O‘zbekistonda Tojikistondan o‘tkazilgan giyohvand moddalar bilan ushlangan narkosavdogarlarga sud hukmi o‘qildi
O‘zbekistonda narkosavdogarlarga sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
1984 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro M.B. muqaddam narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlanib, ma’lum bir muddat ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘taganidan keyin, axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan vaqtida, yana shunday jinoyatga qo‘l urdi.
U 2021 yil sentabr oyida Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent shahrida yashovchi shaxs tomonidan Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani hududiga o‘tkazilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 9 kg 751 gr “opiy” giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Aniqlanishicha, tojikistonlik narkosavdogar ushbu ajal og‘usini keyinroq kerakli manzilga yetkazib berishi uchun samarqandlik narkokurerga 10 ming AQSh dollari berishi lozim bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarga nisbatan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
2021 yil sentabr oyida qayd etilgan boshqa holatda esa DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “Kia-Bongo” rusumli avtomashina Samarqand viloyatining “Yuqori nuqta” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda ketayotgan Samarqand shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan H.Z. va 1991 yilda tug‘ilgan M.X.ga tegishli 5 kg 953 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ular Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan ushbu ajal og‘usini O‘rikzor bozori yonida noma’lum shaxslardan qabul qilib olib, kelgusida uni sotish orqali mo‘may daromad topishni maqsad qilgan. Giyohvandlik vositasi uchun ular tojikistonlik narkosavdogarga 36 ming AQSh dollari bergan.
Sud hukmiga ko‘ra qonunbuzarlar Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, har biriga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
17:52 / 04.12.2024
Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy davlat chegarasini delimitatsiya qilishni yakunladi
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
16:34 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani yosh bolalar xivchin bilan savalangani aks etgan videoga munosabat bildirdi
12:26 / 15.11.2024