 9 maygacha hech qanday muvaffaqiyatga erishilmadi. Izyumda yorib o‘tishga urinishlar bo‘ldi, ammo janubda, Gulyaypoleda, ilgarilash kuzatilmadi.

Donbass uchun katta jang bo‘lmasligi oydinlashgach, [Kremlda] hech bo‘lmaganda siyosiy maqsadga erishishga qaror qilindi — Severodonetsk va Lisichanskni egallash, bu orqali «LXR» endi mustaqil ekani, Rossiya «maxsus harbiy amaliyot»dagi maqsadiga erishganini e’lon qilish mumkin bo‘lardi.

Hozirda Rossiya [Donbassda] juda ko‘p kuchlarini jamlagan: mening baholarimga ko‘ra, 25 ta batalon taktik guruh kichik uchastkada Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga harakat qilmoqda. Ukraina qurolli kuchlari qurshovga tushib qolmaslik uchun doimiy ravishda chekinmoqda. Ular Severodonetsk boy berilishi amalda Rossiya armiyasi uchun ham, Ukraina armiyasi uchun ham deyarli hech narsani o‘zgartirmasligini bilishadi. Bu yerda faqat siyosiy vazifalar bor. Bu siyosiy vazifalarni bajarish uchun hozirda rossiyaliklar armiyasi juda katta resurslarni sarflamoqda.

Men o‘ylaymanki, ularning o‘rnini to‘ldirish juda qiyin bo‘ladi, chunki jangga yaroqli texnikalar tugamoqda. Ular allaqachon eskirgan texnikalarni omborlardan olib chiqishmoqda: hozirda T-62 tanklari Ukraina janubiga olib kelingan. Ishonchim komilki, ular hozir yaxshi holatda bo‘la olmaydi, chunki kamida 25–30 yil mobaynida saqlovda turgan.

Ukraina armiyasi uchun Severodonetskda mudofaalanishdan foyda yo‘q. Agar ular Lisichanskka chekinishsa, nisbatan qulay taktik sharoitga o‘tishadi. Shuning uchun ukrain armiyasi doimiy ravishda ortga chekinmoqda yoki Severodonetskdan chiqmoqda, buning barobarida harbiy vazifa bajarilmoqda. Harbiy vazifa — dushman qo‘shinlarini yo‘q qilish va hujumlar uyushtirish. Hozirda Xarkiv va Xerson yo‘nalishlarida hujum qilinmoqda, Rossiya esa Donbassga bog‘lab qo‘yilgan. 

— Shu bilan birga Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich 25 may kuni Ukraina Donbassda zaxira kuchlarni shakllantirish tempida ortda qolayotganini aytgandi.

— U buni 25-sanada [may] aytgandi, keyin esa snaryadlar keltirilgani, ular juda zo‘r qo‘llanganini aytdi: qo‘mondonlik punkti va o‘q-dori omborlari yo‘q qilingan. Donbass uchun jangning o‘zgachaligi nimada? Rossiya o‘z texnikalarini yo‘qotmoqda, Ukrainada esa ko‘proq texnika bo‘ladi, chunki har kuni G‘arbdan artilleriya kelishi davom etadi.

Sovetlar texnikasi muntazam ravishda o‘z resursini tugatib bormoqda, parallel ravishda biz to‘liq NATO artilleriyasiga o‘tmoqdamiz: amerikaliklarning, fransuzlarning, polshaliklar, chexlar, slovaklarning modellari mavjud. NATO artilleriyasi — sovetlarnikiga qaraganda biroz boshqa daraja. Bu uzoqroqqa va aniqroq otadi, barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan. Bu shuni anglatadiki, batareyalar kurashida raqib 20 kilometrga otsa, sen — 30 kilometrga otasan. Qolaversa qo‘llash tezligi yuqoriroq: keladi, drondan koordinatalarni oladi, qayta ishlaydi, ketadi. Barchasi uchun besh daqiqa sarflanadi.

Rossiya tomonining muammosi shundaki, operatsiya tempi juda past, texnika va mutaxassislar yetishmaydi: 60 yoshda bo‘lgan general-mayor [Kanamat Botashev] urib tushirildi. [Aftidan] Rossiyada uchuvchilarni tayyorlashda ham muammo bor. Harbiy aviatsiya piloti — donalik mahsulot va uni tezda tayyorlab bo‘lmaydi.

— Agar Rossiya Severodonetskda shartli siyosiy maqsadga erishsa, voqealar qanday rivojlanishi mumkin?

