Jahon | 02:15 / 18.06.2022
44239
8 daqiqa o‘qiladi

«Bitta darvozaga o‘yin bo‘lyapti» – Putin Peterburg forumida nimalar dedi?

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida iqtisodiy forum o‘tkazildi. Unda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etib, uzoq nutq so‘zladi.

Putinning nutqi bir soat kechikib boshlandi. Peskovning aytishicha, forum tizimiga DDoS hujumlar bo‘lgani sabab Putin nutqini kechiktirishga qaror qilgan. Hujum oqibatida jurnalistlarning akkreditatsiyasi bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan.

Quyida uning nutqidagi asosiy iqtiboslar keltiriladi.

Foto: RIA Novosti

«Amerikaliklar o‘zini Xudoning yerdagi elchisi deb hisoblay boshlashdi»

Putin nutqi davomida dunyoda ortiq bir tomonlama tartib bo‘lmasligi haqida gapirib AQShga ishora qildi: «AQSh sovuq urushda g‘alaba qozonganini e’lon qilib olib o‘zlarini go‘yoki Xudoning Yerdagi elchisi deb hisoblay boshlashdi. Ularda majburiyat yo‘q, faqat manfaat bor. Ular oxirgi o‘n yilda dunyoda yangi markazlar paydo bo‘lganini go‘yoki ko‘rmayotgandek. Ular o‘z mustaqilligi, suverenitetini himoya qilishga haqli.

Hammasi avvalgidek bo‘ladi deb o‘ylashyapti, bunday bo‘lmaydi. Dunyodagi tartibning bir tomonlama o‘rnatilishi tugadi. G‘arbdagilar o‘tgan asr o‘lchovlari bilan fikrlab, qolganlarni ikkinchi darajali, koloniyalar deb bilishadi. Kimdir ularga bo‘ysunmasa, hisobdan chiqarishadi.

Xalqaro munosabatlar bir tomon manfaatlari uchun yo‘naltirilmoqda. Boshqacha aytganda «o‘yin bitta darvozaga bo‘lmoqda». Rossiyani yakkalab qo‘yishning esa imkoni yo‘q. Hamon birga ishlamoqchi bo‘lganlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bizni sayyoradagi aksar odamlar qo‘llaydi, yaxshisi ularni sanamay qo‘ya qolay», dedi Putin.

«Sanksiyalar kor qilmadi»

Rossiya prezidentining aytishicha, mamlakatga qarshi kiritilgan sanksiyalar kor qilmagan: «Iqtisodiy blitskrig sodir bo‘lmadi, Rossiya hukumati to‘g‘ri ishladi, xalqimiz barchasini tushunib harakat qildi, dollar 200 ga chiqib ketadi, degan gaplar o‘zini oqlamadi. Inflatsiyani jilovladik, imtiyozli ipotekalarni saqlab qoldik, hatto 7 foizgacha tushirmoqchimiz. Muhtoj qatlamga yordam beryapmiz, xullas sanksiyalar kor qilmadi.

Dunyodagi iqtisodiy holat yomonlashganiga bizning aloqamiz yo‘q, hammasiga Yevropa Ittifoqi va AQSh aybdor. Rossiyaning «maxsus harbiy amaliyoti» ular uchun qutqaruvchi vazifasini o‘tadi, endi hamma aybni bizga to‘nkashadi. Narx-navo Donbassdagi «operatsiyamiz» boshlanishidan ancha avval osmonga chiqib ketib bo‘lgandi, hali yana ko‘tariladi va AQSh, YeI bunga aybdor bo‘ladi. Rossiyaning bunga aloqasi yo‘q, biz portlarni minalashtirganimiz yo‘q. Marhamat, minalarni tozalab, eksport qilaverishsin, biz ham oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilishga tayyormiz», dedi Putin.

Rossiya prezidenti Ukraina portlari minalashtirilganini nazarda tutdi. Ukraina portlari Rossiya tomonidan egallab olingani sabab katta miqdordagi bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qila olmayapti. Bu boradagi Turkiya, BMT va boshqa davlatlar vositachiligidagi muzokaralar esa samarasiz kechmoqda.

«Bu majburiy chora bo‘ldi»

Putin nutqi davomida odatdagidek Ukrainadagi urushni «maxsus harbiy amaliyot» deb atadi. Shuningdek, «Donbassni qutqarish operatsiyasi» deb ham: «Maxsus harbiy amaliyot»ni o‘tkazish bo‘yicha qarorni majburlikdan qabul qildik. Amaliyotning barcha maqsadlari so‘zsiz bajariladi», dedi Putin. Rossiya prezidenti bu gapni aytganida zaldagilar gulduros qarsak chalishdi.

Foto: RBK

«Uyda xavfsizroq»

Putin rossiyalik tadbirkorlarni qo‘llash kerak ekanini aytib, ularga Rossiyada qolishlarini tavsiya qildi: «Yirik tadbirkorlar, mulkdorlar va boshqaruvchilarga murojaat qilmoqchiman. Haqiqiy muvaffaqiyat o‘z kelajaging, farzandlaring kelajagini vatan bilan bog‘laganda keladi. Avval aytganimdek – uyda xavfsizroq. Rossiyada qolib shu yerda investitsiya kiriting. Bu maslahatimizga amal qilmaganlar xorijga ketib milliardlab dollar yo‘qotishdi». Putinning bu gapini ham olqishlar bilan kutib olishdi.

Rossiya prezidenti mamlakatdagi demografik muammolar, tug‘ilish kamligi haqida ham gapirdi. «Rossiyaning kelajagi ikki, uch va undan ortiq farzandlari bor oilalardir», dedi Putin. Uning aytishicha, 2022 yil aprelda 100 mingdan kamroq bolalar tug‘ilgan. Bu esa 2020 yilning shu davriga nisbatan 13 foizga kam degani. Putin hukumat ushbu demografik muammo ustida ishlashi kerakligini aytdi.

«Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshi emasmiz»

Putin Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshi emasligini aytdi: «Marhamat, qo‘shilishsin, Rossiya bunga qarshi emas. Bizga muammo tug‘dirishmasa bas, Yevropa Ittifoqi harbiy blok emas. Lekin Ukraina iqtisodiyoti katta dotatsiyalar talab qiladi, shu sabab u YeIning koloniyasiga aylanib qolishi mumkin. Ukraina ittifoqqa qo‘shilish orqali iqtisodini tiklay olmaydi, chunki YeI raqobatchi yaratish uchun pul ajratmaydi».

To‘qayevning tarixiy nutqi

Peterburg forumida yirik investorlar, katta siyosatchilar ishtirok etmadi. Shu sabab sahnada Putin, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va boshlovchi vazifasini o‘tagan Rossiyaning asosiy propagandachilaridan biri Margarita Simonyan ko‘rinish berdi.

RT telekanali bosh muharriri bo‘lmish Simonyan To‘qayevdan Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyoti»ga qanday qarashi, Qozog‘istonda bunga qanday qarashayotgani haqida so‘radi. Qozog‘iston yetakchisi esa shunday javob berdi: «Ochig‘i har xil fikrlar bildirilmoqda, chunki jamiyatimiz ochiq, bizda fuqarolik jamiyati yetilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun har xil fikrlar bildirilyapti.

Men shuni aytishni istardimki, zamonaviy xalqaro huquq bu – BMT Nizomidir. Nizomdagi asosiy prinsiplardan ikkitasi hozirda bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolgan. Bu – davlatlarning hududiy yaxlitligi va millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi. BMTning barcha asoschilari o‘z vaqtida bunga e’tibor qaratishmagan ko‘rinadi. Balki atayin qilishgandir, bu ikkita prinsip hozirda bir-birini inkor qilmoqda.

Fikrlar har xil. Ayrimlar davlatlarning hududiy yaxlitligi muqaddas tushuncha deb hisoblashadi, boshqalar esa u yoki bu davlat tarkibidagi millatlar o‘z davlatiga ega bo‘lish va ajralib chiqish huquqiga ega deyishadi. Lekin, umuman olganda, agar millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi butun Yer sharida amalda ishlasa, hozir BMT tarkibiga kiruvchi 193ta davlat o‘rnida 500 yoki 600tadan ko‘p davlat paydo bo‘ladi. Albatta, bu xaosni keltirib chiqaradi.

Shu sababli ham biz na Tayvanni, na Kosovoni, na Janubiy Osetiyani, na Abxaziyani tan olamiz. Shu prinsip, bizning fikrimizcha, Lugansk va Donetsk kabi kvazidavlat hududlariga ham taalluqlidir. Bu – sizning ochiqchasiga bergan savolingizga ochiqchasiga javob», dedi To‘qayev boshlovchi Simonyanga yuzlanib.

Mavzuga oid