“Men ham sen uchun ota-onangdek qayg‘uraman” - Shavkat Mirziyoyev oqqonga chalingan bolalar bilan uchrashdi
Prezident Onkogematologiya markazida oqqondan davolanayotgan Saidazizxonning maqsadi Prezident maktabiga kirish ekanini bilgach, sog‘ayib ketgach u yerga imtihonsiz qabul qilinishini aytdi.
“Umiding yaxshi bo‘lsa, niyating yaxshi bo‘lsa, Xudo xohlasa prezident maktablarida o‘qib, jonajon vatanimizning, Yangi O‘zbekistonning kelajagisan. Men bunga ishonaman. Ota-onang qanday niyat qilgan bo‘lsa, men ham shunday niyat qilaman, shunday qayg‘uraman. Ilohim yaxshi kunlarda ko‘rishaylik. Niyatlaring amalga oshsin. Prezident maktabida albatta o‘qiysan”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Saidazizxon Eshonxonov Kun.uz muxlislari uchun begona emas: saytimizda uning sog‘ayishi uchun xayriya aksiyasi o‘tkazilgan.
Prezident boshqa bir bemor bola Samandar Kabulov bilan ham tanishib, uning onasi bilan suhbatlashdi.
“Davolash taktikamizni yana bir ko‘rib chiqyapmiz. Buning uchun Germaniyadan mutaxassislarni jalb qilyapmiz. O‘zim nazoratga olganman. Maqsadimiz – sog‘ayish jarayonini tezlashtirish. Kasallikni birgalikda yengamiz”, – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev nukuslik bolakay va uning onasining ham ko‘nglini ko‘tardi.
“Onangizning ko‘zlarida quvonch ko‘rinyapti, o‘g‘lim oyoqqa turdi deb. Xudo xohlasa o‘g‘illari bu kasallikni esdan ham chiqarib yuboradi. Sizlar bilan Nukusda ham ko‘rishamiz, xo‘pmi?” dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, prezident topshirig‘i bilan gematologik, onkologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun alohida markaz qurib bitkazildi. Yanvar oyidan faoliyat boshlagan markazda bolalar va ularning ota-onalari yashab davolanishlari uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Mavzuga oid
20:19
2025 yilda tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshi oshiriladi
18:47
Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi
18:11 / 12.12.2024
Mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi
19:53 / 11.12.2024