— Hozirda Izyumda turib qolgan [Rossiya] guruh Rossiya chegarasidan ma’lum masofada joylashgan. Uni logistikadan uzib qo‘yish uchun Ukraina Xarkiv yo‘nalishida qarshi hujumlar uyushtirmoqda. Bu guruh Slavyanskka hujum qilish o‘rniga ortiga burilib, Rossiya hududiga qaytib ketishga urinishi ham mumkin. Ukrainada Izyumda ham, boshqa yo‘nalishlarda ham shunday vaziyat yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Gap shundaki, Ukraina Rossiyadan ko‘ra farqliroq jang olib boradi. Ukraina yuzma-yuz to‘qnashish taktikasini emas, artilleriya zarbalari orqali [dushman] logistikasi, boshqaruv tizimi, ta’minot tizimini uzib qo‘yish taktikasini qo‘llaydi. Uyog‘iga nima qilish raqibning o‘ziga havola: yonilg‘i va o‘q-dori ta’minotisiz oldinga yurish yoki ortga qaytish. 

— U holda Arestovichning Rossiya armiyasi Ukraina shimoliga qaytishi va mamlakat janubida bosimni kuchaytirishi ehtimoli haqidagi xavotirlari qanchalik asosli? 

— Rossiyada hozir amaliyotni yangidan boshlash uchun kuch yo‘q. Ukraina shimolida nimanidir rejalashtirish uchun avval Donbassda nimagadir erishish kerak bo‘ladi. [Buning uchun rossiyalik harbiylar] hech bo‘lmasa [shimolda] Izyumdan va [janubda] Gulyaypoledan katta amaliyot boshlashi talab etiladi. Hozircha Rossiya bu darajada ko‘zga ko‘rinarli muvaffaqiyatlarga erisha olmadi.

Takrorlayman, taktik nuqtayi nazardan vayron qilingan Severodonetsk hech narsani o‘zgartirmaydi. Bu Rossiya armiyasi uchun qanday foydasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan xarobalar. Janubda esa Ukrainada barcha imkoniyatlar mavjud, masalan, Xerson va boshqa hududlarni ozod qilish va Qora dengiz flotiga zarba  berish. Qodirov Severodonetskni olishga urinayotganida, Rossiyani bir qancha syurprizlar kutishi mumkin. Va bu hatto taktik emas, balki strategik kartinaga ta’sir qiladigan operativ plandagi syurprizlar bo‘lishi mumkin.

— Shunday tasavvur uyg‘onadiki, AQSh va Yevropa davlatlari tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi eng yuqori nuqtasidan o‘tib bo‘lgan. Obektiv qaralsa, shunday emasmi? 

— Hozirda Qo‘shma Shtatlar harbiy iqtisodiyoti – bu Ukrainaning harbiy iqtisodiyotidir. Bundan ko‘p ham emas, kam ham emas, chunki lend-liz to‘g‘risidagi qonun imzolangan, birinchi bosqichda [Ukrainaga yordam uchun] 40 milliard dollar ajratilgan. Hozirda AQSh harbiy iqtisodiyot tomondan bizning asosiy yordamchimizdir.

Qo‘shma Shtatlar bu jarayonda yetakchi sifatida Ramshtayn koalitsiyasini yig‘di. Ikki majlis bo‘lib o‘tdi, ular Ukraina uchun yordamni muvofiqlashtirishga bag‘ishlangan, maqsad xaosga yo‘l qo‘ymaslik. Tasavvur qiling, agar 40 davlatning har biri Ukrainaga alohida yordam ko‘rsatsa, masalan, 18 tadan artilleriya tizimlari, bittadan samolyot, yana qandaydir o‘zining mahsulotlarini yuborsa — bu holda ukrain armiyasining moddiy-texnik ta’minotida tartibsizlik yuzaga keladi. Shuning uchun Qo‘shma Shtatlar barchasini muvofiqlashtiradi.

[Ramshtay koalitsiyasi ishi] sxemasi shunday bo‘lishi mumkin: agar kimdadir sovetlar texnikasi qolgan bo‘lsa, ularni Ukrainaga berish mumkin, Qo‘shma Shtatlar esa evaziga o‘z texnikalarini yuboradi, bu davlat armiyasining jangovar qobiliyati pasayib ketmasligi uchun. Masalan, Slovakiya bilan shunday bo‘ldi, ular Ukrainaga o‘zlarining S-300 havo hujumidan mudofaa tizimini berdi, Qo‘shma Shtatlar esa ularga Patriot zenit raketa kompleksini jo‘natdi. Polsha Ukrainaga sovetlar davriga mansub samolyotlarini berib, Amerikaning F-16 qiruvchilarini qabul qilib olgan.

Shunday ekan, umuman olganda, G‘arb yordami endi tezlasha boshladi. Hozirda yoppasiga artilleriya yuborishmoqda, MLRS M270 va HIMARS baravar o‘t ochish tizimlari yuborilishi kutilmoqda. Kemalarga qarshi raketalarni yetkazib berishgan. Har doimgidek yetkazmalar tezligiga e’tirozlar bor, ammo har kimning o‘z byurokratiya darajasi bo‘ladi. Agar kimdir uch oy muqaddam bizga HIMARS yoki kemalarga qarshi raketalar yetkazilishini aytsa, men ishonmagan bo‘lardim. Ammo bu reallikka aylandi, [Ukrainada] buni norma sifatida qabul qilishmoqda, qolaversa tezlashtirishni talab qilishmoqda.

Hozir Ukrainaga operativ-taktik raketalarni yuborish masalasi ham muhokama qilindi. Hozircha Qo‘shma Shtatlar bunday raketalarni yubormaydi. O‘ylaymanki, hozirda bizga bu kerak ham emas: bor e’tiborni hududlarni okkupatsiyadan ozod qilishga qaratish kerak. Bu vazifa uchun — raqibning front ortidagi pozitsiyalarida boshqaruv punktlarini, ta’minot tizimlarini, logistikasini yo‘q qilmoq kerak — bunda 100–150 kilometr masofaga uchuvchi raketalar kifoya qiladi. 

— Shu bilan birga, ukrain rasmiylari ko‘pincha yordam yetarli emasligini aytib, bunda xususan Germaniyani ayblashadi. Ushbu mamlakat qurol yetkazib berishda kamtarlik qilayotgani haqida nemis nashrlari ham yozmoqda. 

— To‘g‘risini aytsam, men Germaniyaga bosim qilmagan bo‘lardim. Uning armiyasi tarqoq, ularda sovuq urush davridan qolgan qurollar. Biz ularning qurolli kuchlari arsenalidagi qaysidir qurollarni talab qilyapmiz, ammo bunday texnikalardan foydalanishni boshlash uchun ularni modernizatsiya qilish kerak bo‘ladi. Bular uchun resurslar va vaqt talab etiladi. Bundan tashqari, hozirda Germaniya qurolli kuchlarida texnikalar ko‘p emas. 

Germaniya mudofaa-sanoat kompleksi chindan ham juda kuchli, eksport bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri, ammo bu yerda yana bir muammo bor. Qandaydir tizimni ishlab chiqarish uchun vaqt kerak, bu borada muzokaralar ketmoqda. Germaniya Ukrainaga boshqacha istalgan vositalar bilan yordam berishi mumkin — moliyaviy yoki resurslar orqali. Men o‘ylaymanki, biz bunga ham bosqichma-bosqich boramiz.

— Boshqa tomondan, may oyi o‘rtalarida Zelenskiy Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga «suverenitet bo‘yicha» yon berishni taklif qilganini aytgandi. Qolaversa, Yevroittifoqning yetakchi davlatlari Ukrainaga YeIga a’zolikka nomzod maqomi berilishiga qarshi chiqmoqda. Ukraina hozir G‘arbdagi hamkorlaridan nima kutishi mumkin?

— Ukraina oldiga vazifa qo‘yilgan — o‘z hududlarini deokkupatsiya qilish, bunda Rossiyani mag‘lub etish. Boshqa mamlakatlarning ham o‘z vazifalari bor.

Agar Germaniyadagi katta biznesga nazar tashlasak, u hozirda shok holatida ekani tushunarli bo‘ladi, so‘nggi 50 yil davomida o‘zaro munosabatlar tizimini, jumladan SSSR va Rossiya bilan gaz sohasidagi hamkorlikni qurgan odamlarning mehnati butkul yo‘qqa chiqqan. Nega? Nemislar uchun bu tushunarsiz. Qadrli do‘st Vladimir [Putin] bularning barini yakson etishga qaror qildi. [Nemis oligarxiyasi] shok holatida: agar shunday davom etsa, ularning yaxshi daromadli, boy va vaqtichog‘ hayoti tugaydi. Nemislarning energetika tizimi amalda Rossiya gazi va neftiga asoslangan, endi esa bu komponent birdan yo‘q bo‘lib qoladi, energiyaning muqobil variantlariga o‘tish kerak bo‘ladi. Darvoqe, shu kunlarda [neftga] embargo joriy etildi — to‘liq emas, ammo yo‘qdan ko‘ra bor.

