Jahon | 14:27 / 17.06.2022
13456
4 daqiqa o‘qiladi

Lugansk rasmiylari «Azot» zavodidan yuzlab tinch aholini evakuatsiya qilish iloji yo‘qligini bildirdi 

Severodonetskdagi «Azot» zavodi hududida 500 dan ortiq tinch aholi vakili yashiringan, ularni evakuatsiya qilish endi mumkin emas.

Foto: Reuters

Severodonetskdagi «Azot» sanoat korxonasida yashiringan 500 dan ortiq tinch aholi vakilini uzluksiz artilleriya otishmalari tufayli endi evakuatsiya qilish imkonsiz. Bu haqda Lugansk oblasti gubernatori Sergey Gayday 16 iyun, payshanba kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodda 568 kishi, jumladan, 38 nafar bola yashiringan. «Hozir u yerdan chiqishning iloji yo‘q. Aytmoqchimanki, bu jismonan mumkin, lekin doimiy o‘q otish va janglar tufayli juda xavfli. Agar kimdir tashqariga chiqsa, uning o‘lish ehtimoli 99 foizga teng», - deydi Gayday. 

Rasmiylar zavoddan boshpana topgan tinch aholini o‘tgan oy, shaharga olib boruvchi asosiy ko‘priklar vayron bo‘lishidan oldin chiqib ketishga ko‘ndirishga harakat qilgan, deydi u. Biroq, ko‘pchilik o‘z joyida qolish xavfsizroq deb bilgan.

«Ular ketishni istamadi. Negadir u yerni xavfsizroq deb o‘ylashdi. Oxirgi marta 21 may kuni, birinchi ko‘prik vayron bo‘lishidan bir-ikki kun oldin ularni evakuatsiya qilishni taklif qilgandik. Birinchi o‘rinbosarim suhbatlashgani kelgan. Afsuski, ular ketishni xohlamadi», - dedi Gayday. 

«Azot»da yashiringan tinch aholi vakillarining oziq-ovqat zaxiralari hali bor, biroq ular ikki haftadan beri to‘ldirilmagan, dedi Severodonetsk tumani harbiy ma’muriyati rahbari Roman Vlasenko CNN’ga. Unga ko‘ra, u yerdan boshpana topganlarning aksariyati kimyo zavodi ishchilari, ularning oila a’zolari va mahalliy aholidir. «Ular boshidanoq o‘sha yerda yashiringan. U yerda bombalardan haqiqiy boshpanalar bor», - deydi u. 

Zavod ostida tinch aholi vakillari va ukrainalik harbiylar yashiringan bunkerlardagi vaziyat xavf tug‘dirmoqda, dedi BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi matbuot kotibi Saviano Abreu. «Suv va gigiyena vositalarining yetishmasligi katta tashvish uyg‘otmoqda. Bu bizni juda xavotirga solmoqda, chunki odamlar suvsiz uzoq yashay olmaydi», dedi u. 

15 iyun kuni Rossiya tomoni «Azot»dan «LXR» nazoratidagi Svatovo shahri yo‘nalishi bo‘yicha gumanitar yo‘lak ochilganini e’lon qildi. Yo‘lak ishga tushganning birinchi kunidayoq Rossiya Ukraina hukumatini evakuatsiya jarayonini to‘xtatganlikda aybladi. 

«U yerda ma’lum oziq-ovqat va suv zaxiralari mavjud. Ayni paytda ommaviy evakuatsiya qilishning iloji yo‘q, ammo otishmalar orasidagi vaqt oralig‘ida biz «tinch evakuatsiya» deb atalmish operatsiyani o‘tkazmoqdamiz. Severskiy Donets bo‘ylab uchta ko‘prik ham vayron qilingan, ammo shaharni nazorat ostidagi hudud bilan bog‘lash yo‘llari bor», — deya ma’lum qilgan Severodonetsk shahar harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Aleksandr Stryuk avvalroq. 

Mavzuga oid