O‘zbekiston | 23:06 / 17.06.2022
52579
3 daqiqa o‘qiladi

Andijondan Qirg‘izistonga o‘tishga mo‘ljallangan yerosti yo‘li qaziganlar qamaldi

Joriy yil 22 yanvar kuni DXX Andijon va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda transchegaraviy jinoiy guruh 1,6 million dollardan oshiqroq valutani Qirg‘izistonga olib o‘tishni rejalashtirayotganda qo‘lga tushgan.

O‘tkazilgan tadbir davomida Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi guruh a’zolaridan birining uyida Qirg‘izistonga o‘tish uchun mo‘ljallangan yerosti yo‘li borligi aniqlangan. Uning eni 1 kvadrat metr, chuqurligi 12,5 metr, uzunligi esa 150 metr bo‘lgan.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Ushbu tumandagi Birlik mahallasida esa uzunligi 420 metr bo‘lgan yana bir yerosti yo‘li borligi aniqlangan. Qirg‘izistonga o‘tish uchun mo‘ljallangan bu yerosti yo‘lida qo‘lbola po‘lat izlar yotqizilgan bo‘lib uning ustida elektro dvigatelli aravacha o‘rnatilgan va shu tariqa O‘zbekistondan Qirg‘izistonga, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga noqonuniy tovarlar, valuta olib o‘tilgan.

Jinoiy guruh ikki nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat bo‘lgan. Guruhni 1974 yil tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi boshqargan. Jinoiy guruh a’zolari huquq tartibot organlari e’tiboriga tushmaslik uchun so‘zlashuvda shartli muloqot usulidan foydalangan. Guruh ax’zolari Andijondagi «Do‘stlik» chegara postidan O‘zbekistonga katta miqdordagi valutani deklaratsiya to‘ldirgan holda olib kirgan. Keyinchalik pullarni yerosti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib olib ketgan. Qo‘lga kiritilgan deklaratsiyadan esa Qo‘qon va Toshkentdagi ehtimoliy tekshiruvlarda foydalanishni maqsad qilishgan.

Jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan, ularning qilmishlari dalillar yordamida o‘z isbotini topgan. Joriy yil 25 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudida guruh a’zolariga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Qo‘rg‘ontepadagi navbatdagi yerosti o‘li esa O‘zbekiston va Qirg‘izistonni ajratib turuvchi Shahrixonsoy kanali ostidan qazilgan. Bu yerosti yo‘lining chuqurligi 16 metr, uzunligi 70 metr. Bu yashirin yo‘l maxsus yoritish va kislorod bilan ta’minlash tizimi bilan «jihozlangan». Ushbu yo‘lni qazigan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

Ushbu holatlar yuzasida O‘zbekiston DXX tomonidan Qirg‘iziston tomoniga aniqlangan uchta yerosti yo‘llarining qo‘shni davlat hududidan chiqadigan manzillari, tashkilotchilari haqida ma’lumotlar berilib, qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan. Joriy yil may-iyun oylarida qo‘shni davlat vakillari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida yerosti yo‘llarining faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid