Rostovdagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in ro‘y berdi. Unga dronlar bilan hujum qilingan
Yong‘in hududidan ikkita dron qoldiqlari topilgan.
Rostov oblastining Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodida ikkita dron orqali yo‘llangan zarbalardan keyin yong‘in ro‘y berdi. Mahalliy rasmiylar bu hodisani ukrain harbiylaridan gumon qilmoqda. Bu so‘nggi uch kun ichida bu kabi ikkinchi hujum bo‘ldi - annexia qilingan Qrim hukumati ham dushanba kuni Ukraina tomonini «Chernomorneftgaz» burg‘ilash platformasiga hujum uyushtirishda ayblagandi. Kiyev ikki hodisaga ham hozircha munosabat bildirmadi.
Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodida ma’lum qilishlaricha, korxona hududida yong‘in ikkita uchuvchisiz uchish qurilmalari zarbalaridan keyin chiqqan. Dastlabki zarba Moskva vaqti bilan soat 08:40 da, ikkinchisi soat 09:23 da qayd etilgan. FVVning Rostov oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabar qilishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar mahalliy vaqt bilan soat 9:25 da (Moskva vaqti bilan bir xil) yetib kelgan.
Zavod sayti xabarida aytilishicha, birinchi zarba ELOU-AVT-2,5(I) neftni qayta ishlash blokining texnologik uskunasiga kelib tushgan. Havo sovitkichlarining bosimi tushishi natijasida uglevodorod gazi ajralib chiqqan, portlash va yong‘in ro‘y berib, yon atrofdagi zavod uskunalariga tarqalgan.
Ikkinchi zarba neft xomashyosi saqlanadigan obektlarga yo‘llangan. Zarba natijasida rezervuar parki uskunalari mexanik shikastlangan, zavod saytida aytilishicha, bu holatda yong‘in ro‘y bermagan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in maydoni 50 kvadrat metrni tashkil etgan, soat 10:50 da yong‘in butunlay o‘chirilgan. Qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot yo‘q.
Zavod Novoshaxtinsk shahri yaqinida, Ukraina chegarasidan 15 kilometr masofada joylashgan.
TASS mahalliy hukumat organlaridagi manbasiga tayanib xabar berishicha, yong‘in zavod konstruksiyasiga ukrainlar droni kelib urilishidan keyin boshlangan.
«Yong‘in arafasida xodimlar ukrainlar uchuvchisiz uchar qurilmasini ko‘rishgan. U zavod konstruksiyasiga urilgan, shundan keyin portlash va yong‘in ro‘y bergan», degan agentlik suhbatdoshi.
Agentlikning kuch ishlatar tuzilmalardagi manbasi zavod hududida ikkita ukrain droni uchib o‘tganini ma’lum qilgan.
Keyinroq Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubev zavod hududidan ikkita dron bo‘laklari topilganini xabar qildi.
«Versiyalardan biriga ko‘ra, yong‘in uchuvchisiz uchish qurilmasi bilan zavodning texnik qurilmalariga hujum qilinishi oqibatida kelib chiqqan. Zavod hududida ikkita uchuvchisiz uchish qurilmasi bo‘laklari topilgan. Zavod faoliyati to‘xtatilgan. Tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda», deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.
Ijtimoiy tarmoqlarda zavod hududida yong‘in boshlanishi arafasida dron uchib o‘tayotgani aks etgan video tarqalgan.
Harbiy tahlilchilar taxminiga ko‘ra, bu ukrainlarning havo razvedkasi va jangovar qo‘llash uchun mo‘ljallangan PD-1 yoki PD-2 dronlari bo‘lishi mumkin.
PD-1 va PD-2 qurilmalarining maksimal yuk tashish imkoniyati 22 kg.ni tashkil etadi, ammo bu holatda dronlar katta hajmdagi jangovar kallakni tashish uchun modifikatsiya qilingan bo‘lishi ham mumkin.
Ukraina tomoni hozircha hodisa yuzasidan munosabat bildirmadi. Rossiya mudofaa vazirligi ham bu borada bayonot bermagan.
20 iyun kuni annexia qilingan Qrim yaqinida joylashgan «Chernomorneftgaz» kompaniyasining burg‘ilash platformalarida yong‘in ro‘y bergandi, bu yerga Odessadan qisqa vaqt ichida raketa uchib kelishi mumkin. Annexia qilingan yarimorol rahbari Sergey Aksenov platformaga ukrain harbiylari hujum qilganini aytgan. Kiyevdagilar buni tasdiqlamagan.
Ukrainada urush boshlanganidan buyon Rossiyaning chegara hududidagi oblastlari rahbarlari artilleriya zarbalari va portlashlar haqida xabarlar berishgan, ularning ko‘p qismi davom etayotgan harbiy harakatlar bilan bog‘liq.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi agar operativ vaziyat talab etgudek bo‘lsa, harbiy harakatlarni Rossiyaning chegaradosh hududlariga o‘tkazish mumkinligini istisno etmagandi. Shu vaqtda prezident Volodimir Zelenskiy ukrain harbiylari Rossiya hududi bo‘ylab zarba berayotganini rad etgandi.
1 aprel kuni Belgoroddagi neft bazada portlashlar va yong‘in ro‘y bergandi. Bazaga ikkita harbiy vertolyot orqali zarba berilgan, Rossiya mudofaa vazirligi hujumda Ukrainani ayblagan. Ukraina hukumati bu hujum to‘g‘risidagi ma’lumotni izohlamagan.
Zavod haqida nimalar ma’lum?
Novoshaxtinskdagi zavod - Rostov oblastidagi yagona neftni qayta ishlash zavodi va Rossiya janubini neft mahsulotlari bilan ta’minlovchi eng yirik manba bo‘lib, 2009 yilda foydalanishga topshirilgan.
2019 yilda, zavod saytidagi ma’lumotga ko‘ra, korxonada keng ko‘lamli modernizatsiya dasturi boshlangan, unga ko‘ra, «2027 yilga qadar uning ishlab chiqarish quvvatini oshirish, mahsulotlar qatorini kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratish» ko‘zda tutilgan.
2021 yil fevralida zavod ukrain sanksiyalariga uchragan, o‘sha yil aprelida esa «PeTON» qurilish pudratchisi uning 93 foiz aksiyalariga egalikni qo‘lga kiritgan (yana 7 foiz aksiyalar zavodning o‘zida qolgan).
Bunga qadar aktiv Kiprdagi ikki ofshor kompaniyalar - Ventolor Investmens Ltd (60 foiz) va Teteos Global Ltd (33 foiz)ga tegishli edi, OAV ma’lumotiga ko‘ra, ularning ortida Ukrainaga bosqin boshlangach, davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olingan ukrain siyosatchisi va biznesmen, Putinning kumi Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenko turadi.
Mavzuga oid
13:50 / 03.10.2024
Chitada 13 kishi diversiyalar uchun 23 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi
13:35 / 22.08.2024
Rostov oblastida dronlar hujumiga uchragan neft bazadagi yong‘in beshinchi kunda ham davom etmoqda
16:57 / 06.08.2024
Rossiya ukrain harbiylari Kursk oblastiga bostirib kirishga uringani haqida xabar qildi
17:10 / 26.07.2024