Jahon | 08:43 / 20.06.2022
6325
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarder Malkin Credit Suisse’dan 500 mln frank talab qilmoqda

Milliarder Vitaliy Malkin o‘zini Shveytsariya banki moliyaviy maslahatchilaridan birining firibgarlik harakatlari qurboni deb hisoblamoqda.

Foto: AFP

«Bank «Rossiyskiy kredit»ning sobiq prezidenti, «Era» xayriya fondi asoschisi, milliarder Vitaliy Malkin Shveytsariyaning Credit Suisse bankini 500 million frank undirish uchun sudga bermoqchi, deb yozadi Shveytsariyaning Sonntagszeitung gazetasi 19 iyun, yakshanba kuni.

Jurnalistlarning ma’lumotiga ko‘ra, Malkin o‘zini bank vijdonsiz moliyaviy maslahatchisining harakatlari qurboni deb hisoblamoqda va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilmoqda. Monakoda yashovchi rossiyalikning manfaatlarini AQShdan kelgan yuridik firma vakillari himoya qiladi.

2018 yilda Credit Suisse bankning Leskodron familiyali moliyaviy maslahatchisi mijoz mablag‘larini o‘zlashtirgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Hukm chiqarilganidan ikki yil o‘tgach, u o‘z joniga qasd qildi. Sonntagszeitung nashriga ko‘ra, Vitaliy Malkin uning mijozlaridan biri bo‘lgan.

Vitaliy Malkin Gruziya hukumatining sobiq rahbari, oligarx Bidzina Ivanishvilining sobiq biznes sheriklaridan biridir. Yaqinda Bermud orollari sudi Ivanishvilini moliyaviy maslahatchining noqonuniy xatti-harakatlari qurboni sifatida Credit Suisse’dan million dollar tovon puli olishi kerakligi haqida qaror chiqardi. Biroq, bankning o‘zi qarorga e’tiroz bildirish niyati haqida e’lon qilgan. 

2015 yildan beri bu borada olib borilgan barcha tekshiruvlar maslahatchi bank ichidan hech qanday yordamga ega bo‘lmasdan, yolg‘iz o‘zi harakat qilganini ko‘rsatdi, deb ma’lum qildi 19 iyun kuni Credit Suisse matbuot xizmati. U bu firibgarlikda bankning o‘zi jabrlanuvchi ekanligini ta’kidladi. 

Mavzuga oid