Sport | 18:45 / 17.06.2022
26493
8 daqiqa o‘qiladi

Qaltis vaziyatdagi debyut – O‘zbekiston milliy jamoasining ilk o‘yiniga 30 yil to‘ldi 

1992 yil 17 iyun kuni mustaqil O‘zbekistonning bosh jamoasi qaltis siyosiy vaziyatda qolgan Tojikiston poytaxtida o‘z tarixidagi birinchi o‘yinni o‘tkazdi. 

O‘zbekiston milliy jamoasi 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida / Foto: Wikipedia

Bundan 30 yil oldin O‘zbekiston milliy jamoasi Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida mezbonlarga qarshi maydonga tushdi. Markaziy Osiyo Kubogi doirasidagi bahs milliy jamoamiz tarixidagi ilk xalqaro o‘yin edi. Og‘ir siyosiy-iqtisodiy vaziyat tufayli fuqarolar urushi ostonasida turgan Tojikistonda bunday darajadagi bellashuvning o‘tkazilishi katta tavakkalchilik, aqlbovar qilmas ish bo‘lgan. «Qaltis vaziyatdagi debyut» o‘yini o‘zbekistonliklar ustunligida o‘tdi, ammo muvaffaqiyatli yakunlanishiga 5 daqiqa yetmadi. 

Milliy jamoaning «tug‘ilishi» 

1991 yil 1 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilindi. Shu yili dekabr oyida sobiq SSSR tarkibiga kiruvchi respublikalar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini (MDH) tuzish haqida kelishuvni imzoladilar. Unga a’zo mamlakatlarning futbol federatsiyalari 1992 yilda klublar o‘rtasida MDH chempionatini tashkil etish g‘oyasini ilgari surishdi. Turnirda O‘zbekistondan «Paxtakor», «Neftchi» va «Navbahor» klublari ham ishtirok etishi rejalashtirilayotgan edi. Biroq, bu g‘oya turli sabablarga ko‘ra hayotga tatbiq etilmay qoldi. 

1992 yil 31 yanvar kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi (O‘FF) ijroqo‘mida O‘zbekiston milliy va olimpiya jamoalarini tashkil etish, ularga murabbiylarni tayinlash haqida qaror qabul qilindi. Demak ushbu sanani milliy jamoamiz tug‘ilgan sana deb bemalol aytish mumkin. 

Markaziy Osiyo Kubogi g‘oyasi 

MDH chempionati rejasi barbod bo‘lgach, Markaziy Osiyo davlatlari federatsiyalarida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston klublari ishtirokida chempionat o‘tkazish g‘oyasi tug‘iladi. Ammo og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli uning o‘tkazilishi imonsiz deb topilgan. Shundan so‘ng, O‘FF milliy va olimpiya jamoalari ishtirokidagi turnir g‘oyasini ilgari surgan, uni barcha federatsiyalar qo‘llab-quvvatlagan. 

Jurnalist Sergey Gapich so‘zlariga ko‘ra, federatsiyalar vakillari Qozog‘istonning Shimkent shahrida musobaqa taqvimini tasdiqlash uchun to‘planishgan. Biroq, aviachiptalar narxining keskin ko‘tarilishi, moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar tufayli ayrim federatsiyalarning bunday formatda ishtirok eta olmasligi ayon bo‘lgan. Shundan so‘ng, faqat milliy jamoalar ishtirokida, guruh bosqichidan iborat, uy-safar o‘yinlari tizimida turnir o‘tkazishga kelishib olishgan. 

1 iyun kuni Markaziy Osiyo Kubogi start oldi va dastlabki o‘yinda Qozog‘iston milliy jamoasi o‘z maydonida Turkmanistonni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. 

Milliy jamoaning ilk o‘yini 

17 iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida O‘zbekiston milliy jamoasi mustaqil bayrog‘imiz ostidagi birinchi o‘yinni o‘tkazish uchun mezbonlarga qarshi maydonga tushdi. 

Shu kuni «Pomir» stadioniga 3 ming muxlis jamlandi. Og‘ir siyosiy-iqtisodiy vaziyat bo‘lishiga qaramay, har ikkala jamoa eng yaxshi futbolchilarini o‘yinga jalb qila oldi. Tojikiston tarkibida Rossiyaning «Zenit» klubidan Andrey Manannikov, «Lokomotiv» klubidan Hakim Fuzaylov, Vasiliy Postnov, Yuriy Baturenko, Muhsin Muhammadiyev, «Spartak» klubidan Rashid Rahimov maydonga tushdi. O‘zbekiston tarkibida «Neftchi» klubidan Aleksandr Tixonov, Vladikavkazning «Spartak» klubidan Gennadiy Denisov, Mirjalol Qosimov, Andrey Pyatnitskiy va Igor Shkvirin o‘ynadi, «Paxtakor»dan Ilhom Sharipov o‘yinga tushdi. 