Yevropa elitasidagi shok holati juda sezilarli bo‘lmoqda, buni Makron doimiy ravishda Putinga aloqaga chiqqanidan ham bilish mumkin. U fransuz biznesini qutqarishi kerak, Rossiyada juda ko‘p fransuz bizneslari bor. Ular [fransuz tadbirkorlari] u yerga katta pul tikishgan va hozirda bu pullarni yo‘qotayotganini tushunib turishibdi. Fransuz hukumati Putindan to‘xtashni so‘radi, Putin esa yuzini burdi. Chunki bu qanday bo‘lishi mumkin — u to‘xtaydiyu, ukrainlar yo‘q? U KGBdan chiqqan yigit.

Natijada G‘arbdagi katta biznes uchun juda og‘ir damlar keldi. Albatta, Yevropa mamlakatlari uchun eng yaxshi variant qanday qilib bo‘lmasin bu urushni to‘xtatish bo‘ladi. Qadrli do‘st Vladimir [Putin] chekinishni istamagach, ukrainlarga bosim qilindi va aytildi: «Keling, bir narsa haqida kelishib olamiz. Kelinglar nimanidir imzolaymiz. Ha, sizning biroz hududingiz, sizning manfaatlaringiz… Ammo biz buning uchun to‘laymiz. Asosiysi — keling biz qurgan hamma narsani buzmaylik».

Ammo Ukraina bunga rozi bo‘la olmaydi. Agar 2014–2016 yillarda Ukraina Minsk kelishuvlarini imzolab, qandaydir yon bergan bo‘lsa va keyin ham Kreml bilan qandaydir muzokaralar olib borgan bo‘lsa, hozirda bu deyarli imkonsiz. Rossiyalik askarlar Ukrainada — Kiyev oblasti, Chernigovda qilgan ishlardan keyin, bu ommaviy qotilliklardan keyin…

Ukrainlar shunchaki yon bera olishmaydi. Biz bu hududlarni ozod etishimiz va Rossiya bilan hech qanday ish qilmasligimiz kerak. Qachondir qandaydir kelishuv tuzilishi mumkin, ammo hozir emas. G‘arbdagi do‘stlarning barcha urinishlari tushunarli. Ular neft va gazga embargo joriy etishni juda ham istashayotgani yo‘q, ammo boshqacha chora yo‘q, chunki Rossiyaning tajovuzi va harbiy jinoyatlar davom etmoqda. 

Albatta, biznes-manfaatlar bor, ammo umuminsoniy qadriyatlar ham mavjud. Yevropa uchun bu tayanchni saqlab qolish juda muhim. Demokratiya qadri pulda emas, balki so‘z erkinligiga, odamlar tengligiga sodiqlikdadir.  Shu tufayli oligarxiya mavjud modelni [Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni] saqlab qolishga harchand urinmasin, G‘arb jamiyati bunga yo‘l qo‘ymaydi. Aynan Yevropa mamlakatlari jamiyatlari Ukraina tomonida turishibdi va o‘z siyosatchilarini fikrlarini o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Siyosatchilar yoki biznes bunga qanchalik qarshilik qilmasin, Ukrainaning Yevropa bilan yaqinlashuvidan o‘zga chiqish yo‘li bo‘lishi mumkin emas. Yevropa ittifoqiga a’zolik maqomi taqdim etilishini to‘xtatishga urinishlar — Putin bilan o‘zaro til topishishga urinishdan boshqa narsa emas.

Lekin, xayriyatki, yevropalik siyosatchilarni saylovchilar tanlaydi. Bular hali ham demokratik davlatlar, shuning uchun ular jamiyatdagi kayfiyatga qarab yo‘nalish oladi. Nega yevropalik siyosatchilar Zelenskiyni tik turib olqishlaydi? Siyosatchilarga Zelenskiy yoqmasligi mumkin, ammo u yevropaliklarda simpartiya uyg‘otgan: ularni ukrainlar oyoqqa turib, kurash boshlashdan qo‘rqmagani maftun etadi. Shunday ekan, Yevropadagi katta biznes va siyosatchilarda imkon yo‘q. Agar ular hozir o‘zgarmasa, keyingi saylovlarda Ukraina bilan yanada faol ishlaydigan boshqalar keladi. Bu hayot haqiqati.

— Bucha voqealaridan keyin Ukraina va Rossiya ikki tomonlama muzokaralar jarayonidan chekindi. Volodimir Zelenskiy esa muloqot ertami-kechmi tiklanishini aytadi. Bu tez orada bo‘lishini taxmin qilish uchun asoslar bormi?

