O‘zbekiston | 07:22 / 15.06.2022
7931
3 daqiqa o‘qiladi

Sanoat zonalari ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi

Prezident tomonidan “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat muassasasi shaklidagi kichik sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar sifatida qayta tashkil etiladi.

Ularga qo‘shimcha ravishda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini rivojlantirish ham ular hududidagi yer maydonlari, bino va inshootlarni elektron onlayn-auksionga chiqarish vazifalari yuklatildi.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri maxsus iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlari tugatilib, ular vazifalari tegishincha maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga hamda yagona direksiyalarga yuklatiladi.

Hujjat bilan maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalari biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga "Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi" DUK xulosasini olish talabi bekor qilindi.

Bunda, maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan loyihalar "Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida"gi qonunda belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.

2022 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatilmoqda, unga muvofiq:

  • sanoat zonalari hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda yagona direksiyalar tomonidan 10 ish kunida qabul qilinadi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar hududida auksionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar o‘tkazilgan hisoblanadi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan kreditlar olishda garovga qo‘yilishi mumkin;
  • sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlang‘ich narxi bo‘yicha to‘lovlarni 12 oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi tatbiq etiladi;
  • maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar ro‘yxati bo‘yicha murojaati maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan murojaat kelib tushganidan boshlab yetti ish kunida tasdiqlanadi va elektron ravishda Davlat bojxona qo‘mitasiga taqdim etiladi;
  • import qilinayotgan xomashyo, materiallar va butlovchi buyumlar ushbu ro‘yxatga muvofiqligi hamda har yarim yilda ro‘yxatdagi tovarlar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti ustidan nazorat bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Belgilanishicha, maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan besh kun muddatda tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari bosh rejalari tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.

Mavzuga oid