Birinchi bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi. Tanaffusdan keyin esa mehmonlar yaxshiroq o‘yin namoyish etishdi. 

62-daqiqada Igor Shkvirin O‘zbekiston milliy jamoasining ilk golini urib, tarixga kirdi. 

Hisobdagi farq 10 daqiqa saqlanib turdi. O‘zbekiston milliy jamoasi darvozasidan 20 metr uzoqlikda jarima zarbasi belgilandi. Muhsin Muhammadiyevning kuchli va aniq zarbasi oldida darvozabon Anvar Jabborov ojiz edi – 1:1. 

Oradan 2 daqiqa o‘tgach, O‘zbekiston milliy jamoasi yana hisobda oldinga chiqib oldi. Igor Shkvirin jarima maydoni ichida qo‘pol tarzda yiqitildi. Belgilangan penaltini Rustam Abdullayev aniq amalga oshirdi. 

21 yoshli hujumchi penalti belgilanishi bilan bog‘liq vaziyatni shunday eslaydi: «Shkvirin va Tixonov (tajribali futbolchilar) penaltini kim tepishi haqida o‘ylanib turishganida «men tepaqolay» dedim. Shunda menga qarab «Pust molodoy probyot» (Mayli, yigitcha tepaqolsin) deyishdi. Qandaydir hayajon bo‘lmagan, gol urganman». 

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinda g‘alabani ushlab qololmadi. 86-daqiqada Rahimovning kuchli zarbasidan keyin Jabborov to‘pni qaytara oldi, ammo Muhammadiyev chaqqonlik qilib, uni darvozaga yo‘lladi – 2:2. 

O‘yindan keyin O‘zbekiston milliy jamoasining 8 futbolchisiga eng yuqori – 5 baho, 5 futbolchisiga 4 baho qo‘yilgan. Tojikiston tarkibida esa faqat 2 ta gol muallifi Muhammadiyev eng yuqori bahoga ega bo‘lgan. 2 futbolchiga 4 baho, qolganlariga 3 baho qo‘yilgan. 

«Natijadan qoniqdim. Biroq, hamma narsani uddalamadik. Ba’zi vaziyatlarda futbolchilarimiz sust o‘ynashdi. Maydon markazida qo‘pol xatolar kuzatildi. Umuman olganda futbolchilarga e’tirozim yo‘q», dedi O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Rustam Akramov o‘yindan keyin.

Keyingi voqealar 

O‘zbekiston milliy jamoasi Markaziy Osiyo Kubogi musobaqasini Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda yakunladi. Hujumchimiz Azamat Abduraimov 6 ta gol (shundan 5 tasi penaltidan) bilan turnirning eng yaxshi to‘purari va eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. 

Tojikiston milliy jamoasi mamlakatda boshlanib ketgan fuqarolar urush sababli musobaqada oxirigacha ishtirok eta olmadi. 

1992 yil 28 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z maydonidagi birinchi o‘yinni o‘tkazdi. Bu haqdagi ma’lumotlarni keyingi maqolamizga qoldiramiz. 

Markaziy Osiyo Kubogi 1992

1-tur

17 iyun 1992 yil, Dushanbe, «Pomir» stadioni, 3000 tomoshabin

TOJIKISTON - O‘ZBeKISTON - 2:2 (0:0)

Gollar:

0:1 - Igor Shkvirin, 62

1:1 - Muhsin Muhammadiyev, 72

1:2 - Rustam Abdullayev - penalti, 74

2:2 - Muhsin Muhammadiyev, 86. 

Hakamlar: A.Kulakov, A.Mazmanyan, K.O‘rdaboyev (barchasi Qozog‘iston) 

Tojikiston: Andrey Manannikov, Hakim Fuzaylov (Arsen Avakov, 67), Anatoliy Volovodenko, Igor Vityutnev (Shuhrat Mamajonov, 51), Rashid Rahimov, Vasiliy Postnov, Umid Alidodov (O‘roz Nazarov, 77), Yuriy Baturenko, Sergey Mandreko (Anvar Asadullayev, 65), Vazgen Manasyan (Aliyor Ashurmamadov, 55); Muhsin Muhammadiyev.

Bosh murabbiy: Sharif Nazarov 

O‘zbekiston: Anvar Jabborov, Aleksandr Tixonov, Viktor Makarov, Mustafo Belyalov, Gennadiy Denisov, Ilhom Sharipov (Abdusamad Do‘rmonov, 39), Ravshan Bozorov, Qodir Ibragimov (Sergey Zavalnyuk, 46) (Rustam Do‘rmonov, 80), Mirjalol Qosimov (Andrey Pyatnitskiy, 46), Igor Shkvirin, Rustam Abdullayev

Bosh murabbiy: Rustam Akramov 

Nurmuhammad Said tayyorladi

Mavzuga oid