— Bu muzokaralar bo‘lmagandi — bu maslahatlashuvlar edi. Tomonlardan biri «Yigitlar, biz sizni denatsifikatsiya qilmoqchimiz, siz esa siz bilan nimani imzolashimizni o‘zingiz o‘ylab toping» deb tursa, buni muzokara deb bo‘lmaydi.

Barcha umuman nimalar bo‘layotganini, Putin nimani o‘ylayotgani, u nega bunday yo‘l tutganini, nima uchun u Yevropa iqtisodiy modelini vayron qilgani, nega u Rossiyani vayron qilishga qaror qilgani, nega Ukrainani azoblayotganini tushunishga urinardi. Barcha buni bilishga urinayotgandi. Muzokaralar yordamida. Baribir hech narsa tushunarli bo‘lmadi, chunki Medinskiy ham muzokaralar davomida o‘sha safsatani takrorladi — «denatsifikatsiya». Yaxshi, okey. Putin ukrainlarni yo‘q qilishni istagan. Super, XXI asr uchun — ajoyib maqsad. U buni o‘zi uchun qanday tasavvur qilgan — bilmayman. Bu yerda qanday muzokaralar bo‘lishi mumkin? Afsuski, hozircha gaplashadigan gap yo‘q.

Ehtimoliy muzokaralar faqat Rossiyaning Donbassdagi yurishi barham topib, Ukraina qarshi hujumga o‘tganida boshlanadi. Qachonki rossiyalik generallar Putinga vaziyatni tezda tuzatish kerakligini aytganida — buyog‘iga yanada yomon bo‘lishi mumkin, agar qurbonlar soni 40-50 mingga yetsa, xalq bunga qanday munosabatda bo‘lishi tushunarsiz. Yaradorlar esa allaqachon 100 ming. Odamlar oshxonalarda shivirlab, yetakchi umuman xolis emasligini ayta boshlashi mumkin. Bunday vaqtda, men aminmanki, Putin Rossiya hamisha muzokaralar tarafdori bo‘lganini aytadi. U Kiyevdagi neonatsistlarni shafqatsiz siyosati va «Donbassdagi xalqlarni» yakson etishini bas qilishga majburlashni G‘arbdan talab etadi.

— Sizningcha, u holda muloqot qanday sharoitda boshlanishi va nima haqda kechishi mumkin? 

— Shartnomalar har doim jang maydonidagi voqealar aniqlab olinganidan keyin tuziladi. Xuddi Minsk kelishuvlari bilan bo‘lgani kabi, o‘shanda Ilovaysk va Debalsevoda Ukraina uchun noqulay sulhlar tuzilgandi. Putin o‘z urushini Ukrainaning denatsifikatsiyasi va demilitarizatsiyasi talablari bilan boshladi. Muzokaralar Rossiya qo‘shini Kiyev ostonasida turganida olib borildi. Endi jang maydonida nima bo‘lishini ko‘ramiz. Vaziyat biroz — men hatto «ancha» degan bo‘lardim — o‘zgargan.

Zelenskiy ehtimoliy muzokaralar Ukrainaning 24 fevralgacha bo‘lgan chegaralari bo‘yicha bo‘lishi haqida gapirgan, ammo men bu hozir qanchalik dolzarb ekanini ayta olmayman. Men Qrim va Donbassning to‘liq ozod etilishi haqida gapirgan bo‘lardim. 24 fevralgacha bo‘lgan chegara masalasida Kreml o‘zining ba’zi istaklarini qaytarib olishi mumkin, ammo Ukraina uchun ular yetarli darajada bo‘lmaydi. Baribir Qrim bo‘yicha, ayniqsa Donbass bo‘yicha muhokamalarni boshlash kerak. Medinskiy boshchiligidagi delegatsiya bilan ko‘rib chiqadigan muzokaralar punktlarida ham Qrim bo‘yicha 15 yillik muzokaralar haqida so‘z borgandi. Men o‘ylaymanki, hozir bu boshqacharoq ko‘rinadi, ammo Putin Qrim va Donbass masalasidan hech qayoqqa qocha olmaydi.

Muzokaralar bo‘ladi, qachonki Ukraina faol qarshi hujum boshlasa, Rossiya qo‘shinlari parchalansa, hukumati esa sochiqni tashlab, desa: «Bizga tanaffus kerak». Kuchlarni safarbar qilish, tiklash va jamlash uchun Rossiyaga yarim yil, bir yil kerak bo‘ladi, aftidan, u shunday tanaffus olishga harakat qiladi. Ammo men baribir umid qilamanki, Ukraina Rossiya qo‘shini uchun tanaffus taqdim etishga bormaydi.

Mavzuga oid