O‘zbekiston | 09:41 / 21.06.2022
3129
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda imtihonsiz “prava” olib bermoqchi bo‘lgan sug‘urtachi ayol ushlandi

U faoliyat olib boradigan «O‘zagrosug‘urta» ko‘chma do‘konidan 9 nafar fuqaroning shaxsiy hujjatlari, pullar va imtihon varaqalari topilgan.

Foto: Navoiy viloyati IIB

Navoiyda imtihonsiz haydovchilik guvohnomasi olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro S.S. haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihon topshirish maqsadida Navoiy viloyati IIB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga borganida uni «O‘zagrosug‘urta» ko‘chma do‘konida faoliyat olib borayotgan A.I. suhbatga tortgan. Suhbat jarayonida u S.S.ga 2 mln 300 ming so‘m pul evaziga haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olib berishni va’da qiladi.

IIV ShXBB Navoiy viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.I. kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, u faoliyat olib borayotgan «O‘zagrosug‘urta» ko‘chma do‘konida 9 nafar fuqaroning shaxsiy hujjatlari, pullar hamda imtihon varaqalari borligi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid